Osiyo taraqqiyot banki vakilari bilan uchrashuv

01/12/2022 - 16:49 5914

Joriy yilning 1-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki vakillari Jalilov Begzod (bosh iqtisodchi), Stiven Goldfinch (missiya rahbari), Yiannis Furniadis (geologik xavf bo‘yicha mutaxassis), shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti mas'ul xodimlari ishtirok etdilar. 

Missiyaning maqsadi iqlim o‘zgarishiga chidamlilik uchun moslashuvchan investitsiya qarorlarini qabul qilishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahatlashish edi.

Uchrashuvda qishloq joylarda faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun iqlim xatarlari va tabiiy ofatlarni aniqlash vositalarini ishlab chiqish, yuqorida ko‘rsatilgan sohalarda manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlarining salohiyatini oshirishga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tegishli vazirlik va idoralar uchun iqlim xavflari va tabiiy ofatlarni aniqlash vositalarini joriy etish va qo‘llashning mohiyati, ahamiyati va usullariga bag‘ishlangan seminar (vorkshop) tashkil etish taklif etildi.

Shuningdek, Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori Oʻtkirjon Xolbadalov vazirlik tomonidan OTB bilan yashil rivojlanishning turli yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar iqlim xavf-xatarlari va tabiiy ofatlarni aniqlash vositalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, kelgusi yilning mart oyida seminar o‘tkazishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati