O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda o‘ta muhim o‘rin tutadi

01/12/2017 - 10:07 6562

Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusidagi xalqaro konferensiya ishini yoritish maqsadida yurtimizga kelgan Yaponiyaning "Nikkei Shimbun" nashrining muxbiri Eidzi Furukava (Eiji Furukawa) joriy yilning 13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga tashrif buyurgan edi.

“Jahon” axborot agentligining yozishicha, "Nikkei Shimbun" gazetasining shu kunlardagi sonida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlariga bag‘ishlangan maqola bosilib chiqildi.

Uning muallifi Eidzi Furukava Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv munosabatlarini faollik bilan mustahkamlayotganini o‘quvchilarga ma'lum qilar ekan, bu mintaqaviy hamkorlikning kengayishida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlaydi.

Yapon jurnalistining yozishicha, Toshkentning qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga bo‘lgan sodiqligini O‘zbekiston yetakchisining mintaqaviy diplomatiyasi faollashganida ko‘rish mumkin. “O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda o‘ta muhim o‘rin tutadi”, deb yozadi nashr.

Yuqorida aytilganidek, maqola muallifi joriy yilning 10 - 11-noyabr kunlari BMT shafeligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha O‘zbekistonda o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan edi. Shu bois maqolada Samarqandda bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro konferensiyaning yakunlariga doir muhim ma'lumotlar ham o‘z ifodasini topgan. Jumladan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu xalqaro tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini tashkil qilish tashabbusini ilgari surgani ham yapon o‘quvchilarining e'tiboriga havola etilgan.

O‘zbekistonda kechayotgan ichki siyosiy jarayonlar haqida to‘xtalar ekan, yapon jurnalisti tadbirkorlikni jadal rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etish maqsadida respublikamizda keng qamrovli ishlar olib borilayotganini alohida ta'kidlagan, deb yozadi “Jahon” axborot agentligi.