“Ernst & Young” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv
12/09/2018 - 19:48 7127
Joriy yilning 12-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida Buyuk Britaniyalik “Ernst & Young” (EY) auditor-konsalting kompaniyasining vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni vazirning birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev olib bordi.
Suhbat chog‘ida mehmonlar “Ernst & Young” kompaniyasi ayni damda Osiyo infratuzlmaviy investitsiyalar Bankiga xizmat ko‘rsatayotganligini ma'lum qilib, O‘zbekiston bozori hamda undagi kelgusida investitsiya yo‘naltirish mumkin bo‘lgan salohiyatli loyihalarni o‘rganish bugungi tashriflarining asosiy maqsadi ekanligini aytib o‘tdilar.
Ma'lumot o‘rnida: Buyuk Yuritaniyaning “Ernst & Young” kompaniyasi konsultatsiya va auditorlik xizmatlari sohasida dunyoning eng yetakchi kompaniyalaridan hisoblanadi. Ushbu kompaniyaning 728 ta ofisi jahonning 150 ta mamlakatida joylashgan bo‘lib, ularda ishlaydigan 230 ming nafar xodimi orqali davlat va xususiy sektor bilan turli masalalar yuzasidan hamkorlik qiladi.
“Ernst & Young” kompaniyasi xalqaro auditorlik va konsultativ kompaniyalar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston bilan 1995-yilda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Osiyo infratuzlmaviy investitsiyalar Banki (ingl. Asian Infrastructure Investment Bank, AIIB) - xalqaro moliyaviy tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi - Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, Osiyoda yo‘llar, aeroportlar, aloqa antennalari, arzon uy-joylar qurish va boshqa shu kabi infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishdir. Bank Xitoyda tashkil etilgan bo‘lib, uning shtab-kvartirasi Pekin shahrida joylashgan.
Axborot xizmati