Media-tur faoliyati gaz qazib olish korxonalarida yakunlandi

14/08/2017 - 13:30 12016

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” deb nomlangan media turning oxirgi ikki kuni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazildi. Bu yerda jurnalistlar tabiiy gazni ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida amalga oshirilayotgan energiya samarador subloyihalar bilan tanishib chiqdilar.

Avvalo, media tur ishtirokchilari “Sho‘rtanneftgaz” MCHJ va uning “Sho‘rtan” siquv kompressor stansiyasiga yo‘l olishdi. Mazkur ob'yektda sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki guruhining qo‘shma tashabbusi doirasida uchta subloyiha amalga oshirilmoqda.

“Past bosimli mash'ala gazlarni qayta ishlash” deb nomlangan subloyiha alohida e'tiborga loyiq bo‘ldi. Uning noyobligi shundaki, “Sho‘rtan” siquv kompressor stansiyasida texnologik jarayonlardan ajralayotgan past bosimli gazlar asosida ishlaydigan mini elektr stansiya o‘rnatilishi tufayli endilikda ob'yekt o‘zining ehtiyoji uchun qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Korxona mutaxassislari tushuntirishlariga ko‘ra, bunday kompressor stansiyalarida tabiiy gaz bosimni yetarli darajagacha ko‘tarib Bosh inshootdagi gazni qayta ishlash texnologik qurilmalariga yetkazib berish jarayonida ajratib qolinayotgan gaz kondensati va qatlam suvlari tarkibida “erigan” gazlar ajarilib chiqadi. Ushbu gazlarning bir qismini ishlab chiqarish jarayoniga ta'sirisiz qo‘shimcha elektr energiya ishlab chiqarishga ishlatsa bo‘ladi. Shunda, kompressor stansiyasi  hech bir xarajat qilinmagan  qo‘shimcha elektr energiya bilan ta'minlanadi. O‘z navbatida shuncha miqdordagi elektr energiyasi aholi uchun tejab qolinadi. Qolaversa, elektr stansiyasi mash'al bosimini kamaytirib, ekologik jihatdan zararli chiqindilar hajmini kamaytiradi. 

Dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu subloyihaning amalga oshirilishi natijasida bir yilda 16 milliondan ortiq kVt/s elektr energiyasining tejalishi ta'minlanadi.

Bunday subloyiha “Muborakneftgaz” MCHJda ham amalga oshirilgan bo‘lib, ishtirokchilar media turning so‘nggi kunida mazkur korxonaning kompressor stansiyasiga tashrif buyurishdi. 

Ushbu ikki korxonada “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida umumiy 6 ta subloyiha amalga oshirilmoqda.

Uskunalarning umumiy qiymati 27 million AQSH dollariga teng bo‘lib, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (Jahon bank) va “Asaka” bank mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi. Mazkur subloyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan yiliga 120 million kVt/s dan ortiq qo‘shimcha elektr energiya ta'minlanishi kutilmoqda. Umumiy qilib aytganda, 5,6 million AQSH dollar umumiy qiymatiga ega mini elektr stansiya yiliga 18 million kVt/s energiya tejalishiga imkon yaratadi.

Shunday qilib, mamlakatimizning Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan yirik sanoat korxonalarida tegishli subloyihalarning amaliyoti bilan bog‘liq besh kunlik media tur o‘z nihoyasiga etdi.
 
Tadbir tashkilotchilari energiya samaradorligini oshirish va energiyani tejash borasida qilingan va qilinayotgan tajribalarni  milliy ommaviy axborot vositalari orqali aholimizga to‘laqonli va keng yoritilishiga umid bildiradi. Bunday korxonalar O‘zbekiston sanoati boshqa tarmoqlaridagi zavod va fabrikalarga namuna bo‘lib qolishiga ishonadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasining muvofiqlashtirish guruhi