KORRUPSIYASIZ IQTISODIYOT SARI
18/12/2021 - 09:53 3336
Yana bir tanlov yakunlandi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Yurtimizda huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishdek ezgu maqsadlar yo‘lida dadil qadam tashlanmoqda. Ammo taraqqiyotga g‘ov bo‘lib turgan bir illat borki, unga qarshi kurashish bugungi globallashuv davrida tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu – korrupsiya.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan vazirlik tizimidagi yosh xodimlar o‘rtasida “Korrupsiyasiz iqtisodiyot” tanlovi tashkil etildi.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda tanlov mavzusiga mos insho yozish talab etildi. Hakamlar hay’ati tomonidan munosib deb topilgan insho mualliflari tanlovning ikkinchi bosqichiga taklif etildi. Bunda ishtirokchilar “ZOOM” platformasi orqali insho mazmun-mohiyati va unda aks ettirilgan mexanizmlarni bayon etishdi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik va bu boradagi davlat siyosati yuzasidan savollarga javob berishdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi bosh mutaxassisi Ibrohim Lutfullayev, 2-o‘rinni Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bosh mutaxassisi Muhammad Boburjon Maxmudov, 3-o‘rinni esa Xorazm viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Sarvarbek Raxmonov egalladi.
G‘oliblar vazirlik rahbariyati tomonidan diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi.
Vazirlik Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,
Yuridik departament,
Inson resurslari va xodimlar salohiyatini
rivojlantirish departamenti,
Axborot xizmati.