OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGI MARKAZIY APPARATIDA MAVJUD BOʻSH ISH OʻRINLARIGA TANLOV E’LON QILADI
31/03/2022 - 12:22 3523
Tanlov jarayoni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021-yil 5-martdagi “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi markaziy apparati, hududiy boʻlinmalar, tizimdagi tashkilotlar va muassasalaridagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish, xodimlarni boshqa lavozimga oʻtkazishda tanlov asosida saralab olish” toʻgʻrisidagi Tartibi asosida maxsus tuzilgan komissiya tomonidan 3 bosqichda amalga oshiriladi.
1-bosqich: Tanlovda ishtirok etish istagi boʻlgan nomzodlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” (https://vacancy.argos.uz)da roʻyxatdan oʻtishlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligida mavjud boʻsh lavozimlardan birini tanlab, soʻralgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishlari zarur.
Nomzodlardan ariza va kerakli hujjatlarni qabul qilish
2022-yil 31-martdan – 9-aprelgacha davom etadi.
2-bosqich: Birinchi bosqichdan oʻtgan nomzodlar bilan test sinovlari oʻtkaziladi. Nomzodlar 3-bosqich suhbat jarayoniga taklif qilinishlari uchun ularning test natijalari 60 balldan kam boʻlmasligi kerak.
3-bosqich: Ikkinchi bosqichdan oʻtgan nomzodlar bilan yuqoridagi talablarga javob berishlarini tekshirish maqsadida oʻzbek, rus va ingliz tillarida suhbat oʻtkaziladi. Suhbat natijasi 100 ball tizimi boʻyicha baholanadi (6 ta mezon boʻyicha), bunda komissiyaning har bir a’zosi suhbat natijasi bo‘yicha nomzodlarga ball qoʻyib chiqadi.
Komissiya tomonidan har bir nomzod boʻyicha ballar hisoblab chiqiladi va tanlovning yakuniy natijalari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi rasmiy veb-sayti orqali ma’lumot beriladi (www.mineconomy.uz) hamda har bir nomzodning shaxsiy kabineti yoki telefoni orqali xabar beriladi.
Bogʻlanish uchun (+99871) 232-64-29, (+99871) 232-65-40 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Tanlovda ishtirok etayotgan nomzod bir vaqtning oʻzida uchta boʻsh lavozim uchun ariza bilan murojaat etish imkoniyatiga ega.
Tanlovda ishtirok etish bo’yicha arizalarni qabul qilish faqat nomzodlar tomonidan saytdagi elektron soʻrovnomani toʻldirish orqali amalga oshiriladi.
Ariza va hujjatlarni qabul qilish vaqti oʻtgandan soʻng yuborilgan ariza va hujjat egalari tanlovda ishtirok eta olmaydi.
Hujjatlarni qabul qilish uchun havola – https://vacancy.argos.uz
XIZMATLARNI RIVOJLANTIRISH BOʻYICHA HUDUDLARNING MASTER-REJALARINI ISHLAB CHIQISHNI MUVOFIQLASHTIRISH DEPARTAMENTI
Xizmatlar sohasida infratuzilma loyihalari va master-rejalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish boshqarmasi
Bosh mutaxassis vakant lavozimiga mos asosiy talab va vazifalar
Talablar:
- Arxitektura va qurilish yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega, jumladan, xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan, shaharlarni rejalashtirish va arxitektura qiyofasini yaxshilash yoʻnalishida vazirlik, idoralar yoki xususiy sektorda kamida 5 yillik ish stajiga ega boʻlishi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash koʻnikmasining mavjudligi;
- Hududlarni rivojlantirish, shuningdek, shaharsozlik va qurilish yoʻnalishida ilmiy maqolalar chop etgan hamda hududlar master-rejalari va bosh rejalarini ishlab chiqish koʻnikmalariga ega boʻlishi;
- Oʻzbekiston Respublikasi hududlarini rivojlantirishda, shuningdek, shaharsozlik yoʻnalishida ilgʻor xorijiy tajribani Oʻzbekiston sharoitida qoʻllash boʻyicha koʻnikmasining shakllanganligi hamda xalqaro tashkilotlar bilan ishlash tajribasiga egaligi.
- AutoCAD, 3d studioMax va boshqa shu kabi kompyuter dasturlarida ishlash, aholi gavjum koʻchalar, avtomagistral yoʻllari boʻyida xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirishni loyihalashtirish koʻnikmalariga ega boʻlishi;
- Jamoa bilan ishlash, tahliliy va kreativ fikrlash, tashabbuskorlik va oʻz vazifasiga masʼuliyatli boʻlish hamda qaror qabul qilishda professional yondashish qobiliyatlariga ega boʻlishi lozim;
- Oʻzbek tilini mukammal va chet tillarini yuqori darajada bilgan nomzodlar ijobiy baholanadi.
Vazifalar:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining respublikada xizmatlar sohasini rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish yoʻnalishida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga takliflar berish;
- Oʻzbekistonda hududlarni rivojlantirish, xizmat koʻrsatish sohasi, jumladan, hududlar bosh rejalari va master-rejalarini ishlab chiqish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni doimiy monitoring qilib borish;
- Xorijiy ekspertlar koʻmagida aholi gavjum koʻchalarni rivojlantirish konsepsiyalari va master-rejalarini ishlab chiqish, ularda xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish boʻyicha loyiha takliflarini ishlab chiqish;
- Xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda xalqaro avtomobil yoʻllari, shuningdek, avtomobillar harakati yuqori boʻlgan yoʻllar boʻyida xizmatlarni rivojlantirish konsepsiyalari va master-rejalarini, ularda xizmat-savdo obyektlarini tashkil etish boʻyicha loyiha takliflarini ishlab chiqish;
- Hududlarda, ayniqsa, turistik salohiyati yuqori hududlarda infratuzilma bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish asosida ularni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- Arxitektura va qurilish sohasidagi davlat boshqaruvi organlari, shu yoʻnalishdagi loyiha institutlari, mahalliy hokimliklar va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda ishlashi lozim boʻladi.