“Diversifikatsiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash zamonaviy O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining muhim omili ” mavzusidagi matbuot anjumani press-relizi

12/08/2016 - 18:32 22890

“Diversifikatsiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash zamonaviy O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining muhim omili ” mavzusidagi matbuot anjumani press-relizi
Tashkilotchi: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Konferensiya o‘tkazilgan joy: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Vaqti: soat 11-00, 2016-yil, 12 avgust


Mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatining rivojlanishi

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi oldidan joylarda amaliy muloqotlar, uchrashuvlar va tadbirlar tashkil etmoqdalar. Jumladan, 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi hamkorligida “Diversifikatsiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash zamonaviy O‘zbekistonni iqtisodiy o‘sishining muhim omili” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari va Senat a'zolari, Iqtisodiyot, Qishloq va suv xo‘jaligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi va eksport qiluvchi bir qator kompaniyalar, agentliklar, aksionerlik jamiyatlari, korxonalar rahbarlari, shuningdek olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligi sohasida bozor munosabatlarini joriy etish va hususiy mulkchilik shaklini rivojlantarishga yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlar qatorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish masalalariga doimiy e'tibor qaratilib, o‘tgan davr mobaynida qabul qilingan bir qator qonun va qonun osti hujjatlari sohani yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Bu hujjatlarga binoan yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo don, kartoshka, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 1990 yilda import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilishiga erishildi. Shuningdek, 2015 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda oziq-ovqat sanoatining ulushi yalpi ichki mahsulotda 18,2 foizni tashkil etmoqda.

Tadbirda ta'kidlanganidek, bugungi kunda respublikada 9760 dan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat ko‘rsatmokda. Ularning 108 tasi yog‘-moy, 1313 tasi meva-sabzavotni qayta ishlash, 1493 tasi sut va go‘shtni qayta ishlash, 1137 tasi qandolatchilik, 5709 tasi boshqa oziq-ovqat tarmog‘iga tegishlidir.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, oziq-ovqat sanoati korxonalari yuqori texnologiyalarga asoslangan yirik ishlab chiqarish ob'yektlariga aylandi. Mamlakatimizda oziq-ovqat sanoatining rivojlanishi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga keyingi yillarda aholining ovqatlanish sifati ancha yaxshilandi, iste'mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tuzilmasi o‘zgardi.

Prezidentimizning 2016 yil 18 fevraldagi “Respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasini tashkil etilishi meva-sabzavot, go‘sht-sut va boshqa qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha yuqori unumli zamonaviy innovatsiya texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy etish, ushbu maqsadlar uchun, avvalambor, strategik xorijiy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish imkoniyatlarini yaratdi. Qaror ijrosi yuzasidan meva-sabzavot, go‘sht, tovuq va tuxum mahsulotlarini, baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tashkil topmoqda.

Ayni damda AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Belgiya, Avstriya, Turkiya, Koreya singari davlatlar qo‘shma korxonalardagi horijiy hamkorlar sanaladi.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan 2016-2020 yillarda Respublikada oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish Dasturi ishlab chiqilganligi, ushbu Dasturga muvofiq qishloq xo‘jalik mahsulotlarini 2020 yilda meva-sabzavotlarni qayta ishlash darajasi 23,3 foizni, go‘shtni qayta ishlash darajasi 17,6 foizni, sutni qayta ishlash darajasi 16,4 foizni tashkil etishi rejalashtirilganligi alohida ta'kidlandi.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda sifatli qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini yetishtirish, ayniqsa, mahalliy korxonalarda mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish yo‘li bilan, aholi ehtiyojlarini qondirish hamda eksport faoliyatini yanada kuchaytirish borasidagi faoliyatlar atroflicha tahlil qilindi.

Tadbir yakunida sohaga oid qonun hujjatlarining izchilligi va samaradorligini ta'minlash, tayyorlanayotgan qonun loyihalarining sifatini yaxshilash, va uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.