Taraqqiyot yo‘lidagi xalqaro hamkorlik
05/07/2019 - 16:31 6082
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan BMT tizimi bilan hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpuslar, tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda BMT tizimidagi mavjud islohotlar va ushbu islohotlarning O‘zbekistonda amalga oshirilishiga bo‘lgan ta’siri, BMT va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2018 yilga mo‘ljallangan hamkorlikning asosiy natijalari va 2020-2025 yillarda O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi uchun yangi BMT dasturini ishlab chiqish jarayoni haqida ma’lumotlar berildi.
2018 yilda BMT tizimi barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) mahalliylashtirish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan holda, O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatladi, natijada O‘zbekiston uchun barqaror rivojlanishning 16 milliy maqsad va 125 ta vazifalari qabul qilindi.
— Xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi tizimi BMTning 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturini birgalikda amalga oshirish uchun O‘zbekistonda islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashdi, – dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzer.– Jumladan, inklyuziv iqtisodiy rivojlanish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifati, atrof-muhitni muhofaza qilish, samarali boshqaruv va qonun ustuvorligi ta’minlash doirasidagi loyihalarga 20 million AQSh dollardan ortiq miqdorda pul mablag‘lari ajratildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishtirokchilarga 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va BMT bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid konsepsiyasining loyihasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Konsepsiya uzoq muddatli maqsadlar va vazifalar, rivojlanish ustuvorligi va ularga erishish usullari, mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun tashkil qilinadigan rejalarni qamrab oladi.
2019-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasining uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning milliy konsepsiyasi barqaror rivojlanish maqsadlari va xalqaro amaliy hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, erishilgan natijalarini samarali monitoringdan o‘tkazish imkonini taqdim etadi.
Manba: www.mineconomy.uz