Qashqadaryo viloyatida “mahallabay” ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etildi
27/07/2022 - 11:45 2612
Joriy yilning 21–22-iyul kunlari davomida Qashqadaryo viloyatida “mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, o‘tgan 6 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etildi.
Press-turning 1-kunida ishtirokchilar Shahrisabz shahri, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida hokim yordamchilarining tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari, aholini ish bilan band qilish va doimiy daromadga ega bo‘lishdagi yordami bilan tanishdilar.
Dastlab, tadbir ishtirokchilari Shahrisabz shahri “Kulollik” MFY hokim yordamchisi tashkil etgan “Hunarmandlar klasteri” MCHJ tomonidan tashkil etilgan gilamchilik va atlas matolari to‘qish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu klasterga hozirda “Kulollik” MFYda yashovchi ishsiz va “Ayollar daftari”da turgan 25 nafar xotin-qizlar ustoz-shogird an’analari asosida (Marg‘ilon shahrida) o‘qitilib, “Shahrisabz hunarmandlar klasteri” MCHJda (adras, milliy kashta, ipak gilam, zargarlik bo‘yicha) o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar.

Mahallada “onlayn-mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qilgan, kredit asosida tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 20 nafar fuqarodan hozirda 6 nafariga 121 mln (temirga ishlov berish, novvoychilik, chorvachilik va hunarmandchilik bo‘yicha) kredit ajratilgan va 2 ta oila subsidiya asosida (“Hunarmand” uyushmasiga a’zo qilish orqali) milliy hunarmandchilik yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda.
Press-tur qatnashchilarining keyingi manzili Shahrisabz tumanidagi “Yangiqishloq” mahallasi bo‘lib, ishtirokchilar “Xusanov Boymurod Yo‘lchiyevich” dehqon xo‘jaligi tomonidan 4 ta (kattaligi 40x5) o‘ralarda mineral o‘g‘it “biogumus” ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdilar.

Shuningdek, Yakkabog‘ tumanidagi “Jambul” mahallasida “T-H-A Yuksak” ishlab chiqarish korxonasi tomonidan kooperatsiya asosida parrandachilik yo‘nalishida go‘sht ishlab chiqarish uchun broller jo‘jalarini yetkazib berish va yetishtirish faoliyati hamda “Yangihayot” mahallasidagi “Darmon-farm” x/r tomonidan brokkalli karam yetishtirish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari vakillari G‘uzor tumanidagi “Mo‘minobod” MFY hokim yordamchisi “Oxunbek-Azizbek-Imronbek” MCHJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan qiymati 500 mln so‘mlik (shundan O‘zbekiston Milliy bankidan 200 mln so‘mi bank krediti va 300 mln so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan) savdo, klinika va dorixona loyihasi bilan tanishdilar, shu bilan birga, hokim yordamchisi va bu yerda faoliyat yuritayotgan ishchilar bilan suhbatlashdilar.

Mahallada shu davrga qadar hokim yordamchisining sa’y-harakatlari bilan 44 nafar fuqaroga 0,25 sotixdan 11 gektar yer maydoni 10 yil muddatga dehqonchilik qilish uchun ajratib berildi, shundan 4 gektariga kungaboqar ekilib, qolgan 7 gektariga oshqovoq ekildi. Shuningdek, 16 nafar fuqaroga 436 mln so‘m imtiyozli kreditlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha ajratildi hamda 149 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi.

Ishtirokchilarning keyingi manzili Koson tumani bo‘lib, bu yerdagi “Quyi obron” mahallasi hududida tashkil etilgan “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Monomarkazda hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ish bilan band bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi 14 ta sohalarda, xususan, tikuvchilik, sartaroshlik, pazandachilik, santexniklik, elektr mahsulotlarini ta’mirlash, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda kasb-hunarga o‘qitilmoqda.



Shuningdek, ishtirokchilar “Mash’al” MFY hududidagi qiymati 35 mlrd so‘m bo‘lgan “Zarafshon tekstil” MCHJ “baxt klaster” to‘qimachilik fabrikasi faoliyati va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar. Ushbu klaster orqali 500 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yiliga o‘rtacha 3 mln dona trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan hamda eksport hajmi 7,5 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Shu bilan birga, “Istiqbol” MFYda tashkil etilgan milliy shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “NEFRIT MEGA” xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu maskanda 15 nafar doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, milliy shirinliklardan, asosan, novvot, obinovvot, parvarda, oq qand, pista holva mahsulotlari ishlab chiqariladi.
1 kunda 1500 kg shakar qayta ishlanib, yuqoridagi 5 xil mahsulot ishlab chiqariladi.
1 oyda esa 45000 kg shakar qayta ishlanadi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar “Paxtazor” MFYda tashkil etilgan “YATT Xamidova Laziza” tomonidan yashash xonadonida bosh kiyimlarini ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishdilar. Ustoz-shogird an’anasi asosida 8 nafar xotin-qizlar kasb-hunar o‘rganishi bilan bir qatorda daromadga ham ega bo‘lib kelmoqda. Ushbu sex tomonidan kuniga 150-180 ta bosh kiyimi ishlab chiqarilib, tuman ichki bozoridan tashqari, nafaqat qo‘shni tumanlar, balki Samarqand, Buxoro viloyatlari bozoriga ham chiqarilmoqda.

Shuningdek, Nishon tumanidagi “Paxtakor” MFY hududida tashkil etilgan hamda aholining asosiy dam olish maskaniga aylanib ulgurgan istirohat bog‘i faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Istirohat bog‘iga kuniga 2-3 ming aholi madaniy hordiq olish uchun tashrif buyuradi. Ushbu mahallada hokim yordamchisi faoliyat boshlaganidan so‘ng,
2 nafar tadbirkorga 350 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish orqali tuman istirohat bog‘iga attraksionlar o‘rnatildi va ishsiz fuqarolarga xizmat ko‘rsatish sohasida imtiyozli kredit ajratilib, 30 ga yaqin fuqarolarning doimiy bandligi ta’minlandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati