Hududlarda ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

30/06/2017 - 15:50 18042

Bugungi kunda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi barchamizga ma'lumdir.

Joriy yilning 30-iyun kuni Iqtisodiyot Vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani aynan shu masalalarga bag‘ishlandi. Unda Ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasining boshli‘i Dilshod Abduazizov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 -yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” bu sohada islohotlarning yangi bosqichini boshlab berganligini ta'kidladi.

Hususan, joriy yilning shu kuniga qadar ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 3 ta qonuni, 20 dan ortiq farmoni va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 25 ta qarori qabul qilindi.

Jumladan, xususiy tadbirkorlikni va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirishga hamda tadbirkorlik sub'yektlari va barcha aholi qatlamining imtiyozli mikrokreditlardan keng foydalanishini ta'minlash, shuningdek, yakka tartibdagi mehnat faoliyatini rag‘batlantirish orqali aholi bandligini yanada oshirishga qaratilgan joriy yilning 31 yanvar va 13 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Tadbirkorlik sub'yektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.

Mazkur hujjatlarga muvofiq, mikrokreditlash uchun qamrab olinadigan shaxslar orasida ustuvor kontingentlar hisoblangan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar, oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi, shuningdek, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tavsiyanomalari bo‘yicha ishga joylashishga ehtiyojmand bo‘lgan boshqa shaxslar mikrokreditlar summasi EKIHning 200 barobarigacha asosiy qarzni to‘lash uchun 6 oylik imtiyozli muddat bilan 3 yilgacha, yaratgan yangi ish joyi soniga qarab 6 foizdan 9 foizgacha kredit olish huquqlariga ega bo‘ldilar.

Bundan tashqari, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub'yektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish mexanizmi soddalashtirilgan bo‘lib, faoliyatni amalga oshirish uchun olingan tovarlarning garov sifatidagi ta'minoti bilan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ta'minot turlari bilan bir qatorda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligi asosida hamda uzoq va borish qiyin bo‘lgan, shuningdek mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan hududlarda imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan EKIHning 20 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda mikrokreditlar kreditlash yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvargacha ro‘yxatdan o‘tgan va alohida faoliyat  turlari bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar mikrokreditlarni rasmiylashtirishda (EKIHning 20 yoki 60 barobarigacha) 6 oy muddatga qat'iy belgilangan soliq to‘lovlaridan ozod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-oktabrdagi “Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan 2017 yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish kechayu kunduz Internet tarmog‘idagi Davlat interaktiv xizmatlari yagona portaliga integratsiyalashgan Tizim orqali amalga oshirilmoqda.

Shu kunga qadar 1644 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda 1506 ta yuridik shaxslar mazkur tizim imkoniyatlaridan foydalangan holda masofadan ro‘yxatdan o‘tdi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-fevraldagi “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2017-yilda faqat "yagona darcha" markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlari soni 18 taga ko‘payib, ularning soni 2018-2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etish orqali yana 68 tagacha ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur qarorga muvofiq, ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni "Litsenziya" axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyatini yaratish yo‘li bilan "yagona darcha" markazlari orqali qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018-yil 1-yanvardan boshlab bekor qilinishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Savdo-sanoat palatasi tizimi tubdan qayta isloh etilib, unga muvofiq Palata me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash to‘g‘risidagi xulosani berish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek, mazkur hujjatga ko‘ra, Palata tarkibida viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida, tumanlar va shaharlardagi bo‘limlari bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etildi.

Markazlarning asosiy vazifalari etib, tadbirkorlik sub'yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub'yektlariga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, axborot ta'minoti, davlat xizmatlaridan foydalanishda ko‘mak berish, biznes-rejalar ishlab chiqish, shuningdek, lizing, sug‘urta va baholash xizmatlaridan foydalanish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash, moliyaviy, tovar-xom ashyo va tabiiy resurslar, texnologik mashinalar va uskunalar, ishlab chiqarish ob'yektlari, shuningdek, yer maydonlaridan foydalanishda ko‘maklashish va boshqalar etib belgilandi.

Yuqorida ta'kidlangan va boshqa yangi me'yorlarning qabul qilinishi, hududlarda ishbilarmonlik muhitining hamda tadbirkorlikning rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan.

Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar 2017-yilning 1-choragida 13,6 mingta yangi kichik biznes sub'yektini tashkil etish imkonini berdi (bu 2016-yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir). Natijada 2017-yilning 1-choragida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 44,9 foizgacha (2016-yilning shu davrida 43,1 foiz bo‘lgan), sanoatda 41,6 foizgacha (37,3 foiz) va bandlikda 77,7 foizgacha (77,4 foiz) oshdi.

Tadbirkorlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, BMT Taraqqiyot Dasturi kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, chet el hukumatlari tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Xususan, Jahon bankining «Biznesni yuritish 2016» hisobotida O‘zbekiston biznesni yuritish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha top-10 islohotchi mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi.

Tadbirda shuningdek vazirlikning Kichik va maxsus industrial zonalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Dilmuradov hamda Yakkasaroy tumani kichik industrial zonasining direktori R.Nuraliyevlar so‘zga chiqishdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va taqdim etilgan mavzular yuzasidan ko‘plab savollar berildi. 

Vazirlik Axborot xizmati