Nonning narxi va qadri nimada...
27/09/2018 - 10:27 23286
Bugun hayot tezkor rivojlanmoqda. Talab va taklifga asoslangan bozor munosabatlari yangidan yangi iqtisodiy qonunlar, tartiblarni joriy etilishini taqozo etmoqda. Ana shunday hayotiy zaruriyatlar sababli qabul qilingan me'yoriy hujjatlardan biri - mamlakat aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta'minlash chora-tadbirlarini o‘zida mujassam etgan Hukumat qaroridir. Unga ko‘ra, joriy yilning 15-sentyabridan boshlab 1 kilogramm 1-nav bug‘doy unining ulgurji narxi 1 400 so‘m, bir dona qolipli nonning erkin bozor narxi 1050 deb belgilandi va sotilmoqda.
Shu sababli aholi o‘rtasida don, un va non mahsulotlarining narxlari va ular o‘rtasidagi tafavutlar yuzasidan ayrim tushunmavchiliklar paydo bo‘lmoqda va ular tomonidan turli davlat tashkilotlari, idoralariga ko‘plab murojaatlar tushmoqda.
Ushbu murojaatlarga umumlashgan javob tarzida mazkur maqola dunyoga keldi. Shuningdek, maqolada mutaxassis tomonidan yuqorida nomi tilga olingan qarorning mazmun-mohiyati to‘liqroq ochib berishga harakat qilinadi.
Avvalombor, qaror matni diqqat bilan o‘qib chiqilsa, gap barcha un, don mahsulotlariga emas, balki faqat davlat tizimidagi bozor narxlaridan past bo‘lgan qolipli non ishlab chiqaruvchilariga taqsimlanayotgan unning narxi to‘g‘risida ekanligi yaqqol ayonlashadi. Qolaversa, qarorda boshqa un va dondan ishlab chiqariladigan mahsulotlar narxi to‘g‘risida umuman hech narsa deyilmagan. Chunki yopilgan non va boshqa non mahsulotlari tarkibiga davlat tomonidan narxi pasaytirilgan un qo‘shilmaydi. Ularga ishlatiladigan un ichki bozor narxlarida sotib olingan hamda import orqali keltirilgan un mahsuloti hisoblanib, ularning narxi bozor talablari asosida allaqachonlar shakllantirilgan. Shuningdek, bundan keyin ham bu toifadagi unning narxi talab va taklif asosida shakllanib boraveradi.
Demak biz, bu ikki muhim jihatga e'tiborimizni alohida qaratishimiz lozim bo‘ladi.
Moziyga qaytib
Ta'kidlash joiz, bozor munosabatlariga o‘tish judayam murakkab, uzoq davom etadigan uzluksiz jarayondir. Dunyoning taraqqiy etgan davlatlari, xususan Yevropa mamlakatlarida normal bozor iqtisodiyoti tadrijiy asosda, ya'ni asrlar davomida rivojlanib hozirgi ko‘rinishga kelgan. Ayni paytda bu mamlakatlarda bozor munosabatlari yanayam tezkor takomillashib borayotir. Zero, talab va taklif asosida shakllanadigan baho, o‘zaro halol raqobat muhiti mavjud bo‘lgandagina bozor munosabatlari paydo bo‘ladi va risoladagidek faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Xo‘sh, mamlakatimizda bu jarayonlar qanday kechdi?
Ma'lumki, davlatimiz tomonidan mustaqillikning ilk davrlaridanoq bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘zi xos besh tamoyili ishlab chiqildi. Bozor munosabatlari shu asosda bosqichma-bosqich va izchil rivojlantirib borildi. Ana shu tamoyillardan biri, bu kuchli ijtimoiy siyosat yurgizish edi. Chunki o‘sha davrda respublika aholisining qariyb yarmisini bolalar va yoshlar, keksalar tashkil etib, ular ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam hisoblanardi. Shu boisdan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga mo‘ljallangan turli imtiyozlar, kompensatsiyalar, chegirmalar qo‘llanila boshlandi. Un, don ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlar davlat tomonidan taqsimot asosida ajratilishi ham ana shu tamoyilning bir ko‘rinishi edi.
Shuni aytish kerakki, shu davrga qadar qo‘llanib kelingan himoya usuli bozor iqtisodiyoti qoidalarini biroz cheklagandek edi. Bundan tashqari, bunday imtiyozlar ortidan ayrim nopok kimsalar o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanish imkonini ham topishdi.
Natijada vaqtlar o‘tib, bunday holat ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida turli adolatsizlik, tengsizliklarning, chunonchi, tanish-bilishchilik, korrupsiyaning avj olishiga sabab bo‘la boshladi. Ushbularning oldini olish hamda xalqaro amaliyotda keng foydalanib kelinayotgan aniq tizimli himoyaga o‘tish zaruriyati davlat tizimidagi ishlab chiqaruvchilarga un mahsulotlarining narxini oshirilishiga sabab bo‘lgan omillardan biriga aylandi.
Xalqaro tajriba - davr talabi
Darhaqiqat, bozor munosabatlari rivojlangan davlatlar tajribasi aholini bunday himoya qilish tizimi samarasiz ekanini ko‘rsatmoqda. Chunki, asosiy maqsad aholining ehtiyojmand qismini qo‘llab-quvvatlash ekan, bunday holatda ularni aniq manzilli himoya qilish talab etiladi. Yashirishning hojati yo‘q, mamlakatimizda yaratilgan bunday imtiyozdan shu paytgacha aholining barcha qatlami bir xil tarzda foydalanib kelishdi. Oqibatda, haqiqiy ehtiyojmand qatlam chetga chiqib qoldi. O‘zingizga bir tasavvur qiling, aholining asosiy iste'mol qiladigan non mahsulotlariga narx 4 yil davomida o‘zgarmay keldi. Tabiiyki, bu yillar davomida davlatimiz tomonidan nonga bo‘lgan narx dotatsiya (davlat byudjeti - umumxalq mablag‘i) hisobidan qoplab kelindi.
Yana bir jihat. O‘zbekistonning asta-sekin xalqaro aloqalari kengayib, o‘zaro tovar ayirboshlash sur'ati kuchayib bordi. Bu, albatta ichki bozorimizning narx-navosiga ta'sir ko‘rsatmay qolmasdi. Birgina un masalasiga keladigan bo‘lsak, uning narxi qariyb barcha MDH davlatlari, jumladan yaqin qo‘shni mamlakatlar ichida ham eng arzon edi.
Ma'lumot uchun: O‘zbekistonda qolipli non narxi oxirgi marta 2014-yil sentyabrida 50 so‘mga qimmatlab, 650 so‘m etib belgilangan.
Shu ma'noda Hukumatimiz bu qarorni ishlab chiqarishga ketgan xarajatlarning bugungi kundagi real narxlariga e'tibor qaratish, ularning sifatini yaxshilash, ishlab chiqaruvchlar, iste'molchilar va boshqa bozor munosabatlari ishtirokchilarining bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin faoliyat yuritishiga sharoit yaratish maqsadida qabul qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbular narxni ko‘tarishning navbatdagi omili sanaladi.
Nimani etsang xor...
Yuqoridagi qaror e'lon qilinishining sabablaridan yana biri, bu xalqimiz dasturxonining ko‘rki sanalgan nonning qadriga yetishga qaratilgan da'vat hamdir. Rost-da, oxirgi paytlarda bir dona “Buxanka”ning narxi qo‘y-molga beriladigan yemish-ozuqaning bir kilogramm narxidan ham pastga tushib ketdi. Natijada holat shu darajaga yetib bordiki, hatto ayrim hamyurtlarimiz, “buxanka”larni qoplab sotib olib, ular bilan uyidagi qo‘y-molini boqa boshladi...
Bundoq aqlni peshlab, bir o‘ylab ko‘raylik. Axir, Yaratgan ham insoniyatga uning tabiatiga mos noz-ne'matlarni, boshqa maxluqotga esa boshqa ne'matlarni rizq qilib bergan-ku! Shunday ekan, odamzodning azaliy rizqi sanalgan nonni boshqa maxluqotga berish, nazarimizda judayam to‘g‘ri emasdi. Binobarin, muqaddas kitobimizda, “Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar”, deya bot-bot takrorlanadi.
Ko‘rinar ko‘rinmas holatlar
Afsuski, hozirda bozorlar va do‘konlarda yana bir achinarli manzara sodir bo‘lmoqda: ayrim yurtdoshlarimiz non va un mahsulotlarini zaxira sifatida jamlashmoqda. Tasavvur qiling, siz oilangiz bilan bir kunda ikkita “buxanka” iste'mol qilasiz. Endilikda siz 2 ta “buxanka” non o‘rniga 4 tasini sotib olyapsiz. Ya'ni, oddiy so‘zlar bilan aytganda, siz do‘konga chiqib, o‘zingiz odatda oladigan non mahsulotini ikki barobar ko‘p miqdorda xarid qilyapsiz. Bu bilan siz do‘konga, masalan deylik, har kuni 100 dona keltiriladigan “buxonka”dan o‘zingizga “tegishli” bo‘lgan 2 tasining o‘rniga endilikda 4 ta sotib olib, sizdan keyingi xaridorning 2 ta buxankasini ham olib ketib qolyapsiz, boshqacha aytganda, bir yurtdoshingizning “rizqini qiyayapsiz”.
Endi tasavvur qilaylik, bunday holat birgina mahallada emas, balki tumanlar, viloyatlar bo‘yicha bo‘lsa-chi? Mamlakat miqyosida tarqalsa-chi? Qarabsizki, tez orada iste'molchiga non mahsulotlari yetkazilishida uzilishlar yuzaga keladi, sun'iy defitsitlar paydo bo‘ladi. Albatta, bunday noxush holatlar uzoq vaqt davom etmaydi. Biroq, u vaqtincha bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida bir qator noqulayliklar yaratadi, isrofgarchilikni yuzaga chiqaradi. Aslida, bunday faqat o‘zini o‘ylab qilingan xatti-harakatlar bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, mehr-oqibat singari azaliy qadriyatlarimizga putur yetkazadi. Bu, bor-yo‘g‘i, kichkina bir misolcha, xolos.
Yana shuniyam aytish kerakki, qarorda ko‘rsatilgan un mahsulotlari narxining oshishi ularning zaxirasiga hecham bog‘liq emas. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizning oziq-ovqatlar zaxirasi, jumladan, un mahsulotlari zaxirasi xalqaro me'yorlarga to‘liq javob beradi.
Ma'lumot uchun: Bugun “O‘zdonmahsulot” AK tizimida 44 ta yirik korxona va uning 25 ta filiali hamda 300 dan ortiq xususiy un ishlab chiqarish, shuningdek, 3 mingdan ziyod qolipli non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritib kelmoqda.
Respublika aholisining un mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojining bir qismi davlat resursi hisobidan amalga oshirilib, qolgan qismi joylardagi fermer va aholi ixtiyoridagi don hamda import orqali kirib kelgan bug‘doy va un hisobidan qoplanadi.
Yangi qaror - yangi afzalliklar
Xo‘sh, mamlakat aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorning va bu sohada yaratilgan tizimning asosiy afzalliklari nimalardan iborat?
Birinchidan, endilikda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida raqobat kuchayadi. Ishlab chiqaruvchi nonni sotish uchun sifatini yaxshilashga harakat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mahsulotning sifatiga ta'sir ko‘rsatadi. Natijada, aholi sifatli non mahsulotlari bilan ta'minlanadi.
Ikkinchidan, talab va taklif asosida non mahsulotlarining turlari kengayadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari barpo etiladi.
Uchinchidan, davlatimiz rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya etish mexanizmini yo‘lga qo‘ydi. Ya'ni aniq manzilli ta'minot tamoyiliga o‘tildi. Kompensatsiya ishlab chiqaruvchiga emas, balki iste'molchiga qaratildi. Endilikda non ishlab chiqaruvchi o‘zining sifatsiz mahsulotini aholiga tiqishtira olmaydi. Non ishlab chiqishda iste'molchining talabi birinchi o‘ringa chiqadi.
Yuqoridagi qarorga muvofiq, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga 2018-yil 1-oktyabrdan boshlab un va qolipli non olish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi (18 400 so‘m) miqdorida kompensatsiya to‘lovi to‘lab beriladi. Berilayotgan kompensatsiya puxta hisob-kitob qilingan va unning narx oshgan qismini to‘liq qoplaydi.
* * *
Aziz mushtariy! Non eng aziz ne'mat! Xalqimizda “Nonning ushog‘i ham non” degan ibratli naql bor. Shunday ekan, hatto yerdan topgan non bo‘lagini peshonasiga surtib e'zozlagan ota-bobolarimiz qadriyatlariga biz ham sodiq qolaylik.
Aslida nonning narxi ham, qadri ham ana shunda...
O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi
Axborot xizmati