Munosabat: Inflyatsiya darajasini jilovlash - ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikning asosi
13/12/2018 - 17:50 15192
Ma'lumki, inflyatsiya darajasi (narxlarning oshishi) mamlakatning bevosita makroiqtisodiy rivojlanishi, aholi daromadlari va turmush farovonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qiluvchi ko‘rsatkich hisoblanadi.
Biz xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish, ularning yaxshi yashashlari uchun sharoit yaratish yo‘lidan borayotgan ekanmiz, eng avvalo, ichki bozordagi narxlarning barqarorligini ta'minlashga erishishimiz zarur.
Mazkur masalaning dolzarbligi Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi ma'ruzasida ham yaqqol o‘z aksini topdi. Ushbu ma'ruzada inflyatsiya darajasini jilovlash maqsadida aynan nimalarga alohida e'tibor qaratish lozimligini aniq ko‘rsatib berildi. Jumladan, imtiyozli kreditlar ajratish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Haqiqatdan ham, iqtisodiyotda narxlarning o‘sishiga ta'sir qiluvchi eng asosiy omillardan biri, bu - muomaladagi ortiqcha pul massasi ekanligi iqtisodiyot nazariyasidan hammamizga ma'lum. Imtiyozli kreditlar - bu davlat byudjeti yoki Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bozor stavkasidan ancha past bo‘lgan stavkada taqdim etiladigan kreditlar hisoblanadi. Mazkur kreditlar oxir-oqibat qo‘shimcha pul massasi sifatida chiqarilib, iqtisodiyotda qo‘shimcha talabni vujudga keltiradi hamda agar ulardan samarali foydalanish ustidan qat'iy nazorat o‘rnatilmasa, iqtisodiyotda narxlarning oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababdan ham ma'ruzada imtiyozli kreditlarni ajratish bo‘yicha aniq mezon o‘rnatildi, ularni ajratish hisobiga Davlat byudjeti va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari 2019 yilda oshmasligi lozim. Mazkur holat muomaladagi pul massasi oshishining oldini oladi va narxlar barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlashning yana muhim yo‘nalishlaridan biri, bu - ichki bozorda raqobat muhitini yanada rivojlantirish, iste'mol tovarlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning xomashyo resurslaridan hech qanday cheklovlarsiz foydalanishlari uchun qulay sharoit yaratish hisoblanadi.
Buni qanday amalga oshirish mumkin, degan savol tug‘iladi?
Birinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarini yetarli miqdordagi tabiiy gaz va elektr energiya bilan ta'minlash. Bu maqsadga erishish uchun, avvalo, iqtisodiyot strategik tarmoqlarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash talab etiladi. Moliyaviy sog‘lomlashtirish esa bevosita mazkur korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarga narx shakllanishi mexanizmini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq. Uzoq yillar davomida samarasiz narx shakllanish tizimining qo‘llanilishi iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining zarar bilan ishlashiga, bu esa o‘z navbatida, boshqa sohalarni yetarli miqdordagi elektr energiya va tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini cheklab qo‘ygan edi. O‘tgan ikki yil davomida mazkur tarmoqlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, narx shakllanishining zamonaviy usullarini qo‘llash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ikkinchidan, xomashyo resurslarini bozor mexanizmlari asosida realizatsiya qilish tizimini joriy qilish. Haqiqatdan ham, xomashyo resurslaridan foydalanish uchun barcha tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoitlarning yaratilmaganligi mazkur sohada raqobat muhitining rivojlanishiga katta to‘siq bo‘lib, korrupsion elementlarning rivojlanishi uchun sharoit yaratardi. O‘tgan yildan boshlab barcha resurslarning bozor mexanizmlari asosida faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilish mexanizmining joriy qilinishi natijasida barcha uchun teng sharoitlar yaratilishi bilan birgalikda korxonalarning moliyaviy holati yaxshilanishiga erishildi.
Uchinchidan, ichki bozorni iste'mol tovarlari bilan to‘yintirish maqsadida mazkur tovarlar bo‘yicha egiluvchan bojxona tariflarini joriy qilish.
Mazkur yo‘nalishda bojxona to‘lov stavkalari qayta ko‘rib chiqilib, 2019-yildan boshlab 3,5 mingga yaqin tovarlar bo‘yicha boj miqdori va 800 ga yaqin tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari kamaytirilishi belgilab qo‘yildi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish lozimligi yuqoridagi ma'ruzada ham alohida ta'kidlandi.
Darhaqiqat, aholi turmush farovonligini ta'minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri, bu - narxlarni erkinlashtirish sharoitida aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilishdir.
Ma'lumki, joriy yilning 15-sentyabridan boshlab, non va un narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha tegishli hukumat qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida har bir oila a'zosiga davlat byudjeti hisobidan eng kam oylik ish haqining o‘n foizi miqdorida kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish belgilab qo‘yildi. Jumladan, ijtimoiy ehtiyojmand aholining yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarini qoplab berish maqsadida byudjet mablag‘lari hisobidan joriy yilning oktyabr-dekabr oylarida 520 mingta kam ta'minlangan oilalarga va 1 mln. nafar pensionerlarga 111 mlrd.so‘m kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirildi.
Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish bo‘yicha ijtimoiy me'yorlarni kiritish orqali davom ettirish nazarda tutilmoqda. Ushbu tizimning mohiyati shundan iboratki, ijtimoiy me'yor doirasida sarflangan elektr energiya va tabiiy gaz uchun belgilangan tariflar asosida to‘lovlar amalga oshirilsa, ushbu me'yordan ortiq sarflangan elektr energiya va tabiiy gaz uchun amaldagi tariflarga ma'lum koeffitsiyent qo‘llagan holda (masalan 2 marta) to‘lovlar amalga oshiriladi.
Ushbu holat birinchidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish imkonini bersa, ikkinchi tomondan elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali foydalanish imkonini beradi.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan ishlar negizida ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlash va shu orqali aholi turmush darajasini yaxshilashga erishish yotadi.
Akrom Mo‘minov,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Makroiqtisodiy soliq-byudjet va pul-kredit siyosatlari muvofiqligini ta'minlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.