Qonunchilikdagi yangiliklar

18/09/2019 - 12:04 5450

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 sentyabrdagi “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4453-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida habar berilmoqda.

Qaror bilan xomashyoni qayta ishlash asosida bozor talablariga mos to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal va mo‘ynachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan maqsadli parametrlari tasdiqlandi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan:

- bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni olib chiqishda eksport qilinadigan mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida;

- eksport qilinadigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab:

- yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi;

- to‘qimachilik, tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, va mo‘ynachilik korxonalarining foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazasi yetti yil davomida teng ulushlarda zamonaviy tozalash va kanalizatsiya inshootlarini qurish bo‘yicha xarajatlar summasiga kamaytiriladi;

- chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;

- “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalarining xorijiy konsultantlari O‘zbekiston Respublikasidagi daromad manbalari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini uning belgilangan stavkasidan 50 foiz miqdorida to‘laydi.

Hujjatning to‘liq matni: http://lex.uz/pdfs/4516526