2018 yilning I choragida mamlakat iqtisodiyotida erishilgan natijalar yuzasidan ma'lumot

26/04/2018 - 21:57 18584

I. Iqtisodiyot tarmoqlarida erishilgan natijalar yuzasidan ma'lumot

Joriy yilning I choragi mobaynida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" davlat dasturi asosida iqtisodiyot tarmoqlari barqaror rivojlantirishga qaratildi.

Valyuta bozorini barqarorligi ta'minlanib, tovar, xom-ashyo va materiallarning narxlari erkinlashtirildi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta'minlash maqsadida, 2018-yil 1-yanvardan boshlab monopolist korxonalar tomonidan 27 turdagi yuqori likvidli mahsulotlarni bozor mexanizmlari asosida birja savdolari orqali sotishning yangi tartibini joriy etildi. Bu esa, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning xom ashyo resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda va birja savdolarida ushbu mahsulotlar narxlarining barqarorligini ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hisobot davrida mamlakatda xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni yana rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar olib borildi. Jumladan, joriy yilning 1-yanvaridan barcha “yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlariga aylantirilib, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Bu esa, hisobot davrida 13,2 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub'yektlari tashkil etilishida muxim omil bo‘ldi.

Davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning I-choragida yalpi ichki mahsulot, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,1% ga, xususan, sanoat mahsulotlari 11,8% ga, qishloq xo‘jaligi - 1,8% ga, chakana savdo aylanmasi - 2,7% ga, jami xizmatlar - 8% ga o‘sdi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovar va xizmatlar raqobatbardoshligini zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida oshirish, qulay investitsiya muhitini yaratish yuzasidan keng qamrovdagi izchil ishlarni amalga oshirilishi hisobot davrida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 11,8% ga o‘sishida muhim asos bo‘ldi.

Erkin iqtisodiy zonalar sanoat o‘sishida va innovatsion texnologiyalarni joriy etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Hisobot davrida, zamonaviy, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan umumiy qiymati 71,7 mln. dollarlik 5 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Jumladan, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 28,8 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri horijiy investitsiya kiritilib, “Minyuan Silu Industry” xorijiy korxonasi tomonidan 1161,1 ming list bezakli oyna ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Hisobot davri mobaynida mazkur zonalarda amalga oshirilgan loyihalar doirasida jami 283,6 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va 3,9 mln. doll. qiymatidagi mahsulotlar eksport qilindi. 

Qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan keskin ko‘paydi, xalqning ijtimoiy yordamga muhtoj qismi uchun arzon turar joylar, shuningdek qishloq joylarida namunali turar joylar qurilishi jadal olib borildi.

Aholi turmush darajasi va turmush farovonligini oshirish, xususan shaxsiy uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirish va aholini arzon uy-joy bilan ta'minlash yuzasidan keng qamrovdagi ishlar olib borildi. Xususan, hisobot davrida yakka tartibda qishloq joylarida namunaviy loyiha bo‘yicha uy-joy qurilish xajmi oldingi yilning mos davriga nisbatan qariyb 6 barobarga oshdi. Bu esa, hisobot davrida qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,2% ga o‘sishida muhim omil bo‘ldi. 

Joriy yilda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini taqchilligi va narxlarini ortishini oldini olish maqsadida sabzavot, poliz, bog‘ va uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish maqsadida, oxirgi uch yilda paxta hosildorligi gektariga 15 sentnerdan kam bo‘lgan qariyb 100 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari aniqlanib, ular hisobiga boshqa turdagi qishloq xo‘jalik ekinlari, shu jumladan meva-sabzavot ekinlari maydonlari kengayishi kutilmoqda.

Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, o‘sib borayotgan aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va sohani eksport salohiyatini yanada oshirish borasida qisqa muddat ichida qator ishlar olib borildi. Respublikada oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va aholini ularga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, birinchi marta erta bahorda mahsulot yetishtirish uchun qishda “to‘qsonbosti” usulida sabzavot ekish hamda ertapishar kartoshka ekish belgilandi. 

Fuqarolarning o‘zlariga biriktirib berilgan tomorqa yerlaridan qo‘shimcha daromad manbai sifatida foydalanishi, sohaga oid qonunlarda yerdan xo‘jasizlarcha foydalanish hollariga nisbatan javobgarlik mexanizmi qat'iy belgilanganligi natijasida mavjud 445 ming gektar tomorqa yer uchastkasining 18,9 ming gektaridan samarasiz foydalanilayotgan tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish natijasida qo‘shimcha 520 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va 1 sotix yerdan o‘rtacha 400-500 ming so‘m daromad olish imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati misolida 2018-yilda har bir xududda 1-2 tadan meva-sabzavot klasterlari tashkil etilishi ham o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi uyushmalarini tashkil qilish uchun ekish urug‘lari, avans to‘lovlarini taqdim etuvchi va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotni kelishilgan narxlarda sotib oluvchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi korxonalar, qayta ishlovchilar, eksportchilar o‘rtasida kafolatlangan shartnomalar asosida “urug‘-ko‘chat-mahsulot yetishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportrovka qilish-bozorga yetkazish” tamoyili bo‘yicha uzluksiz zanjirni shakllantirish orqali meva-sabzavotchilik sohasining bugungi kundagi mavjud saloxiyatidan to‘laqonli va samarali foydalanish tizimini yaratilishida muhim o‘rin egallaydi. 

Hisobot davrida tashqi savdo yo‘nalishida qator imkoniyatlar yaratildi. Ayniqsa qo‘shni mamlakatlar savdo aloqalarni yanada rivojlantirishga, eksportyor korxonalarni ko‘paytirish hamda ular uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish  alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada, eksport - 4,1 mlrd.dollar (oldingi yilning mos davriga nisbatan 159,0%), import - 3,8 mlrd.dollarni (145,2%), tashqi savdoning ijobiy saldosi esa 249,4 mln.dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning I-choragi mobaynida mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirish, xususan zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish, bank-moliya, axborot va aloqa, arxitektura xizmatlari, turizm sohasi salohiyatidan keng foydalanish borasida izchil ishlar olib borildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,9 trln.so‘mlik (o‘sish sur'ati 108% ) xizmatlar ko‘rsatildi. 

2017 yilning ikkinchi yarimidan boshlab tovar aylanmasining o‘sish sur'ati pasayishni boshlanib, uning o‘sishi asosan yirik savdo tarmoqlari hisobiga amalga oshirilib, yirik savdo tarmoqlarida 2018 yilning I choragida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,4 % ga ko‘p miqdorda tovarlar sotilgan.

Hisobot davrida chakana savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 % ga o‘sdi. Bu esa, iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi sifatida, iqtisodiyotda jonlanish kuzatilayotganidan va ishbilarmonlikni faollashuvidan dalolat beradi.

2018-yildan boshlab Respublikamizda maktabgacha ta'lim bilan qamrovini ta'minlash maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlarida zamonaviy va hammabop maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etilishi mo‘ljallanmoqda.

Maktabgacha ta'lim xizmatini ko‘rsatish narxining maqbulligi va arzonligini ta'minlash uchun investorlarga yer uchastkalari va bo‘sh turgan binolarni 15 yildan 30 yilgacha muddatga beg‘araz ajratish, soliq imtiyozlari, imtiyozli kreditlar va boshqa imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Investorlar esa davlat ta'lim talablariga, sanitariya-gigiyena va boshqa normalarga rioya qilgan holda tarbiyalanuvchilardan 15 %-25 % gacha bo‘lgan kam ta'minlangan oilalarning farzandlarini imtiyozli to‘lovlar asosida qabul qilish uchun mas'ul bo‘lishi talab qilinadi.

II. Joriy yilning yanvar-mart oylarida inflyatsiya darajasi to‘g‘risida ma'lumot

Hisobot davrida inflyatsiyaning oldini olish uchun mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning mart oyida yanvar oyiga nisbatan inflyatsiya o‘sish sur'atlarining sekinlashuvida pul massasi o‘sishini jilovlash, Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat turlarini import qilish uchun jami 155 million AQSH dollaridan ortiq miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi muhim omil bo‘ldi.

Shu bilan birga, qish-bahor mavsumi uchun zaxira qilingan 445 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan 376,1 ming tonnasi yoki 84,5 foizi, jumladan 151,4 ming tonna kartoshka (84,9 foiz), 102,8 ming tonna piyoz (85,6%), 75,5 ming tonna sabzi (84,4 foiz), 46,4 ming tonna guruch (80,9 foiz) mahsulotlarini aholiga yetkazib berish uchun ichki bozorlarga imtiyozli narxlarda savdoga chiqarildi va ushbu mahsulotlarning qolgan qismi joriy yilning 10 mayiga qadar aholiga yetkazilishi mo‘ljallangan. 

Qo‘shimcha qilib shuni ta'diklash joizki, inflyatsiya darajasini belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari doirasida saqlash maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan inflyatsiya darajasini jilovlash va iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi (20.03.2018 y. №02/1-797). 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16.01.2018-yildagi PF-5303-sonli "Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq, oziq-ovqat mahsulotlari va xom ashyolarning ayrim turlari 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilindi. Mazkur holat ushbu mahsulotlar narxlari oshishining oldi olinishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, 2017-yilning noyabr oyidan boshlab o‘simlik yog‘i va boshqa yuqori likvidli mahsulot turlarini birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotish tizimi joriy qilinishi natijasida mazkur mahsulotlarni sotish va sotib olishda raqobat muhiti shakllantirildi va vositachilik ustamasini keskin kamaytirishga erishildi hamda narxlar barqarorligi ta'minlandi. 

Bunda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamini o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabini to‘liq ta'minlash maqsadida tegishli qaror asosida o‘simlik (paxta) yog‘i chegaralangan narxlarda, ya'ni ulgurji narxlardan 10 foizdan ortiq bo‘lmagan chakana ustama bilan yetkazib berish mexanizmi joriy qilindi. 

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning yanvar-mart oylarida inflyatsiya darajasi 4,9 foizni tashkil qildi. Bunda oziq - ovqat tovarlari narxlarining o‘sishi 6,0 foizni (umumiy inflyatsiya darajasiga ta'siri - 53,8%), nooziq - ovqat tovarlari - 4,8 foizni (inflyatsiyaga ta'siri - 34,6%), xizmatlar esa - 2,6 foizni (inflyatsiyaga ta'siri - 11,6%) tashkil qildi.
  
Bunda narxlar shakllanish jarayoniga bozor mexanizmlarining joriy qilinishi, ayrim turdagi tovar va xizmatlar (gaz, elektr energiya va b.) narxlarining oshishi natijasida yanvar oyida inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib, 2,7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, fevral va mart oylarida inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlar doirasida bo‘lishiga erishildi (fevral va mart - 1,1%).

Iqtisodiyot vazirligi