PRESS RELIZ
03/11/2016 - 16:30 23996
Mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda amalga oshirilgan ishlar samaradorligi
Toshkent shahri, 2016-yil 3-noyabr
Iqtisodiyot vazirligida “Mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda amalga oshirilgan ishlar samaradorligi” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda quyidagi masalalar yoritildi:
to‘qimachilik sanoatining mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rni, bugungi holati va erishilgan natijalar;
to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida qabul qilingan dasturlar, ularning natijalari;
tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanish samaradorligi;
to‘qimachilik sanoatining istiqbollari va kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar.
Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti yaratilishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilishi natijasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda.
Ayni paytda tarmoqda 2 500 dan ortiq korxona samarali faoliyat yuritib, ularda 100 mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Bu korxonalarda tayyor gazlama va matolar, xushbichim tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari, zamonaviy choyshablar, gilam kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
So‘nggi 10 yil ichida tarmoqda yuqori o‘sish sur'atlari ta'minlanib, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 4,3 barobarga, mahsulotlar eksporti esa qariyb 4 barobarga o‘sdi.
Agarda mustaqillikning dastlabki yillarida butun tarmoqning eksport salohiyati bor-yo‘g‘i 7 million dollarga teng bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda yengil sanoat mahsulotlarining ekporti 1 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. Shuningdek, sohada ishlab chiqarilgan to‘qimachilik hamda tayyor kiyim-kechak mahsulotlari jahonning 60 dan ortiq davlatlariga eksport qilinmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda Braziliya, Chili, Xorvatiya, Nigeriya kabi mamlakatlarga ham ko‘plab turdagi yengil sanoat mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yildi.
Bunday natijalarga erishishda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, yengil sanoat tarmog‘ida ham keskin sifat o‘zgarishlarini ta'minlashga qaratilgan islohotlar olib borildi. Jumladan, umuman to‘xtab qolgan eski ip-yigiruv kombinatlari o‘rniga zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan xorijiy va qo‘shma korxonalar tashkil etildi. Ko‘plab tarmoq korxonalari modernizatsiya qilindi, ularda jahon andozalari darajasidagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi.
Shuningdek, tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgan imtiyoz va preferensiyalar ularning tashqi bozorda mustahkam o‘rniga ega bo‘lishiga imkon yaratdi.
Shu o‘rinda yana bir o‘ta muhim jihat - paxta tolasini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali yurtimizda yengil sanoat tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli dasturlar ishlab chiqilayotganidir.
Chunki ular asosida mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish hamda yangi korxonalarni tashkil etishga qaratilgan ishlar tizimli amalga oshirilmoqda. Misol uchun, yurtimizda qabul qilingan 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturi asosida to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati qariyb
1,0 milliard dollarga teng bo‘lgan 77 ta muhim loyiha amalga oshiriladi.
Hozirga qadar dasturga muvofiq, “Asaka Tekstil Prodakshn” korxonasida bo‘yalgan ip kalava, “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasida ip kalava ishlab chiqarishning 4-bosqichi, “Jizzax grant tekstil” korxonasida paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yangi quvvatlar foydalanishga topshirildi, “Uzteks Toshkent” va “Xumo to‘qimachi” korxonalarini zamonaviy ilg‘or uskunalar bilan jihozlash orqali modernizatsiya qilish ishlari yakuniga yetkazildi.
Shu bilan birgalikda, 2017-2021-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish dasturi asosida kelgusi besh yilda umumiy qiymati 2,2 mlrd.dollardan ortiq bo‘lgan jami 140 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur investitsiya loyihalari negizida, asosan aholi zich joylashgan hududlarda vertikal integratsiyalashgan, ya'ni qayta ishlashning 4 bosqichli tizimini joriy etish orqali tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan to‘qimachilik majmualari bunyod etiladi, mavjudlari esa zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda modernizatsiya qilinadi va ularda 27 mingdan ortiq muqim ish o‘rinlari yaratiladi.
Dasturdagi loyihalarning foydalanishga topshirilishi natijasida 2021 yilga kelib respublikada ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini to‘liq qayta ishlashga erishiladi. Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 2021 yilda 2016 yilga nisbatan 2,2 baravarga, jumladan, ip gazlama - 2,7 baravarga, tayyor trikotaj mato - 3 baravarga, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari - 3,4 baravarga, paypoq mahsulotlari - 3,7 baravarga ortadi va mos ravishda ushbu davrda mahsulotlar eksportini 2 baravarga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Tarmoqda amalga oshirilayotgan ishlarning samaralari, o‘z navbatida, O‘zbekiston yengil sanoatini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga mustahkam zamin yaratadi.