"Mustaqillik - bu huquq!"

02/12/2016 - 12:45 14754

Bugun Iqtisodiyot vazirligida xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan "O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining "Mustaqillik - bu huquq!" iborasining mazmuni va ijtimoiy ahamiyati" mavzusida inson manfaatlarini huquqiy himoya qilishning mohiyati va ijtimoiy qiymati ma'naviy-axloqiy asoslariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, yuridik fanlar doktori F.Muhiddinova va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi xodimi O.Axmanov hamda vazirlikning markaziy apparati Bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Anjumanda so‘z olgan F. Muhiddinova O‘zbekiston Respublikasining bosh qomusi - Konstitutsiyamiz jamiyat va davlatimizning taraqqiyotida huquqiy kafolat ekanligining mazmun mohiyatini tushuntirdi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning xohish-irodasi, huquq va manfaatlarini o‘zida ifoda etgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar mujassamlashtirilgan qomusdir.

Asosiy qonunimizda demokratiya va umuminsoniy prinsiplarni amalga oshirishning kafolatlari o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotimizning besh tamoyili ana shunday ezgu g‘oyalarni hayotga joriy etish yo‘lida muhim dasturilamal vazifasini o‘tab kelmoqda. Ayniqsa, qonun ustuvorligi va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi tamoyili sud-huquq sohasidagi islohotlarga zamin yaratdi, deydi F.Muhiddinova.

O. Axmanov o‘z ma'ruzasida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy va huquqiy islohotlarning mazmuni, saylov qonunchiligini takomillashtirish bugungi kundagi saylov jarayonlarini demokratlashtirish va liberallashtirishda muhim bosqich ekanligi haqida gapirib o‘tdi.

Jumladan, Prezident saylovi jarayoni bilan bog‘liq qator qonunlar kuchga kiritilgani, bularga "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida", "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida" kabilarni misol qilish mumkinligi, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolarning saylov huquqlariga to‘la rioya etilishiga, saylovlarda saylovchilarning erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar va nomzodlarga adolat tamoyillariga asoslangan holda teng va keng imkoniyatlar yaratib berishga, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikka yo‘naltirilganligi haqida so‘zlab berdi.

Tadbir so‘ngida tinglovchilar kun mavzusiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ma'ruzachilar tomonidan batafsil javob oldilar.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati