“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlandi

07/10/2019 - 18:55 5553

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktyabrdagi PQ-4477-sonli qarori bilan 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida habar berilmoqda.

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tishning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdan iborat.

Bunga texnologiyalarni modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali erishiladi.

Strategiyani amalga oshirish natijasida issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalari 2010 yildagiga nisbatan 10 foizga qisqartiriladi.

Shuningdek, 100 foizgacha aholi va iqtisodiyot tarmoqlari zamonaviy arzon va ishonchli energiyadan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, ekologik jihatdan yaxshilangan motor yoqilg‘isi va avtomobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish kengaytiriladi, elektr transporti rivojlantiriladi.