G‘ijduvon: Erkin iqtisodiy zonasi yangi ish o‘rinlari ochilishi, bandlik muammosi yechimi va viloyat iqtisodiyoti yuksalishiga xizmat qiladi

16/06/2017 - 13:59 55752

Erkin iqtisodiy zona barpo etilishi, avvalo, G‘ijduvonning yorqin kelajagini belgilab berdi. Bu ezgu maqsad hududdagi resurslardan samarali foydalanish, sanoat va eksport salohiyatini yanada rivojlantirish, zamonaviy, barqaror ish o‘rinlari barpo etish, eng muhimi, aholi hayotini farovonlashtirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

— G‘ijduvon o‘zining lafzi pok, tadbirkor, uddaburon, mehnatsevar odamlari bilan azal-azaldan nom qozonib kelgan, — deydi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zXDP a’zosi, mashhur zardo‘z Muyassar Temirova. — Ayniqsa, bu yerda zardo‘zlik kasbi juda rivoj topgan. Umuman, zardo‘zlik uyda o‘tirgan xotin-qizlar, ayollar uchun juda ham qulay kasb sanaladi. Avvalambor, ular ish bilan ta’minlanadi, ro‘zg‘orini tebratadi, shuningdek, bir vaqtning o‘zida uyida farzand tarbiyasi bilan ham shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu hududda EIZning tashkil etilishi natijasida endilikda xalqaro miqyosda ham zardo‘zlar mahsulotlariga ko‘plab xaridorlar topilishiga ishonchim komil. Eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Vaqtincha ishsiz yurgan yoshlar, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligi ta’minlanadi. Demak, erkin iqtisodiy zonaning tashkil etilishidan, avvalo, partiyamiz elektorati manfaatdor bo‘ladi. Shu bois, partiyamiz faollari, deputatlarimiz farmon ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishi lozim.

Darhaqiqat, EIZ hududida 3 farmsanoat, 3 qurilish, 3 yengil sanoat va poyabzal, 1 kimyosanoat, 2 elektrotexnika mahsulotlari, 3 meva-sabzavotlarni qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalar bunyod etiladi hamda 1300 dan ortiq yangi ish o‘rni ochiladi.

Buxoro davlat universiteti dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi Halim Hamroyev shunday deydi:

— Erkin iqtisodiy zona deganda, xorijiy investorlarning o‘sha hududga erkin kirib kelishi, xorijiy texnologiyalarni qo‘llagan holda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish korxonalarining barpo etilishi, bojxona munosabatlarida erkinlik, soliq sohasida imtiyozlarga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar majmui tushuniladi. Ularda asosan zamonaviy xalqaro andozalarga javob beradigan, asosiy qismi eksport qilishga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqariladi.

EIZ kategoriyasining eng keng tarqalgan va tan olingan ta’rifi Kioto konvensiyasida 1973 yilda berilgan edi: «Erkin iqtisodiy zona mamlakat hududining bir qismi bo‘lib, unga keltirilgan tovarlar bojxona chegarasidan tashqarida, deb hisoblanadi. Demakki, ular odatdagi bojxona nazoratiga, soliqqa tortilmaydi».

Aynan G‘ijduvonda erkin iqtisodiy zona tashkil qilinishining boisi tumanda ko‘pgina mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xomashyo bazasi mavjud. Meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiriladi, ularni chuqur qayta ishlash, qadoqlash, saqlash kabi texnologik jarayonlarni joriy qilish, mahalliy xomashyo hisobidan qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish imkoniyatlari keng. Qolaversa, mahalliy va xorijiy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish uchun imkoniyatlar katta.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz hududlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi natijasida ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi ta’minlanadi. Respublikamizning eksport salohiyati oshadi va valyuta tushumi ko‘payadi. Ushbu valyuta evaziga tadbirkorlarda xorijdan ilg‘or texnologiyalarni keltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

— Yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil qilishdan asosiy maqsad hududlarda mineral-xomashyo resurslari va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxonalar yaratish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga qulay sharoitlarni yuzaga keltirishdir, — deydi Iqtisodiyot vazirligining mas’ul xodimi O‘tkir Hamroyev. — Bundan tashqari, xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuviga, chet el sarmoyasi jalb qilinishiga, yangi ish joylari hamda zamonaviy mutaxassisliklar tashkil etilishiga, import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar hajmining oshishiga asos bo‘ladi. Shu bilan birga, mahalliy xomashyolar asosida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi.

Umar Rashidov, tarix fanlari nomzodi, dotsent:

— G‘ijduvonga ko‘plab sayyohlar, el e’tiboridagi olimlar, shoir va yozuvchilar kelishgan. Mustaqillik yillarida bu an’ana yanada kuchaydi. G‘ijduvon ayni chog‘da xalqimizning uzoq o‘tmishidan hikoya qiluvchi tarixiy obidalari, me’morchilik yodgorliklari, o‘ziga xos qadim an’analari bilan kishini hayratga soladi.

G‘ijduvon muhim transport yo‘li yoqasida joylashgan. Shahar 10 dan ziyod tarixiy-me’moriy obidalari, jumladan, Abdulxoliq G‘ijduvoniy masjidi va maqbarasi (XII asr), Ulug‘bek madrasasi (1432 — 1433), Toshmasjid va Dehqonobod xonaqosi (XV — XVI asrlar), Xoja Soktare masjidi (VII asr), Chorsu masjidi bilan ham mashhurdir.

Bu yerda erkin iqtisodiy zonaning tashkil etilishi butun dunyo sayyohlari, ishbilarmonu olimlar e’tiborining G‘ijduvonga jalb etilishi, demakdir. Shuning uchun ham Prezidentimiz tegishli farmoni g‘ijduvonliklar tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Odamlarimiz ushbu farmon ortida yorqin kelajakni, to‘kin hayotni his etishmoqda.

— G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi tuman iqtisodiyotida, ayniqsa, oziq-ovqat, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik va avtomobilsozlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida samarali mehnat qilayotgan tadbirkorlarni juda mamnun etdi, — deydi «Buxoro Fayz Tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Mustaqim To‘xtayev. — Bunday qulay imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida qiymati 12 million dollarga teng ip-kalava hamda ip-gazlama ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni niyat qilib, «G‘ijduvon» EIZ ma’muriyatiga murojaat qildim. Shu asosda menga 2,4 gektar yer maydoni ajratildi. Loyiha quvvatiga ko‘ra, birinchi bosqichda bir yilda 2000 tonna ip-kalava ishlab chiqarilsa, ikkinchi bosqichda 8,0 million kv.metr ip-gazlama ishlab chiqarish imkoniyati tug‘iladi. Ushbu loyiha asosida 180 yangi ish o‘rni barpo etiladi.

Muxtasar qilib aytganda, G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasi hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, pirovardida aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu esa milliy iqtisodiyotimizning barqaror taraqqiyotini, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini ta’minlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Vazirlik axborot xizmati

"O‘zbekiston ovozi" gazetasi