Qonun ustuvorligi va adolatni ta'minlash - insoniyatning oliy baxti
07/12/2017 - 19:43 35467
Bugun Iqtisodiyot vazirligida xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga bag‘ishlangan "Mustaqillik - bu huquq!" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor Halim Boboyev hamda Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Xaydarali Muxammedov hamda vazirlikning markaziy apparati Bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari va xodimlari ishtirok etishdi.
Birinchi bo‘lib so‘zga chiqqan ustoz - Halim Boboyev, avvalombor, ushbu "Mustaqillik - bu huquq!" so‘zining mazmuni va ijtimoiy ahamiyati xususida, bu iboraning paydo bo‘lish tarixiga batafsil to‘xtaldi. Notiq Mustaqil Konstitutsiyamizni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan, maxsus tuzilgan komissiyaning faol a'zosi sifatida quyidagilarni so‘zlab berdi.
“O‘sha paytda Konstitutsiya yaratish masalasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilganda, davlat boshqaruvining shakli xususida turli g‘oya va takliflar bildirilgandi. Kimdir Islom davlati qurish kerak desa, boshqa birov o‘zgacha boshqaruv shaklini yoqlab chiqardi. Birinchi Prezidentimizning ulkan xizmatlari shundaki, u tahlikali bir davrda fuqarolik urushi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nozik vaziyatda hech ikkilanmay, mardlarcha mamlakatda Prezidentlik boshqaruvi bo‘lishi to‘g‘risidagi fikrni ilgari surdi. Mazkur boshqaruv tizimi bizni baxtli istiqbol sari boshlashini isbotlab berdi. U kishining qat'iyati bilan jamiyatda inson manfaatlariga xizmat qiladigan tizimga asos solindi, inson haq-huquqlari birinchi o‘ringa chiqdi, davlat boshqaruvi, hokimiyat tizimining mazmun-mohiyati aniq va lo‘nda ochib berildi.
Shunday qilib, MDH mamlakatlari ichida yagona milliy davlatga asos soldi, uning insonparvarlik va adolatga asoslangan shakllarini keng targ‘ib etdi, real hayotda qanchalik muvaffaqiyatga erishish mumkinligini ko‘rsata oldi. MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib, 1992-yilda mustaqil davlatimizning Konstitutsiyasi qabul qilindi. Asosiy qonunimiz tufayli yangi milliy davlatchilik asoslari yaratildi, fuqarolik maqomi berildi. Xalqaro maydonida o‘zbekistonliklar, O‘zbekiston xalqi degan atama va mezonlar paydo bo‘ldi. Asosiy qonunimiz sabab, biz - O‘zbekiston xalqi dunyo sahnida o‘z ovozimiz, o‘rnimiz va mavqeimizga ega bo‘ldik.”
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi, Xaydarali Muxammedov ham o‘z navbatida Asosiy qonunimizning har bir moddasiga aniq va qisqa, lo‘nda baho berarkan, albatta, bu baxtli kunlarga osonlikcha erishilmaganligini, Mustaqil davlatimiz taraqqiyotiga hasad qilganlar, unga to‘sqinlik qilishga uringanlar ham bo‘lganiga alohida to‘xtaldi. Jumladan, Namangan, O‘sh voqyealari, Farg‘ona fojiasi mustaqil va ozod hayotimizni, tinchliksevar siyosatimizni ko‘rolmagan iymonsiz kishilar tomonidan tashkil etilganini, davlatimiz tomonidan oqilona olib borilgan siyosat natijasida ayrim g‘araz niyatli yovuz kuchlarning qora niyatlari amalga oshmaganligini ta'sirli dalil va isbotlar bilan so‘zlab berdi. U shu mamlakatning kelajagi bo‘lgan yoshlarni faol fuqarolik poziyatsiyasiga ega bo‘lishlikka, huquq va burch, mas'uliyat tushunchalarini chuqurroq anglab, O‘zbekiston fuqarosi degan ulug‘ maqomga munosib bo‘lishga chaqirdi.
Muhokama yuzasidan so‘zgan chiqqan, vazirligimizning fidoiy, tajribali, malakali rahbar xodimlaridan Baxtiyor Mahmudov tadbir yuzasidan fikr bildirarkan, demokratik jamiyat va davlatda bosh masala inson va uning haq-huquqini himoyalash va kafolatlash ekaniga, davlat hokimiyatida xizmat qilayotgan barcha davlat xizmatchilarining asosiy vazifasi jamiyatda fuqarolarning tinch-totuv yashashlarini, ularning xavfsizligi, sog‘ligi, mol-mulkini, sha'nini himoyalashdan iborat ekaniga urg‘u berdi. Shuningdek, u quyidagilarga to‘xtaldi: “Davlat boshqaruvida ahloq va qonun normalari asosida fuqarolarning huquqiy madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish muhim ahamiyat kashf etadi. Fuqarolar esa o‘z navbatida davlatda o‘rnatilgan qonunlarga hurmat bilan qarash, uning talablarini so‘zsiz bajarish va qonun buzuvchilarga nisbatan murosasiz bo‘lishdek mas'uliyatga egadirlar. Chunki, qayerdaki qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha davlatda tartib, rivojlanish, tinchlik va baraka bo‘ladi”.
Davra suhbatida vazirlikning jonkuyar va faol, umidli va tashabbuskor xodimlaridan Murodilla Anarbayev, Quvonchbek Mustafoyevlar ham Asosiy qonunimiz ahamiyati va uning hozirgi yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy hayotida nechog‘lik ahamiyat kasb etishi xususida o‘zlarining teran fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Tadbirni Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari D. Asamov olib bordi.
Vazirlik Axborot xizmati