O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori loyihasi

26/08/2018 - 18:13 8386

Mazkur Qaror loyihasi "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" portaliga joylashtirilgan.

2018-2019-yil qish-bahor mavsumida respublika aholisi va ijtimoiy soha muassasalarini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida 

Aholi hamda ijtimoiy soha muassasalari ehtiyoji uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qish va bahor mavsumi uchun zahiraga jamg‘arish ishlarini samarali tashkil etish, xususan zahira hajmlarini hududlar va muassasalar kesimida aniqlash, mahsulot yetishtiruvchilar hamda zahira qiluvchi korxonalar o‘rtasida shartnomalar tuzilishini va ularni moliyalashtirish masalalarini hal etish, mavjud omborxonalar va sovutkichli sig‘imlarni to‘liq jalb qilish, mahsulotlarni sifatli saqlash va qish-bahor oylarida ichki iste'mol bozoriga tizimli yetkazib berish hisobiga narxlarni barqaror saqlanishini ta'minlash maqsadida:

1. 2017-2018-yillari qish-bahor davri uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arish davrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kerakli hajmlarda saqlash uchun sovutgichki kameralar va omborxonalarning yetishmasligi natijasida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arish rejasi Toshkent shahri (43,6%), Jizzax (88,2%), Sirdaryo (89,2%) va Toshkent viloyatlarida (97,6%) bajarilmaganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin hamda ushbu kamchiliklar 2018-2019-yil qish va bahor mavsumida qaytarilmasligi choralari ko‘rilsin, rejani bajarmagan Toshkent shahar va tegishli viloyat hokimliklari qat'iy ogohlantirilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatzahira” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan 2018-2019-yil qish va bahor mavsumiga ichki iste'mol bozori maqsadlari uchun:

asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arishning umumiy prognoz hajmlari 1-ilovaga muvofiq;

asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arishning tayyorlov tashkilotlari kesimida prognoz hajmlari 2-ilovaga muvofiq;

“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi xududiy korxonalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arish prognoz hajmlari 3-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan jalb qilinadigan xududiy tayyorlov tashkilotlari tomonidan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arish prognoz hajmlari 4-ilovaga muvofiq;

Sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish prognoz hajmlari 5-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi muassasalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish prognoz hajmlari 6-ilovaga muvofiq; 

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi muassasalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish prognoz hajmlari 7-ilovaga muvofiq;

asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arishning reja-jadvali 8, 8a - 8g-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlarning hokimlari zimmasiga - mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq, 2018-2019 yillar qish-bahor mavsumiga zaxiraga g‘amlash uchun zarur hajmlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, shu jumladan takroriy ekin maydonlarida yetishtirish, ekilgan yerlarda shunday mahsulotlar yetishtirishni ta'minlash yuzasidan;

“O‘zbekoziqovqatzahira” uyushmasi raisi Z.O. Fayziyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga - mazkur qarorning 1, 3 va 4-ilovalariga muvofiq, 2018-2019 yillar qish-bahor mavsumida ichki iste'mol bozorini ta'minlash uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini harid qilishga o‘z vaqtida shartnomalar tuzish va zaxiraga g‘amlash hamda ichki iste'mol bozorida talab-ehtiyojni hisobga olgan holda ularning sotilishi va narx-navoning o‘sishiga qo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan;

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni Saqlash vazirligi (Shadmanov), Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov), Maktabgacha ta'lim vazirligi (Shin) zimmalariga - mazkur qarorning 5, 6 va 7-ilovalariga muvofiq, ijtimoiy soha muassasalarining ehtiyojlari uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini harid qilishga o‘z vaqtida shartnomalar tuzish va zaxiraga g‘amlash hamda ulardan samarali va maqsadli foydalanilishi yuzasidan;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Xaydarov) zimmasiga - mazkur qarorning 5, 6 va 7-ilovalariga muvofiq, asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini 2018-2019 yillar qish-bahor mavsumiga zaxiraga g‘amlash uchun ijtimoiy soha muassasalarini va ular tomonidan jalb etiladigan tayyorlov tashkilotlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, “O‘zbekoziqovqatzahira” uyushmasi bilan birgalikda joriy yilning 1 sentyabriga qadar 2018-2019 yillar qish-bahor mavsumiga asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga g‘amlash uchun mahsulot ishlab chiqaruvchilar, tayyorlov tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini ta'minlasin.

Tuzilgan shartnomalarning natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma'lumot berilsin.

5. 2018-2019 yil qish va bahor mavsumi uchun ichki iste'mol maqsadlariga asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arish va savdoga chiqarish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tarkibi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika ishchi guruhi (Mirzayev)ga:

qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hududlar kesimida zaxiraga jamg‘arishning belgilangan prognoz hajmlarini bajarilishi yuzasidan monitoring natijalarini tanqidiy muhokama qilib borish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholi ehtiyojiga nisbatan kam yetishtiriladigan hududlar zaxirasi uchun yetishmaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi ehtiyojdan ortiqcha bo‘lgan hududlar hisobidan qoplash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

mahalliy hokimliklar hamda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tomonidan zahira tadbirlariga jalb etilgan tayyorlovchi tashkilotlar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida mahsulot yetkazib berish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktatsiya shartnomalari tuzish ishlarini samarali tashkil etilishini nazorat qilish;

zahira tadbirlariga jalb etilgan tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan zaxira maqsadlari uchun talab etiladigan mablag‘lar bo‘yicha talabnomani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘z vaqtida taqdim etilishini, mablag‘larni ajratilishini va ularni maqsadli ishlatilishini nazorat qilish;

zahira maqsadlari uchun omborxonalar va sovutkichli sig‘imlar yetishmayotgan hududlarga boshqa hududlardagi ortiqcha sig‘imlarni biriktirish hisobiga mavsum davomida mavjud sig‘imlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish;

qish-bahor oylarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ichki iste'mol bozorida narxlar kon'yunkturasini doimiy monitoringini yuritish va o‘zgarishini bashorat qilish asosida narxlarning keskin tebranishini oldini olish maqsadida ilovalarga muvofiq tasdiqlangan tarmoq jadvallari ijrosini nazoratga olish va zarur hollarda unga tegishli tuzatishlar kiritish;

mahsulotlarni zaxiraga jamg‘arishning belgilangan prognoz hajmlari va sotishga chiqarish tarmoq jadvallari bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijalari asosida zahira maqsadlari uchun mahsulotlarni harid qilish, tayyorlash, saqlash va sotish bilan bog‘liq aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifalari yuklatilsin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, "O‘zbekoziqovqatzahira" uyushmasi:

joriy yilning 1 sentyabriga qadar muddatda tayyorlov korxonalarining omborxonalari va sovutish sig‘imlari 2018-2019 yillar qish-bahor mavsumida g‘amlanishi lozim bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hajmlariga mos omborxonalar va sovutish sig‘imlarini xatlovdan o‘tkazsin, xatlov natijalariga ko‘ra, ijtimoiy soha muassasalari uchun belilangan hajmlarni saqlashga, yetkazib berishga ixtisoslashgan korxonalar ro‘yxatini alohida ko‘rsatgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma'lumot taqdim etsin hamda ana shu mahsulotlarning nes-nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin;

mazkur qarorning 1, 3 va 4-ilovalaridagi prognoz xajmlarga muvofiq 2018-2019-yillar kish-bahor mavsumida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘la hajmda va belgilangan muddatlarda g‘amlab qo‘yilishini ta'minlasin;

2019-yilning 1-yanvariga qadar, tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida, zaxiraga qo‘yilgan mahsulotni ichki iste'mol bozoriga yetkazib berish va savdo nuqtalarini belgilangan tartibda joylashtirish jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Bunda mahsulotlar respublikaning barcha mintaqalari, shu jumladan tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlari bo‘yicha bir tekis taqsimlanishi hisobga olinsin;

2018-yilning 1-dekabridan 2019-yilning 15-may kunigacha bo‘lgan davrda zaxira qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini savdo shahobchalariga yetkazib berishning tarmoq jadvallari bajarilishi ustidan har hafta monitoring olib borilsin, uning natijalari bo‘yicha Respublika ishchi guruhiga tegishli axborot har o‘n kunda taqdim etib borishni ta'minlasin.

mavjud muammoli masalalar bo‘yicha ularni hal etish yuzasidan aniq takliflar bilan Respublika ishchi guruhiga axborot taqdim etgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini g‘amlash va chiqarishning tasdiqlangan jadvallari qanday bajarilayotganligini xar o‘n kunda monitoring qilib borsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot  vazirligi, Qoraqalpoqiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, “O‘zbekoziqovqatzahira” uyushmasi bilan birgalikda 2018-2019-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arilgan xamjlaridan kelib chiqib 2018-yilning 15-noyabriga qadar asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki iste'mol bozoriga chiqarilib sotilishi va ijtimoiy soha muassasalarinng ehtiyoji uchun ishlatilishi “2018-yilning 1 dekabridan 2019-yilning 31-may kunigacha” bo‘lgan muddatlardagi  tarmoq jadvalarini ishlab chiqib tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. 2018-2019-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga g‘amlash bo‘yicha belgilangan hajmlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

3 va 4-ilovalarda ko‘rsatilgan “O‘zbekozikovqatzahira” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan jalb etilgan tayyorlov tashkilotlari uchun - xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning o‘z aylanma mablag‘lari va tijorat banklarining imtiyozli kreditlari;

5, 6 va 7-ilovalarida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha ta'limi vaziri muassasalari uchun - byudjet mablag‘lari va byudjetdan tashqari mablag‘lar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-sonli qarori bilan tuzilgan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi (A.N. Aripov) byudjet tashkilotlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini xarid qilish bo‘yicha cheklangan narxlarni o‘rnatsin.

Zarur bo‘lgan xolatlarda 2018-2019-yil qish va bahor mavsumiga asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arish uchun talab etiladigan mablag‘lar “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining buyurtmalariga asosan Ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini monitoringi va nazorat qilish bo‘yicha Respublikasi komissiyasining maxsus ruhsati asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

Zaxira maqsadlari uchun jamg‘arma hisobidan ajratilgan mablag‘lar tarmoq-jadvaliga asosan mahsulotlarni ichki iste'mol bozoriga savdoga chiqarish hajmlariga mos ravishda grafik bo‘yicha to‘liq qaytariladi.

Jamg‘armadan ajratilgan maqsadli mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishini ta'minlash bo‘yicha mas'uliyat “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining zimmalariga yuklatiladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi byudjetdan mablag‘ bilan ta'minlanuvchi ijtimoiy soha muassasalariga 2018-2019 yil qish va bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jamg‘arish uchun zarur mablag‘larni byudjet va byudjet muassasalarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan to‘liq ajratilishini ta'minlasin.

Bunda, ijtimoiy soha muassasalari tomonidan 4 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (kartoshka, piyoz, sabzi va guruch) xarid qilishda bozordagi o‘rtacha narxlardan kelib chiqqan holda zaxira tadbirlariga jalb etilgan tayyorlovchi korxonalar va fermer xo‘jaliklari bilan, istisno tariqasida, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilishiga, tegishli g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilishiga hamda kamida 40 foiz miqdorida avans to‘lovlarini birinchi darajali to‘lovlarga tenglashtirilgan holda amalga oshirilishiga ruxsat etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari zahira tadbirlariga jalb etilgan xo‘jalik sub'yektlari buyurtmalari asosida ularga 2018-2019-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga jamg‘arish maqsadlariga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish tavsiya etilsin.  

11. 2018-2019-yil qish va bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zahiraga g‘amlash va chiqarishning borishini monitoring qilishda shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari har o‘n kunda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga:

"O‘zbekoziqovqatzahira" uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari - "O‘zbekoziqovqatzahira" korxonalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari jalb etgan tayyorlov tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini g‘amlash va ichki iste'mol bozoriga chiqarish hajmlari to‘g‘risida;

tijorat banklari - qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun tayyorlov tashkilotlariga ajratilgan kredit mablag‘larining hajmlari to‘g‘risida;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi va Maktabgacha ta'limi vazirligi - ijtimoiy soha muassasalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini saqlash va chiqarish uchun g‘amlash, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini g‘amlash uchun mo‘ljallangan byudjet mablag‘larini ajratish va o‘zlashtirish hajmlari to‘g‘risida axborot taqdim etadilar.

12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda joriy yilning 10 sentyabridan boshlab 2018-2019 yillar qish-bahor mavsumiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga g‘amlash ko‘rsatkichlarini bajarilishi va ularni moliyalashtirish masalalari xal etilishi hamda tasdiqlangan tarmoq jadvallariga muvofiq samarali ishlatilishi yuzasidan monitoring yuritish tizimini joriy etsin va natijalari bo‘yicha umumlashtirilgan ma'lumotlarini har 10 kunda Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilib borsin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T.Mirzayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmalariga yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri                                                                                   A. Aripov

Mazkur Qaror loyihasi "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" portaliga joylashtirilgan.