O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida 2016-yilning yanvar-mart oylarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi to‘g‘risida ma'lumot

25/04/2016 - 17:46 35541

Respublikada joriy yilning yanvar-mart oylarida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 8,04 trln.sum miqdorida kapital quyilmalar o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 25-dekabrdagi PQ-2458-sonli qaroriga asosan, 2016-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan barcha 454 ta investitsiya loyihalar bo‘yicha belgilangan tartibda tarmoq jadvallari tasdiqlangan.

Hisobot davrida vazirlik hamda tashabbuskor idoralarga quyidagi masalalar belgilab berildi, xususan:

Joriy yilda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan ob'yektlarni belgilangan ish kalendar grafiklari asosida uskunalarni yetkazib berish va qurilish montaj ishlarini amalga oshirilishini sentyabr-oktyabr oylarida muddatidan avval bajarilishini ta'minlash;

2017-yilga o‘tuvchi loyihalar bo‘yicha loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash, moliyaviy manbalarni kelishish, tegishli hujjatlarni imzolash (kredit, zayem va investitsion kelishuvlar) bilan birgalikda loyihalarni moliyalashtirish, tender savdolarini o‘tkazish hamda uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni tezlashtirishni jadallashtirishdan iborat.

Muhim strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring qilish, samaradorligini oshirish hamda ularni muvaffaqiyatli va sifatli amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-martdagi PF-4707-sonli “Ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” to‘g‘risidagi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 25-dekabrdagi PQ-2458-sonli “2016-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi” to‘g‘risidagi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-martdagi PQ-2313-sonli “Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi” to‘g‘risidagi qarorlariga kiritilgan investitsiya loyihalarning “Monitoring” avtomatlashtirilgan ma'lumotlar tizimi Iqtisodiyot vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqildi hamda joriy qilindi.

Shu bilan birga, qabul qilingan dasturlarning ijrosini ta'minlash bo‘yicha vazirlik, idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan monitoring olib borish tartibi belgilangan tartibda tasdiqlandi.

Hozirgi paytda yo‘lga qo‘yilgan ushbu tizim yordamida investitsion loyihalarning amalga oshirilishida har bir tarmoq jadvalini bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatilgan va buning natijasida muammoli masalalar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritib borilmoqda.

Hozirga kelib, 2016-yilda ishga tushadigan loyihalar bo‘yicha loyiha oldi hujjatlari tasdiqlangan hamda pudrat ishlariga shartnomalar tuzilgan. Shu bilan birga, uskunalarni sifatli va o‘z vaqtida yetkazib berish hamda qurilish-montaj ishlarining bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatilgan.