Bojxona to‘lovlari to‘g‘risida
30/09/2017 - 18:16 21157
Joriy yilning 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3303-sonli qaroriga imzo chekdi. Ushbu qaror bilan import boji va respublika hududiga olib kelinadigan, aksiz solig‘i olinadigan tovarlarga aksiz solig‘i yangi stavkalari tasdiqlandi.
Import boji va respublika hududiga olib kelinadigan, aksiz solig‘i olinadigan tovarlarga aksiz solig‘i yangi stavkalari 2017 yilning 1 oktyabr kunidan amalda joriy qilinadi.
Ushbu Prezident qarorining qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari, shu jumladan 2009 yilning 5 avgustida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1169-sonli “Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan import bojxona boji stavkalari va 2016 yilning 27 dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2699-sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududiga chetdan keltiriladigan aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalari joriy yilning 1 oktyabr kunidan bekor qilindi.
Iqtisodiyot vazirligi Tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskuna, xom-ashyo va materiallar olib kirishga qulay sharoitlar yaratish, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, kontrabanda yo‘li bilan respublika hududiga mahsulotlar olib kirilishi va inflyatsiya o‘sishi oldini olish maqsadida, bojxona-tarif siyosatini yanada takomillashtirishga qaratilgan xo‘jalik sub'yektlari tomonidan kiritiladigan, hisob-kitoblar bilan tasdiqlangan asosli takliflarini ko‘rib chiqishni davom ettiradi.