«Hayotimning uzviy bir qismi, hech unutilmas davri mana shu Qashqadaryo zaminida kechdi»
10/10/2016 - 10:24 8656
…Oqqan daryo oqaveradi. Islom Karimov boshlagan ulug‘ bunyodkorliklar yangi avlodlar kuch-g‘ayrati, aql-salohiyati va jasorati bilan bardavom bo‘laveradi.
Islom KARIMOV:
Taqdir deymizmi, tuz-nasiba deymizmi, hayotimning uzviy bir qismi, hech unutilmas davri mana shu Qashqadaryo zaminida kechdi. Shu bois, men bu go‘zal yurtga nisbatan qalbim to‘rida mehr-muhabbat tuyg‘usini saqlab, qizg‘in mehnat, ezgu orzu-niyat va intilishlar bilan o‘tgan o‘sha yillarni doimo minnatdorlik bilan eslayman. O‘sha murakkab paytlarda og‘ir muammolar girdobida qolib ketgan Qashqadaryo viloyatida mavjud bo‘lgan nochor ahvolni o‘nglash, yurtni obod etish yo‘lida siz, azizlar bilan qanday harakatlar, qanday katta maqsad va rejalarni amalga oshirishga erishganimiz, o‘ylaymanki, barchamizning xotiramizda yorqin sahifa bo‘lib qolajak.
Shaxsan men umrimning eng qizg‘in, suronli va baxtli damlarini Qashqa vohasida o‘tkazganimni, shu yurtda o‘zim uchun hayotiy maktab, katta tajriba topganimni, sizlarning quvonch va tashvishlaringizga sherik bo‘lib, mehr-oqibat ko‘rganimni hech qachon unutmayman.
Ming yillar qa’ridan avlodlarga yetib kelgan tosh bitiklarning ham bir kun o‘chishiga, xira tortishiga xo‘rlangan tarix ko‘p marta guvoh bo‘lgan. Biroq xalq yuragida saqlagan ezgu niyatlar xech qachon zavol topmaydi. Tildan tilga, dildan dilga o‘tib, abadiyat kitobiga muhrlanadi.
Ming afsuski, o‘zi sevgan, bemisl mehr qo‘ygan qashqadaryoliklarga nisbatan eng aziz tuyg‘ularini izhor qilgan buyuk inson endi oramizda yo‘q. Yuqoridagi so‘zlarning har birida yurak amri, tengsiz mehr ifodasi bor edi...
Olaqo‘ylik — Kitob tumanidagi mashhur muallimlar, shifokorlar, huquqshunoslar, ijodkorlar, o‘z kasbining mohir ustalari yetishib chiqqan mening ona qishlog‘im. Yuraklarni o‘rtovchi xabar yetib kelganida, bir hamqishlog‘imiz dunyodan o‘tgan ota-onasi xotirasiga bag‘ishlab ma’raka o‘tkazayotgan edi, hamma lol bo‘lib qoldi, ishonish qiyin edi bu xabarga. Qishlog‘imiz oqsoqoli Ahmadxon Oftobxon o‘g‘li muqaddas Qur’on oyatini tilovat qilib, savobini marhum Yurtboshimiz ruhiga bag‘ishladi. Odamlar duoga qo‘l ochishdi...
Amakim — 96 yoshli Majid Xidir o‘g‘lining uyiga bordim. Musibatning tili yo‘q, karaxt edim. Rosti, to‘qsoninchi yil may oyida otam rahmatlini so‘nggi manzilga kuzatayotganda ko‘z yoshi to‘kkanman. Yillar, mashaqqatlar, suronli kurashlarga to‘la hayot yuragimni qotirdi, yoshim anchaga yetdi. Bu safar nuroniy amakimni ko‘rib, ko‘z yoshlarimni tiyolmadim. Amakim urushda qatnashgan, janggohlarda joni omon qolgan, keyin institutda o‘qib, ilm olgan, xo‘jaliklarni boshqargan, o‘nlab yaxshi imoratlar qurdirgan, gapini topib aytadigan yurtning dono kayvonisi. U ham cheksiz qayg‘u o‘tida yonayotgan ekan, meni bag‘riga bosdi...
Xontaxta atrofida o‘tirdik va u kishi duoga qo‘l ochdi. Ancha vaqt jim qoldik. Shunday holatlar bo‘ladiki, so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Yurak izmingizga yurmaydi, faqat adoqsiz o‘ylar og‘ushida qolasiz. Men ham xuddi shunday ahvolda edim. Xayol uzoqlarga olib ketdi. Onam yoshligimda qazo qilgan, otam meni o‘qitgan, qiyinchilik bilan saksoninchi yilda «Qashqadaryo haqiqati» gazetasiga ishga joylashgan edim. Haftada besh marta chiqadigan, viloyatdagi haqiqiy ahvolni aks ettiruvchi birorta maqola chop etishga jur’at eta olmaydigan nochor gazeta edi. Ana shunday murakkab davrda Islom Karimov viloyat rahbarligini qabul qildi. Iqtisodi qoloqlik botqog‘iga botgan, odamlarning qaddi egilgan, faravon hayot haqidagi orzular barbod bo‘lgan davr edi. Tez orada nohaq qoralanganlarni himoya qilish, adolatni tiklash, iqtisodiyotni ko‘tarish borasida tengsiz kurash boshlandi. Yangi rahbarimiz gazetani ham faollikka chaqirdi. Hamkasblarimizdan birining qaysidir xo‘ujalikdagi kamchiliklarni tanqid qilgan maqolasi bosildi. Shunda rahbarimiz muharririmizni huzurlariga chorlab: «Endi o‘sha joydan ahvol qanday o‘zgarayotgani haqida yana maqola tayyorlanglar. Haqiqatni yozishdan cho‘chimanglar», degan ekan. Mening kasalxonalarda qanday taomlar tayyorlanayotgani, ta’minot haqidagi «Shifoxona menyusi» sarlavhali maqolam gazetaning besh sonida chop etildi. Hech kutilmaganda shunday janjal ko‘tarildiki, naqd balo o‘qiga nishon bo‘ldim. O‘sha paytdagi Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi, uning viloyatdagi boshqarmasi mas’ul xodimlari gazetamiz tahririyatiga yopirilib kelishdi. Dag‘dag‘alar, meni ishdan bo‘shatishga urinishlar boshlanib ketdi. O‘shanda rahbarimiz o‘rtaga tushdilar. Masalani maxsus o‘rganish kerakligi aytildi. Natijada alohida taftishchilar kasalxonalardagi ahvolni chuqur o‘rganishdi, mening kamchiliklarimni ham aytishdi, ammo tanqid asosan tasdiqlandi. Men o‘z ishimda qoldim. Ikki bor viloyatimiz rahbari Islom Karimov imzo chekkan «Faxriy yorliq» bilan taqdirlandim. Bu hayotimda olgan ilk mukofot edi. Ularni bir umr ko‘z qorachig‘iday asrab kelayapman. Endi ochiq aytaman, o‘shanda rahbarimiz haqiqatni yoqlamaganlarida, men ishdan ketgan, hayotim izdan chiqqan bo‘lardi. Shuning uchun ham u kishining qilgan yaxshiligini hayotimning so‘nggi kunigacha unutmayman.
— Uzoq yillik umrimda ko‘p yaqinlarimni yo‘qotganman. Besh yillik qattol urushda yelkama-elka jang qilgan birodarlarimdan ayrilganman, — deydi Majid bobo. — Ammo ulug‘ rahbarimiz Islom Karimovning vafoti haqidagi xabardan yuragim larzaga keldi. Butun umrini, hatto jonini xalqiga, yurtiga baxshida qilgan, so‘nggi daqiqagacha odamlarni, ularning baxtli hayotini o‘ylagan buyuk inson endi oramizda yo‘q. Hozir esladim, Shahrisabz shahrining kutlug‘ to‘yida u kishining so‘zlarini tingladim. Tantanali marosim tugagandan keyin, u kishi bilan quchoq ochib ko‘rishdik. Keyin Qarshi shahrining 2700 yillik to‘yida qatnashib, yangi yodgorlik ochilishi marosimida so‘zlagan nutqlarini eshitdim. O‘shanda yana bir bor bu insonga Olloh cheksiz iqtidor, katta qalb ato etganiga amin bo‘ldim. Shuni bilamanki, u kishining orzulari, ulug‘ rejalari, albatta, amalga oshadi. Oxiratlari obod bo‘lsin!..
...Mana, Qarshi shahri. Mana, o‘sha yodgorlik monumenti. Unda ilm olish va mehnatga chog‘langan o‘g‘il-qizi yonida turgan ota va ona siymosi tasvirlangan. Rahbarimiz yodgorlikni «El-yurt tayanchi», deb atagan edi... Bugun ana shu yodgorlikning yonida maxsus joy hozirlanib, Yo‘lboshchimizning suratlari qo‘yildi. Ertalabdan kechgacha el-yurt tayanchi bo‘lgan ota-onalar, ularning ilm va kasb egallayotgan o‘g‘il-qizlari, turli kasb sohiblari, minglab, o‘n minglab qarshiliklar xotira marosimiga kelib, chuqur qayg‘u va cheksiz ehtiromlarini izhor qilishadi. Hamdardlikni qabul qilib, bosh egib turganlar orasida yetakchilar, o‘z mehnati bilan tanilgan fidoyilar, kayvonilar bor edi. Ulardan biri — «Nuroniy» jamg‘armasi Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari, O‘zXDPdan viloyat Kengashi deputati Yanvar Inoyatov Samarqand shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning dafn etish marosimida qatnashdi. Yanvar aka qashqadaryoliklarning chuqur hamdardliklarini izhor etar ekan, tariximizning eng murakkab davrida viloyatga rahbarlik qilganlari, xalqning egilgan qaddini ko‘targanlari, mustaqillik yillarida Qarshi va Shahrisabz shaharlari chinakamiga obod bo‘lib, tengi yo‘q bunyodkorliklar yuz berganini iftixor bilan ta’kidladi.
Xotira marosimlari barcha tumanlarda o‘tkazildi. Ularda qatnashganlar ulug‘ Yo‘lboshchimiz boshlagan qutlug‘ ishlarni davom ettirishga, el-yurtga xizmat qilishga so‘z berdilar.
Suyun ABDIYEV, Qarshi tumanidagi «Abdiyev Majid» fermer xo‘jaligi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zosi:
— Dardu alamimni so‘z bilan ifodalay olmayman. Samarqand shahrida Birinchi Prezidentimizni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimida qatnashdim. Ayriliq dardi shunchalik o‘rtardiki, marosimga qatnashgan barchaning yuraklari sel bo‘ldi. Xotirlash marosimida dunyoning taniqli davlat va siyosat arboblari Yurtboshimizning yer yuzida tinchlik, do‘stlik, yaqin hamkorlik borasidagi ulkan xizmatlarini alohida tilga olishdi. Marosimdan Qashqadaryoga qaytgach, uyimda o‘tira olmadim, dalamga chiqib ketdim. Axir, aqlimni tanib, ana shu dalani kezaman. Shu tuproqqa dard-alamlarimni, orzu-niyatlarimni aytaman. Bu safar ham dalamga kelib, xotiraga berildim. Esimda, Yurtboshimiz bir necha bor ana shu dalamizga kelib, g‘alla va paxtaning mo‘l hosilini ko‘rib suyungan, qimmatli maslahatlar bergan edilar. Shu yil yozda kelganlarida tumanimizdagi uchrashuvda men bilan salomlashib, fikrimni so‘radilar, men ham qalbimdagi niyatlarimni aytgan edim. Hozir shularni eslar ekanman, shu aziz tuproq bor ekan, ulug‘ insonning bosgan izlari, qishloq odamlari hayotini farovonlashtirish yo‘lida chekkan mashaqqatlari abadiy qolishiga imon keltirdim.
Cho‘li JO‘RAYEV, «Nuroniy» jamg‘armasi Kasbi tuman bo‘limi raisi, O‘zXDPdan tuman Kengashi deputati:
— Mustaqillik bayramimiz arafasida Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra, «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan edim. U kishining vafot etganligi haqidagi xabarni eshitib, chuqur qayg‘uga botdim. 2015 yilning yozida mamlakatimiz rahbari tumanimizdagi «Shomurod Sultonov» fermer xo‘jaligi dalasida faollar bilan uchrashganda, men ham qatnashgan edim. U kishi iqtisodiyotni ko‘tarish, yoshlar tarbiyasi, qishloqlarni obod qilish yuzasidan qimmatli maslahatlar berdilar. Rosti, keyingi ikki-uch yilda tumanda pasayish sezilgan edi. Yangi hokim kamchiliklarga barham bera boshladi. Obodonchilikka e’tibor kuchaydi. Jami 48 ming tonna g‘alla topshirib, rejani oshirib ado etdik. 70 ming tonna paxta yetishtirish uchun dalalarda terim boshlanib ketdi. Ana shunday kunlarda minglab kasbiliklar xotira marosimida qatnashib, ulug‘ Yo‘lboshchimizga nisbatan ehtiromlarini izhor qilishdi.
Bahodir HOJIYEV, Qarshi Olimpiya zaxiralari kollejining dzyu-do bo‘yicha murabbiyi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi:
— Mamlakatimiz sportchilarining Braziliyada o‘tkazilgan olimpiadada erishgan g‘alabalari butun dunyoga yoyildi. Olimpiadada qatnashgan kurashchilar orasida shogirdim Soyib Qurbonov ham bor. Bu ulkan muvaffaqiyatlar Birinchi Prezidentimiz g‘amho‘rligi tufaylidir. Birgina Qarshi shahrida o‘nlab zamonaviy o‘yingohlar, tennis kortlari, suzish havzalari barpo etilgan. Rahbarimizning ko‘rsatmasi bilan o‘tgan yili muhtasham Badiiy gimnastika saroyi qurib, ishga tushirildi. Endi yuragimni ochsam, qayg‘umizning cheki yo‘q. Kollejda «Xotira darsi» o‘tkazib, o‘quvchilarga Islom Karimovning xizmatlari, orzulari haqida gapirib berdim. Ishonamanki, yoshlarimiz ulug‘ Yulboshchimizning da’vatlarini unutmay, sport sohasida yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratishda davom etadilar.
Zarnigor AHMEDOVA, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi:
— Yaqinda o‘g‘il ko‘rdim, unga Olim, deb ism qo‘ydik. Birinchi Prezidentimizning vafoti haqidagi xabar yuragimni larzaga soldi. Go‘yoki dunyoni qorong‘ulik bosgandek bo‘ldi. O‘sha asnoda chaqalog‘imning yig‘isidan o‘zimga keldim, ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmay, bolamni bag‘rimga bosdim. Shunda bu ulug‘ inson biz uchun qanchalik aziz ekanligini yurak-yurakdan angladim. Esimda, maktabda o‘qiyotganimda, Birinchi Prezidentimizning farmoni bilan menga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti berilgan edi. Bu menga bildirilgan yuksak ishonch edi. Bu ishonch oldida o‘zimni hamon qarzdor hisoblayman. Umrim oxirigacha bu ishonchga munosib bo‘lishga harakat qilaman...
...Qarshidan yo‘lga chiqib, Shahrisabzga yetib kelib, shahar markaziga yo‘l olaman. Jahonning tengsiz obidasi Oqsaroy qanotlarini yozgan oqqush singari obod xiyobon boshida qad ko‘targan. Shu maydonda ulug‘ Amir Temur bobomizga muazzam haykal o‘rnatish, shaharning qutlug‘ 2700 yillik to‘yini o‘tkazish tadbirlari boshida Birinchi Prezidentimiz turgan edi. Ulug‘ Sohibqiron bobomiz qoldirgan merosni e’zozlab, Shahrisabz shahrini qaytadan obod qilgan, bunyodkorlik rejasini tuzib bergan ham Yo‘lboshchimiz edi. Qadimiy manbalarda kayd etilishicha, ulug‘ sarkarda zamonida bog‘lar 8 gektar atrofida bo‘lgan, bugun 80 gektarga yetdi. Obod xiyobon bo‘ylab yurib, Ko‘kgumbaz jome’ masjidi qarshisiga yetib kelaman. Yangidan ta’mirlangan muqaddas maskan yonida alohida joy hozirlanib, xotirlash marosimi o‘tkazilayapti. Qalbi minnatdorchilikka to‘la minglab, o‘n minglab shahrisabzliklar bir necha kun davomida o‘zlarining cheksiz ehtiromlarini izhor qilishdi.
Shahlo RAHMONOVA, Shahrisabz tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, hokim o‘rinbosari, O‘zXDPdan tuman Kengashi deputati:
— Shahrisabzliklar bugun chekayotgan g‘am va qayg‘uni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Chunki Yurtboshimiz tumanimiz mehnat ahliga cheksiz mehr qo‘ygan, Shahrisabz shahrini obod qilish ishlarini boshida turgan edi. Men o‘zim 2011 yilda Qarshi tumanidagi «Baxt» fermer xo‘jaligi shiyponida mamlakatimiz rahbari bilan uchrashgan edim. O‘shanda shahardagi 88-maktabda til-adabiyotdan dars berardim. Menga gal kelgach, maktabda til bayrami o‘tkazganimiz, o‘quvchilarimiz shahrimizga kelayotgan xorijlik mehmonlar bilan ingliz tilida bemalol so‘zlashganlari haqida gapirib berdim. Shunda Yurtboshimiz nihoyatda mamnun bo‘lib, «Yoshlarga ona tili qatori ingliz tilini ham puxta o‘rgating», deya maslahat bergan edi. U kishining ulug‘ niyatlari yurtimizda to‘la amalga oshmoqda. Toshkentda bu yil O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil topib, birinchi talabalarini qabul qildi. Xorijiy tillarni o‘rganish tobora yaxshilanib bormoqda. Faxrlanib ayta olamizki, shahrimizning maktab va kollejlarida ta’lim olayotgan yoshlar Shahrisabzga kelayotgan sayyohlar va mehmonlarga bir necha tilda tariximiz, farovon hayotimiz haqida hikoya qila olishadi. Yurtboshimiz orzu qilganidek dono, intiluvchan yoshlar kamolga yetmoqda. Ular hech qachon buyuk Yo‘lboshchimizni, u kishining tengsiz xizmatlarini unutishmaydi...
Og‘ir va musibatli damlarda Yurtboshimizning ushbu so‘zlarini yodga olaman: «O‘zbekiston — muqaddas Vatan. Ota-bobolarimiz xoki yotgan yer. O‘zimiz yotadigan yer».
Tengsiz yo‘qotishdan o‘rtanayotgan, Buyuk Yo‘lboshchimizning da’vatlarini qalbiga jo qilgan xalqimizning tilagi bitta: Bu tuproq — muqaddas. Jonimiz, qonimiz shu tuproq bilan, Vatan bilan bir. Ozod Vatan, ona Vatan yanada obod bo‘lg‘usidir!