Farg‘ona viloyati xalq ta’limi tizimidagi korrupsion holatlarning yuzaga kelish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.

26/05/2022 - 17:38 2533

2022-yilning 26-may kuni Farg‘ona viloyati hokimligining katta majlislar zalida “Xalq ta’limi boshqarma va uning quyi tizimlarida korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelish sabablari va unga imkon yaratib berilayotgan shart-sharoitlar” mavzusida namunaviy eshituv o‘tkazildi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva ishtirok etdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yilning 5-aprel kuni tasdiqlangan 7-yig‘ilishi bayonnomasi ijrosini ta’minlash maqsadida hududiy kengash namunaviy eshituvlarida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining mas’ul xodimlari mazkur yig‘ilish a’zosi sifatida ishtirok etishdi.

Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatda xalq ta’limi tizimidagi qonun buzilish holatlarining kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.

Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha mas’ullarning axborotlari eshitildi.

Yig‘ilishda hududiy kengash tomonidan tizimda korrupsiyaga sabab va shart-sharoitlar yaratilish holatlarini aniqlash maqsadida viloyatdagi maktablarda o‘rganishlar olib borilgani, o‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, so‘rovnomalar tashkil etilgani qayd etildi.

O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ham bildirildi.

Eshituv so‘nggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilib, viloyatda aksilkorrupsiya siyosatiga oid islohotlarning hayotga tatbiq etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.