Vazirlik tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish chora-tadbirlari

15/09/2017 - 10:04 13566

Mamlakatimiz aho­lisining qariyb 64 foizini yoshlar, ya'ni­ 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Bu, bir tomondan, davla­timiz zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklasa, ikkinchi tomondan yoshlarga oid maqbul­ siyosat yuritish natijasida ularning o‘z salohiyat va iqtidorlarini har tomonlama namoyon etishlari uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e'tirof etib kelingan. Muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yo‘naltirib va qo‘llab-quvvatlab turishni taqozo etadi. Mazkur vazifalar qonunlar ijrosining kafolati sanalmish davlat tomonidan amalga oshiriladi. 

Yurtimizda yoshlarning mamlakat manfaatlari­ yo‘lida erkin ijtimoiylashuvi va o‘zini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish­ borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tizimi yoshlarga oid davlat siyo­satini anglatadi. Mohiyatan davlatni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy rivojlantirish, raqobatbardoshligini ta'minlash, milliy xavfsizligini mustahkamlashni ko‘zda tutuvchi bu siyosat dasturiy, tashkiliy, siyosiy va iqtisodiy mexanizmlarga tayanadi.

Mana shunday mexanizmlardan biri - “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” ham amaliyotga joriy qilindi. Unda: 

- tizimda yoshlar bilan ishlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini shakllantirish, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ular faoliyati samaradorligini oshirish;

- yoshlarning professional kasb-mahoratini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash;

- yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, zaxirasini yaratish hamda ularni mas'ul lavozimlarga tavsiya etish va tayinlash mexanizmini yaratish;

- yuksak ma'naviyatli, qat'iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish;

- barkamol avlodni tarbiyalashda ommaviy axborot vositalari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, shuningdek;

- yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar belgilab olingan. 

Bunday dasturiy tadbirlarni amalga oshirish dunyoda tobora qamrovi kengayib borayotgan “ommaviy madaniyat”dan yoshlarimiz ongu tafakkurini asrashda, turli buzg‘unchi dunyoqarashlarga qarshi munosib kurashishda ma'naviy va g‘oyaviy qurol bo‘lib xizmat qiladi.