Aholini arzon, qulay va zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlash

22/02/2017 - 18:16 25220

So‘nggi yillarda respublikada qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini yaxshilash, namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joylar qurish hisobiga qishloq aholisining hayoti darajasi va sifatini oshirish, qishloqda muhandislik va transport kommunikatsiyalarini, ijtimoiy infratuzilma ob'yektlarini jadal rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda ko‘p qavvatli uylarni qurish va qayta ta'mirlash ishlarini olib borish bo‘yicha ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Binobarin, “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish” Dasturi  hamda “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va qayta ta'mirlash” Dasturi asosida mamlakatimizda shu kungacha amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlanib 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida “Respublikamiz qishloq va shaharlarida arzon hamda qulay uy-joylar qurish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davarxitektqurilish qo‘mitasi, ATB “Qishloqqurilishbank”, ATIB “Ipoteka bank”, “Qishloqqurilishinvest” IK, “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ va “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, besh yillik strategiya davomida qishloq joylarda 85 mingdan ortiq uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Birgina 2017-yilning o‘zida 15 mingdan ortiq uy-joy qurish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur keng ko‘lamli ishlarning barchasi aholini arzon, o‘rtacha ish haqi oladigan kishilar uchun hamyonbop uy-joylar bilan ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotganligi aytib o‘tildi. 

- Respublikamizda xalqning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish maqsadida mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanib, bunyodkorlik ishlarini jadallashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. 2009-2016-yillarda qishloq joylarda 1308 turar joy massivida umumiy maydoni 9 million 573 ming kvadrat metr bo‘lgan 69 557 ta shinam uy-joy qurilib, o‘z egalariga topshirildi. Qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. - deb ta'kidladi Iqtisodiyot vazirligining Qishloqlarda uy-joy qurilishi va kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i G‘ofir Djamalov. 

Shuningdek, mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yilda qishloq joylarda 12 019 dan ziyod yangi uy-joy, shu jumladan birinchi turdagi - 4608 ta, ikkinchi turdagi - 3739 ta,  uchinchi turdagi - 3672 ta uylarni qurish nazarda tutiladi. Shu bilan birga, yangi qurilayotgan uy-joy massivlarida faqat davlat resurslari hisobiga 415,3 kilometr suv ta'minoti tarmoqlari, 291,5 kilometr elektr ta'minoti tarmoqlari, 316,9 kilometr gaz ta'minoti tarmoqlari va 260,3 kilometr avtomobil yo‘llari, shu jumladan massivlar ichida kirish yo‘llari va yo‘llar, shuningdek 134 ta ijtimoiy infratuzilma ob'yektini barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Anjumanda qurilish-montaj ishlari sifatiga qo‘yiladigan talablar ham oshirilishi ko‘zda tutilganligi alohida ta'kidlanib o‘tildi. 

- Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qurilish materiallari, turli konstruksiyalar hisobiga ko‘p kvartirali uylarning narxi arzonlashadi. Hozirgi kunga kelib 90 foiz qurilish materiallari o‘zimizda ishlab chiqarilayotgani, bor-yo‘g‘i 10 foizi chetdan eksport qilinayotgani quvonarli hol bo‘lib,  qurilish ishlarining tez sur'atda va samarali ravishda amalga oshirilishiga ijobiy ta'sir etayapti, - deb aytdi Davarxitektqurilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Asomiddin Tojiyev. 

Bundan tashqari, uy-joylarning yangi namunalarini qurish uchun Dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan uy quruvchilarga 3 yillik imtiyozli davr va birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 15 yil muddatga imtiyozli ipoteka kreditlari berilishi aytib o‘tildi. Bunda uy-joyga talabgor fuqarolarning dastlabki badali quyidagi miqdorni tashkil etadi: 

- 15 foiz - ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar va 2, 3 xonali bir qavatli uylar uchun; 

- 25 foiz - ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar uchun. 

Demak, yangi tizim bo‘yicha qurilgan uylarni byudjet tashkilotlarda ishlaydigan xodimlar bemalol xarid qilishga va 15 yil kredit to‘lovini to‘lashga qurbi yetadi. 

Anjuman so‘nggida respublika qishloq joylarida hamda shaharlarida yashayotgan aholini, shu jumladan yosh oilalarni, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarni va boshqa toifadagi uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlash yo‘li orqali turmush darajasini yanada oshirish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish Dasturning asosiy maqsadi ekanligi aytib o‘tildi. 

Axborot xizmati

Fotoalbomni ko‘rish