Ezgu maqsad qo‘ya bilish va fidoiylik - davr talabi
02/07/2018 - 18:05 13700
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida vazirlik va uning tizimidagi boshqarmalari tomonidan investitsiya faoliyatini jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Hay'at yig‘ilishida 2018-yil 21-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida investitsiya siyosati, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda aniq loyihalarni amalga oshirishga doir masalalar kompleksi tanqidiy va har tomonlama ko‘rib chiqilib, xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish samaradorligi tahlil etildi.
Xususan, hududlarni kompleks va mutanosib tarzda rivojlantirishni ta'minlash, mintaqalarning mavjud tabiiy-xomashyo, ishlab chiqarish va mehnat salohiyatidan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish hamda aholining turmush darajasi va sifatini izchil oshirib borish dolzarb masalalardan ekanligi, shuningdek mahalliy investitsiya loyihalarini yanada takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirilishi ta'kidlab o‘tildi.
Bu borada, hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-iyundagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining faol investitsiya siyosatini amalga oshirish yuzasidan mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 478-son qaroridan kelib chiqib, Vazirlik va uning tizimidagi boshqarmalar e'tibori quyidagi tizimli masalalarga qaratildi:
birinchidan - hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir O‘zbekiston Respublikasining investitsiya (davlat) dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar kiritish;
ikkinchidan - Vazirlik va uning tizimidagi boshqarmalarida investitsiya faoliyatini jadallashtirish, ya'ni investitsiyalarni, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va samarali o‘zlashtirishni ta'minlash bo‘yicha mas'ul xodim tayinlanib, mazkur yo‘nalishda ishlar tizimli yo‘lga qo‘yish;
uchinchidan - investitsiya dasturlariga kiritilgan, xususan yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalari jarayonining loyiha ishlab chiqilib amalga oshirilishidan boshlab, ob'yekt ishga tushirilgungacha bo‘lgan kompleks masalalarni muvofiqlashtirish va ularning elektron monitoringini olib borib yagona bazasin yaratish.
Shu bilan birga, Vazirlik va uning tizimidagi boshqarmalaridan butun investitsiya jarayonini yanada faollashtirish borasida tizimli va samarali ishlarni tashkil etish nazarda tutildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada belgilab berilgan ustuvor vazifalar so‘zsiz bajarilishini ta'minlash, investitsiya siyosatini amalga oshirish bo‘yicha tarmoq va hududlar kesimida manzillilikni kafolatlaydigan mexanizmlarni joriy qilish, monitoring va hisobdorlik bo‘yicha elektron axborot tizimini joriy etish, butun investitsiya jarayoni bosqichlarida barcha darajadagi rahbarlar hamda mutaxassislarning shaxsiy mas'uliyatini oshirish ham qat'iy masala etib tayinlandi.
Axborot xizmati