“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" (Qo‘shimcha moliyalashtirish-2)” loyihasi bo‘yicha bitimga imzo chekildi
25/05/2018 - 16:52 10871
Ma'lumki, 2018-yil 30-yanvarda Jahon bankining Boshqaruv kengashi "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" (Qo‘shimcha moliyalashtirish-2) loyihasini tasdiqladi. Loyiha Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 200 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit hisobiga moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida 2018-yil 17-may kuni Vashington shahrida ushbu loyiha bo‘yicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan kredit bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
2018-yilning 24-mayida Jahon bankining Toshkentdagi ofisida ushbu loyihaga ishtirok etuvchi respublika tijorat banklari bilan Tiklanish va taraqqiyot xalqaro banki tomonidan loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. (ilovada fotoreportaj).
Loyihaning uchinchi bosqichi katta sanoat korxonalari, kichik va o‘rta korxonalar uchun energiyani tejovchi texnologiyalarni investitsiyalash maqsadida qo‘shimcha moliyalashtirishni ta'minlaydi va maqsadli texnik yordam orqali ularning energiya samaradorligini oshirishga yordam beradi. Sanoat ishlab chiqarishida kichik va o‘rta korxonalar (asosan, xususiy sektor tashkil etadi) ning ulushi 2000-yildagi 12,9 foizdan 2016-yilda 45,3 foizga o‘sdi.
Kichik va o‘rta korxonalar, odatda, uncha eskirmagan ishlab chiqarish uskunalarga ega. Biroq, qurilish materiallari, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi energiya talab qiluvchi tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik va o‘rta korxonalardagi energiyani ortiqcha miqdorda iste'mol qiluvchi ishlab chiqarish jarayoni uning modernizatsiyasini talab etadi. Bu esa, o‘z navbatida ularning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
“Eski uskunalar va ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish mamlakatdagi korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish uchun juda muhimdir - deydi Xideki Mori, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari. - Energiya tejamkorligi uskunalarni ishlatish va xizmat xarajatlarini kamaytirishga, samaradorlikni oshirishga va energiyani kamroq ishlatish tufayli pul mablag‘larining tejalishiga yordam beradi. Shuningdek, u iqlim o‘zgarishining oqibatlarini yumshatish imkonini beradi. Jahon banki ushbu loyihani amalga oshirish orqali O‘zbekistondagi sanoat korxonalarida energiya samaradorligini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirmoqda”.
Uchinchi bosqichga yo‘naltirilgan investitsiyalar 386 gigavatt soat energiyani tejash va yiliga 799 ming tonna karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtirish guruhi