O‘zbekiston mustaqillik va mustabidlik yillarida: Namangan viloyati

11/07/2016 - 17:25 14388

Namangan viloyati Farg‘ona vodiysining eng ko‘rkam, so‘lim go‘shalaridan biri ekanligi hammaga ma’lum.

Tabiatning fusunkor bu maskanini ko‘p shoirlar biri-biridan o‘tkazib ta’riflagan. Ammo «Namangan — gullar shahri» degan baho ko‘proq ovoza bo‘lgan. Darhaqiqat, namanganliklar nafis didli, shoirqalb bo‘lgani uchunmi, har holda, shaharlarini azaldan gulu gulzorga aylantirishgan.

Ammo yaqin o‘tmishda ular faxrlanib ko‘rsatadigan biror bino, ko‘cha, san’at yoki sport inshooti yo‘q edi.

Usta-hunarmandlar ko‘p edi, afsuski, ular to‘qigan atlasu do‘ppilarini, yasagan ro‘zg‘or buyumlarini bozorda yurak hovuchlab, yashirincha sotishardi. Bozorda esa qo‘lbola savdo rastalari tartibsiz joylashgan, sotuvchi va xaridorlar uchun oddiy sharoit ham yo‘q edi. Shahar aylansangiz, ko‘rimsiz tor ko‘chalar, pastqam uylar, tartibsiz qurilgan oshxonayu choyxonalardan boshqa e’tiborni tortadigan birorta binoni ko‘rish amrimahol edi.

Bugun esa shaharning qiyofasi butunlay o‘zgacha, Namangan nafaqat gullar shahri, ayni chog‘da keng va ravon ko‘chalar, go‘zal binolar, san’at va sport koshonalari shahri. Bozori ham zamonaviy, usta-hunarmandlar uchun alohida rastalar ajratilgin.

Istiqlol yillarida butun viloyat tom ma’noda gullab-yashnadi. Davlatimiz rahbarining 2009 yil 6 iyuldagi «Namangan viloyati sanoatining industrial salohiyatini rivojlantirish, Namangan shahrini obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi yuksalish davrini boshlab berdi. Natijada keyingi 7 yilda 578 yangi korxona tashkil etilib, 210,5 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi va 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. «Uz Chasis» qo‘shma korxonasi, «Namangan tola tekstil», «Maxsus metall sanoat», «Mexmash», «Lyuks plyus Servis», «Namangan momiq sochiqlari», «Norin Mechanical Plant» kabi korxonalar mahsulotlari bilan chet ellarda ham shuhrat topmoqda.

Yaqindagina foydalanishga topshirilgan 123 kilometr uzunlikdagi Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq dovonidan o‘tkazilgan 19,2 kilometrlik tunnel namanganliklar quvonchiga quvonch qo‘shdi.

Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi doirasida 86 854 o‘quvchi o‘rinli jami 355 umumta’lim maktabi, jumladan yangi qurilish hisobiga — 9, rekonstruksiya qilish hisobiga — 166, mukammal ta’mirlash hisobiga — 180 umumta’lim maktablari foydalanishga topshirildi. 2008-2014 yillar davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘i hisobiga 5 bolalar sport majmuasi, 15 bolalar musiqa va san’at maktabi, 51 maktab uchun yangi sport zallari, 4 sport maydonchasi, 8 suzish havzasi, 6 bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda 6 sport inshooti foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda aholiga 746 davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda 127 mingdan ziyod yoshlar viloyatdagi 3 oliy o‘quv yurti, 10 akademik litsey, 108 kasb-hunar kollejlarida tahsil olmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatning istiqboli porloq. 2015-2019 yillarda qiymati 685 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 5703 investitsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘lida izchil ish olib borilmoqda.

Namangan viloyati ahlining fidokorona mehnati mahsuli bo‘lmish o‘zgarishlar va bunyodkorliklar haqida so‘z — fotosuratlarga. Xulosa chiqarish esa sizdan, aziz gazetxon!
 
NAMANGAN: BUGUN VA KECHA

Bugungi Namangan shahridagi Tinchlik stellasi. Bu joyning kechagi ahvoli.

 

Bugungi Namangan xalqaro aeroporti va kechagi aeroport.

 

Chorsu massivi: hozir va yaqin o‘tmishda.

 

Namangan davlat universitetining: yangi va eski binosi.

 

Alisher Navoiy ko‘chasi: hozirgi ko‘rki va o‘tmishdagi qiyofasi.


Temir yo‘l vokzali hududining bugungi va oldingi ko‘rinishi.

Manba: “O‘zbekiston ovozi” ijtimoiy-siyosiy gazetasi