Tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish borasidagi islohotlar

23/06/2017 - 12:09 22059

Yurtimizda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish borasida tom ma'noda yangilanish va rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Bu, albatta, sog‘liqni saqlash tizimining shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga ham taalluqlidir. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan har bir ma'ruza va nutqlarida, uchrashuvlarda xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni qondirish nihoyatda zarurligini kuyunchaklik bilan bot-bot ta'kidlanmoqda.

Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan  hamkorlikda ommaviy axborot vositalari  vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.  Anjuman, mazkur sohada so‘nggi paytlarda olib borilayotgan islohotlar, xususan Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga qaratildi. 

Shoshilinch tibbiy yordam haqida so‘z borganda biz, avvalo, kafolatlangan, sifatli va tezkor tibbiy yordamni tasavvur qilamiz. Bugun yurtimizda ushbu sohani rivojlantirish yo‘lida belgilangan vazifalar va berilayotgan imtiyozlar, soha uchun ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tizim mutaxassislari olib borayotgan ilmiy izlanishlarning saviyasini yuksak darajada oshirish, shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. 

Bu esa tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, aholining har bir murojaatiga amaliy yordam bilan javob qaytarish, eng muhimi, xalqimizni ushbu tizim faoliyatidan rozi bo‘lishiga erishishga xizmat qiladi. 

Shu ma'noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 martdagi “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2868 qarori, tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, uning amaliyotiga zamonaviy ilmiy-texnik vositalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining boshqa vazirliklar va idoralarning shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro tezkor hamkorlikning samarali mexanizmlarini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shoshilinch va tez tibbiy yordam sifatini yanada takomillashtirish hamda ularni moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni va Qaroriga asosan tez tibbiy yordam (TTYO) xizmatini dori vositalari bilan ta'minlash uchun ajratilayotgan mablag‘lar 2 barobarga oshirildi, dori vositalarini markazlashgan holda ta'minlanish tizimi yo‘lga qo‘yildi. TTYO xizmatini avtotransport vositalari bilan ta'minlash maqsadida sotib olish rejalashtirilgan 1200 dona avtomashinadan 364 dona “DAMAS AMB” avtomashinalar xarid qilindi.

Tadbir mamlakatimizda shoshilinch va tez tibbiy yordam sohasida qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlar mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganish, yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklardan aholini yaqindan tanishtirish hamda tizim oldida turgan vazifalar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi. 

Tez tibbiy yordam xizmati o‘z oldiga aholiga malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish, samaradorligi bo‘yicha jahon talablariga mos keladigan shoshilinch tibbiy yordam tizimini tashkil etish, xorijiy turdosh tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish kabi vazifalarni  maqsad qilib qo‘ygan. 

Eng asosiysi, soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida shoshilinch tibbiy yordam tizimida yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam hamda 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, shoshilinch holatlarda tibbiy yordam brigadasi ishini tashkillashtiruvchi asosiy bo‘g‘in - tez yordam xizmati dispetcherlari qayta o‘qitilib, ularga nisbatan talablar ham oshirildi. Endi dispetcherlarning kasbiy mahorati va malakasini mustahkamlash uchun ular qayta o‘qitiladi. Chunki bugungi kun dispetcherining vazifasi faqat murojaatni yozib olib, uni kerakli mutaxassisga yetkazish emas, zarur holatda u murojaat qiluvchiga tez tibbiy yordam brigadalari yetib borguniga qadar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan birinchi tibbiy yordam bo‘yicha maslahatlar bera olishi ham kerak.

Olib borilayotgan islohotlarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, birlamchi tibbiy bo‘g‘inda tibbiy xizmatning tezkorligini ta'minlash va shu orqali shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatga tushayotgan yuklamalarni yengillashtirish maqsadida yaqinda poytaxtimizdagi jami 60 ta shahar oilaviy poliklinikalarning har biriga ikkitadan, jami  120 dona “DAMAS” rusumli avtomashinalar topshirildi. Endilikda bemorlarning uyiga borib, eng kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish, zarur holatlarda ularni oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazib borish xamda patronaj xizmatini ko‘rsatish kabi vazifalar o‘z vaqtida, kechiktirilmay amalga oshiriladi. Avtomashinalar o‘z hududi bo‘ylab harakatlangani bois, yo‘llar tirbandligidan kelib chiqadigan tez yordam birigadalarining kechikishi kabi holatlarning  oldi ham olinadi.

Matbuot anjumani davomida mazkur tizimning bugungi holati, tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan belgilangan aniq vazifalar ijrosi haqida ham so‘z yuritildi. 

Iqtisodiyot vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining Axborot xizmati