O‘zbekiston “Doing business” reytingida o‘z o‘rnini yaxshiladi
24/10/2019 - 10:48 12323
Avval xabar berganimizdek, mamlakatlardagi tadbirkorlik faoliyatini yuritishning osonligi ular tomonidan amalga oshiriladigan tartib-taomillarning soddalashtirilganligini baholaydigan “Doing business 2020” yillik hisobotida O‘zbekistonning o‘rni salmoqli darajada yaxshilanishi kutilayotgan edi.
Joriy yilning 24 oktabr kuni Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan chop etilgan “Doing business 2020” yillik hisobotida O‘zbekistonning reytingi 190 mamlakat orasida 76 o‘rindan 69 o‘ringa ko‘tarilib, 7 pog‘onaga yaxshilandi hamda ball ko‘rsatkichi 67.40 dan 69.9 ga o‘sdi.
O‘zbekistonning reyting o‘rnini ko‘tarilishida quyidagi yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilanishi asosiy omillar sifatida e’tirof etildi:
- Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning qulayligi yo‘nalishida 12 o‘rindan 8 o‘ringa ko‘tarilib, birinchi marta Top-10 lik mamlakatlar qatoridan joy oldi.
- Minoritar aksiyadorlarni himoya qilishning kuchaytirilganligi yo‘nalishida 64 o‘rindan 37 o‘ringa ko‘tarildi.
- Shartnomalar ijrosini ta’minlash yo‘nalishida 41 o‘rindan 22 o‘ringa ko‘tarildi.
- Xalqaro savdo sohasini soddalashtirish yo‘nalishida xam sezilarli o‘sishga erishilib, 165 o‘rindan 152 o‘ringa yaxshilandi.
Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ba’zi yo‘nalishlarda (To‘lovga layoqatsizlikni hal etish, Kredit olish, Qurilishga ruxsat olish) kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ushbu yo‘nalishlarni yaxshilash, amalga oshirilayotgan islohotlarni izchilligini va ularni natijadorligini ta’minlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish va ularning mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan.