Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

21/04/2017 - 17:07 18631

Bugun vazirlikda 2017 yilda respublika hududlarini va iqtisodiyot tarmoqlarini yanada barqaror rivojlantirishni ta'minlash hamda joriy yilning birinchi choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha vazirlik oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hay'at yig‘ilishida vazir hamda uning o‘rinbosarlari, Hay'at a'zolari, bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri hamda hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirok etishdi.

Unda Davlatimiz rahbarining 2017 yil 11 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari va hujjatlari talablarini samarali va natijadorligini ta'minlanishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati va uning majmualari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, shuningdek, hokimiyatlarning barcha darajadagi  rahbarlarining shaxsiy javobgarligi hamda ijro intizomini mustahkamlash to‘g‘risida”gi PQ-2881-sonli qarorida belgilab berilgan vazifalarga mos ravishda Iqtisodiyot vazirligi tizimida ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar chuqur tahlil qilindi. Ayniqsa, Hay'at yig‘ilishida hududiy boshqarmalarda ijro intizomining holati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2017 yil 16 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining hududiy boshqarmalari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  PP-2840-sonli qarori talablarini so‘zsiz va o‘z vaqtida amalga oshrilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, uning tarkibiy bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari oldida turgan vazifalar;

2015-2019 yillarda Tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini (PQ-2698 26.12.2016 y.) amalga oshirish natijalari, shuningdek mahalliy korxonalarda import mahsulotlarini mahalliylashtirishning asosiy vazifalari va boshqa masalalarga e'tibor qaratildi.

Mazkur masalalar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarildi hamda kelgusida bajariladigan ishlar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Axborot xizmati