“Odam savdosi - asr vabosi”

09/09/2016 - 17:38 12642

Bugun vazirlikning katta majlislar zalida xodimlar huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, farzandlarimizni mo‘may daromad va'da qiluvchi firibgarlar ta'siridan asrab, chet ellarda qulga aylanib qolishini oldini olish masalalariga bag‘ishlangan “Odam savdosi - asr vabosi” mavzusida navbatdagi ma'naviyat-ma'rifat soati bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlikning markaziy apparati hamda uning tasarrufidagi tashkilotlar xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Mamarasulov Fazliddin Umarovich - iqtisodiyot fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar institutining loyiha rahbari “Mehnat migratsiyasi: sabablari, oqibatlari, tartibga solish muammolari” mavzusida o‘z ma'ruzasi bilan qatnashdi.

Ma'ruza davomida notiq “Mehnat migratsiyasi” tushunchasining ma'nosi va mohiyati, uning oqibatlari, mamlakatimizda mazkur muammoni xal etishda ko‘rilayotgan choralar va tajriba masalalarini atroflicha bayon etdi. U, shuningdek, xalqaro migratsiya, readmissiya, naturalizatsiya hamda migrantlikning asosiy kategoriyalariga to‘xtalib o‘tdi.

Notiqning ta'kidlashicha, Birlashgan millatlar tashkilotining tadqiqotlariga qaraganda 2015 yilda dunyodagi migrantlarning soni 244 million kishiga yetgan.

Tadbir so‘nggida tinglovchilar e'tiboriga mavzuga doir hujjatli film ham taqdim etildi. Shuningdek, mavzu yuzasidan vazirlik xodimlarini qiziqtirgan savollariga ma'ruzachi tomonidan atroflicha javoblar berildi.

Vazirlik Axborot xizmati