Ustuvor vazifalar belgilab olindi

26/10/2016 - 18:54 14982

Bugun Iqtisodiyot vazirligida bo‘lib o‘tgan Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2016-yil 9 oylik yakunlari hamda 2016-yilda respublika iqtisodiyoti barqarorligini yanada oshirish, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va maqsadli parametrlarining bajarilishini ta'minlash borasida vazirlik va uning quyi tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalarining oldida turgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi.

Hay'at yig‘ilishida vazir hamda uning o‘rinbosarlari, Hay'at a'zolari, bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishiga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri, “O‘zbekengilsanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisi, “O‘zfarmsanoat” konserni boshqaruvi raisi hamda “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari taklif etildi va o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha chiqish qildilar. 

Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishida:

Sanoat salohiyatini oshirish dasturlari doirasida viloyatlar, shahar va tumanlarda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda Iqtisodiyot vazirligi tarkibiy bo‘linmalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalarining roli;

Sanoat salohiyatini oshirish dasturlarini amalga oshirishda  viloyatlar, shahar va tumanlarda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish yuzasidan hududiy mehnat organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari bilan o‘zaro hamkorligi;

Tarmoqlar va hududlar kesimida to‘qimachilik, charm-poyabzali, farmatsevtika, oziq-ovqat qayta ishlash sanoatiga oid yangi korxonalarni joylashtirish va rivojlantirishning hududiy jihatlari hamda bu boradagi ishlarda sanoat tarmoqlarining hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari bilan o‘zaro hamkorligi; 

Tarmoq va hududlar eksport salohiyatini yanada oshirishning, birinchi navbatda, tashqi bozorga sanoat va yangi meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish hisobiga ta'minlash chora-tadbirlari;

Joriy yilda yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy soha ob'yektlarini foydalanishga topshirish uchun mo‘ljallangan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va 2017-yilga mo‘ljallangan vazifalar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining ijrosini ta'minlashda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va hududlar oldida turgan asosiy vazifalar;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish holati va ushbu yo‘nalishdagi ishlarning sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi ustuvor masalalar ko‘rib chiqildi.

Mazkur masalalar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarildi va kelgusida bajariladigan ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Yig‘ilish tanqidiy va ishchan ruhda bo‘lib o‘tdi. 

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati