Energiya tejamkor loyihalar
08/11/2019 - 10:56 3816
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida Energetika vazirligi va “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ tashabbusi bilan mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 22 avgustdagi qarori mazmun-mohiyatini va unda belgilangan vazifalarni, shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini ishtirokchilarga tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2011 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda, – deydi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi loyiha rahbari Alisher Alimov.
Xususan, 2011 yildan buyon 30 dan ortiq sanoat korxonasiga imtiyozli kreditlar berildi. Bugungi kunga qadar 82 kichik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Loyihalar energiya talab qiladigan sohalar, jumladan, neft-gaz, tog‘-kon, kimyo, elektr energiyasi, qurilish va qayta ishlashda amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 500 million kVt.dan ortiq elektr energiya va 187 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bundan tashqari, loyihada ishtirok etuvchi kompaniyalarning atmosferaga zararli chiqindilar chiqarishi sezilarli darajada kamayadi.
Loyihalar amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etilgani bois joriy yil 28 iyunda Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” (2-qo‘shimcha moliyalashtirish)" loyihasi doirasida Yevropa investitsiya banki mablag‘larini jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va unga ko‘ra, yana qo‘shimcha 100 million yevro mablag‘ jalb qilinadigan bo‘ldi.
Tadbir davomida savdo yarmarkalari ham tashkil etildi. Unda energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi qurilmalarni ishlab chiqaruvchilar, yirik korxonalar, shuningdek, tijorat banklari energiya samaradorligi sohasidagi yutuqlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi.
Oz'A