Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha savol-javoblar

17/03/2016 - 20:31 40312

Savol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 11-fevraldagi PQ-2298 - sonli qaroriga kiritilgan korxonalar uchun imtiyozlarning amal qilish muddati necha yilni tashkil etadi?

Javob: Loyihalar belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng, Maxsus idoralararo komissiyaning xulosasiga asosan 3 yil muddatga.

Savol: Mahalliylashtirish dasturi doirasida Hukumat qarorlari bilan qanday imtiyozlar joriy etilgan?

Javob: Bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari), foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi va mulk solig‘i (soliq solishning soddalashtirilgan tizimini qo‘llaydigan sub'yektlar uchun) bo‘yicha imtiyozlar mavjud.

Savol: Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni Mahalliylashtirish dasturi kim tomonidan tasdiqlanadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 1-dekabrdagi PQ-1236 - sonli va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 -yil 21-iyuldagi 154 - sonli qarorlarida dasturni shakllantirish va tasdiqlash tartiblari belgilangan.

Savol: Mahalliylashtirish dasturi loyihasiga qanday turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish loyihalari kiritilmaydi?

Javob: Bozorda raqobat muhiti yaratilgan yoki mahalliy bozorlar ushbu mahsulot turlari bilan to‘yingan bo‘lsa. 

Savol: Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi necha bosqichda o‘tkazilishi belgilangan ?

Javob: 2 bosqichda. 1-bosqichda hududiy sanoat yarmarkalari va tarmoq sanoat yarmarkalari; 2-bosqichda esa Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi.

Savol: Mahalliylashtirish dasturiga kiritilayotgan loyiha bo‘yicha ishlab chiqariladigan mahsulotning mahalliylashtirish darajasi eng kami (quyi chegarasi) necha foizni tashkil qiladi ?

Javob: 36 foizni tashkil etadi. Mahalliylashtirish darajasini hisoblash tartibi va formulasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154 - sonli qarori bilan tasdiqlangan.

Savol: Mahalliylashtirish dasturiga korxonalarning bitta turdagi mahsulotini kiritish muddati qanday?

Javob: 1 marta 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga. Ushbu yo‘nalishdagi barcha tamoyil va talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154 - sonli qarorining 1-ilovasida tasdiqlangan Tartibning 14-bandida keltirilgan.

Savol: Mahalliylashtirish dasturiga avval kiritilgan korxonaning dasturda qoldirish muddatini qanday shartlarda uzaytirish ruxsat etiladi?

Javob: Bosqichma-bosqich mahalliylashtirish dasturini chuqurlashishi import ulushi kamayishi hamda yangi turdagi mahalliylashtirilayotgan mahsulotni ommaviy ishlab chiqarishga o‘tilsa.

Savol: Mahalliylashtirish dasturiga kiritish qaysi tashkilotlarning xulosalari asosida amalga oshiriladi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xulosasi orqali amalga oshiriladi.

Savol: Mahalliylashtirish dasturini tuzish va amalga oshirish ishlarini qaysi tashkilot muvofiqlashtiradi?

Javob: Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishni ta'minlash bo‘yicha maxsus idoralararo komissiyalari orqali.

Savol: Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni Mahalliylashtirish dasturiga loyihalarni kiritish qaysi qarorga asosan amalga oshiriladi?

Javob: Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni Mahalliylashtirish dasturiga loyihalarni kiritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 21-iyuldagi 154 - sonli qarorida belgilangan tartibga asosan amalga oshiriladi.