Iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish yuzasidan takliflar yig‘ilmoqda

12/09/2017 - 12:33 89973

Hurmatli vatandoshlar, tadbirkorlar va xorijiy investorlar!

Shuni ma'lum qilamizki, hozirgi vaqtda Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida 2018 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan quyidagi yo‘nalishlardagi takliflarni tayyorlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

I. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolish.

2. Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish.

3. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish. 

4. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqyeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish.

5. Viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish.

II. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish.

2. Aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish.

3. Arzon uy-joylar barpo etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta'minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish. 

4. Ta'lim va fan sohasini rivojlantirish.

5. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Sizdan o‘z takliflaringizni taqdim etishingizni so‘raymiz.

Sizning barcha takliflaringiz Iqtisodiyot vazirligida tashkil etilgan maxsus ishchi guruh tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va hududlardagi haqiqiy ahvolni chuqur tahlil qilgan holda ko‘rib chiqiladi.

Fursatdan foydalanib, barchangizga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz!