O‘zbekiston mustaqillik va mustabidlik yillarida: Surxondaryo viloyati
29/06/2016 - 09:59 11747
Mustaqillik Surxondaryo viloyatini, uning markazi bo‘lgan, Prezidentimiz farmoniga asosan «Amir Temur» ordeni bilan mukofotlangan Termiz shahrining qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi.
Bugun bu yurtga kelganlar uning chiroyidan, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlaridan hayratlanishlari, lol qolishlari tabiiy albatta.
Istiqlol Surxondaryo viloyatini yashartirib, yashnatib yuborganligiga keling, birgalikda guvoh bo‘laylik.
Termiz davlat universitetining yangi, zamonaviy binosi, «Delfin» suzish havzasi, 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Surxon» sport majmuasi, ko‘rkam «Yoshlar markazi» bilan «Baxt uyi», «Amfiteatr» bilan kamalakdek serjilo musiqali favvora... Hamma-hammasini sanab sanog‘iga yetolmaysiz. Termiz shahrining 2200 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Arxeologiya muzeyi alohida mavzu.
Markaziy ko‘chalarni tutashtiruvchi keng va ravon avtomobil yo‘llarining ta’rifiga so‘z ojiz. Yo‘llarning ikki tomonida zamonaviy me’morchilik va shaharsozlik talablari darajasida ko‘p qavatli turar-joy, jamoat va servis xizmatlari ko‘rsatadigan binolar barpo qilingan.
Tubdan qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilgan Hakim at-Termiziy ziyoratgohidan sayyohlar qadami uzilmaydi. Bobur nomidagi bog‘ haqiqiy madaniyat va istirohat maskaniga aylangan. 2009-2015 yillarda viloyatda namunaviy loyihalar asosida 4 ming 700 dan ortiq uy-joy tiklangan bo‘lsa, joriy yilda yana 1 ming 48 uy-joy qurilmoqda.
Asr qurilishi nomini olgan «Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on» temir yo‘li esa haqiqiy ma’noda istiqlolning bebaho tuhfasidir. Mazkur inshoot foydalanishga topshirilishi bilan o‘ndan ortiq yirik konlar bag‘ridagi boyliklarni qazib olish va tashish imkoni paydo bo‘ldi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Mustaqillik yillarida Shveytsariya, Malayziya, Xitoy, Rossiya, AQSh va boshqa xorijiy mamlakatlar bilan ko‘plab qo‘shma korxonalar tashkil qilindi.
Ayni kunlarda viloyatda 2 mingga yaqin yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirokida tashkil etilgan «Surxonpaxtasanoat», «Jarqo‘rg‘on neftni qayta ishlash», «Sho‘rchi don mahsulotlari», «Shindong-Spining-Termiz», «Surxon-Termiz-Silk» va boshqa o‘nlab korxonalarda tayyorlanayotgan sifatli mahsulotlar xorijda ham o‘z mijozlarini topmoqda.
Xullas, viloyatda yuz bergan va yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar behisob. Quyidagi suratlarda esa eng diqqatga sazovor bunyodkorliklar aks etgan. Ko‘ring va o‘zingiz baho bering.
SURXONDARYO: BUGUN VA KECHA
Al-Hakim At-Termiziy ziyoratgohi: bugun va yaqin o‘tmishda.
Termiz davlat universiteti: bugun va kecha.
Termiz shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasining hozirgi ko‘rki va o‘tmishdagi qiyofasi.
Bugungi Surxon sport majmuasi va uning ilgarigi o‘rni.
Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on temir yo‘li va u o‘tgan hududlar.