IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIDA MANFAATLAR TOʻQNASHUVINI BOSHQARISH BOʻYICHA NIZOM

13/07/2022 - 17:17 1141

                                                                        Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni

                                                                         qisqartirish vazirligining

                                                                        2022-yil “    13              07           dagi

                                                                           14    -son buyrugʻiga

                                                                    3-ilova

 

IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIDA MANFAATLAR TOʻQNASHUVINI BOSHQARISH BOʻYICHA NIZOM

                                           1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligida (keyingi oʻrinlarda – vazirlik) manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, uning oldini olish va tartibga solish tartibini belgilaydi.
  2. Ushbu Nizom qoidalari egallab turgan lavozimi va bajarayotgan xizmat vakolatlaridan qat’iy nazar Vazirlikning barcha xodimlariga tegishli.
  3. Mazkur Nizom Vazirlikda yuzaga kelgan va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va boshqarish masalalaridagi asosiy ichki hujjat hisoblanadi va barcha xodimlar tomonidan soʻzsiz rioya qilinishi shart.
  4. Vazirlik xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq masalalar Vazirlik Inson resurslari va xodimlar salohiyatini rivojlantirish departamentining xodimlar bilan ishlash boʻlimi (keyingi oʻrinlarda – Xodimlar bilan ishlash boʻlimi deb yuritiladi) tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
  5. 6. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

aloqador shaxslar – Vazirlik xodimi bilan tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etadigan shaxslar, aksiyalari Respublika fond birjasida ommaviy muomalada boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining besh foizidan kam boʻlgan miqdordagi aksiyaga ega ekanligi bundan mustasno;

kronizm – doʻstlar yoki ishonchli shaxslarga noqonuniy imtiyozlar taqdim etish maqsadida hokimiyat (lavozim mavqesidan) va obroʻsidan foydalanish;

manfaatlar toʻqnashuvi – Vazirlik xodimining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir koʻrsatayotgan yoxud ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyat;

oshkor qilish – xodimlar tomonidan potensial yoki real manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida e’lon qilish tartib-taomili;

manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish – Vazirlik tomonidan xodimlarning xizmat majburiyatlari lozim darajada bajarilmasligi holati va (yoki) manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda ularning manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy va boshqa manfaatlar) vazirlik manfaatlaridan ustun kelishi xavfini kamaytirish yoki bartaraf etish;

mahalliychilik – shaxsni uning nasliy kelib chiqishi (aslzoda yoki mashhur sulola vakili ekanligi va u jamoatchilik tomonidan e’tirof etilganligi) hamda yaqin qarindoshlarining egallab turgan xizmat mavqei sababli, uning lavozimga qoʻyiladigan malaka talablariga mos kelish-kelmasligini hisobga olmagan holda ishga qabul qilish, rotatsiya qilish va lavozimga tayinlash;

nepotizm (tanish-bilishchilik, qarindosh-urugʻchilik; favoritizmning qarindoshlik rishtalariga asoslangan koʻrinishi) – oʻzining yaqin qarindoshlari yoki doʻstlariga noqonuniy imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) ta’sir oʻtkazish, shuningdek, yaqin qarindoshlari va (yoki) doʻstlariga asossiz mukofotlar hisoblash, Vazirlik manfaatlari zarariga, yaqin qarindoshlari va doʻstlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashlar;

potentsial manfaatlar toʻqnashuvi – xodimning, uning yaqin qarindoshlarining                  va (yoki) vazirlik bilan bogʻliq boʻlgan shaxsning shaxsiy manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy va boshqa manfaatlari) muayyan vaziyatlar yuzaga kelganda, ular Vazirlikning manfaatlariga qarama-qarshi boʻlishi va vazirlik xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishiga ta’sir qilishi mumkin boʻlgan vaziyat;

Real manfaatlar toʻqnashuvi – xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va (yoki) Vazirlik bilan bogʻliq boʻlgan shaxsning shaxsiy manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa manfaatlari) Vazirlik manfaatlariga bevosita yoki bilvosita qarama-qarshi boʻlgan vaziyat;

urugʻ-aymoqchilik – Vazirlik xodimining avlod-ajdodlari bir boʻlgan, bir sulolaga mansublik asosida uchinchi shaxslarga nisbatan subyektiv, imtiyozli va noxolis munosabat shaklidagi shaxsiy manfaatdorligi;

favoritizm – Vazirlik xodimi boshqa shaxs va/yoki shaxslar guruhi manfaatlariga qaraganda bitta shaxs yoki shaxslar guruhi manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi, Vazirlikda kadrlarni tanlash va joylashtirish, lavozimini koʻtarish, mukofot puli berish va davlat mukofotlariga tavsiya etish, ta’til berish yoki sihatgohlar va xorijiy safarlarga yuborish, murojaatlar, shuningdek ish va navbatchilik jadvallarini koʻrib chiqishda ketma-ketlikni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq vaziyatlarda tartiblarga rioya qilmaslik;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – xodim tomonidan oʻz xizmat vazifalarini bajarish doirasida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador boʻlgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir qilishi mumkin boʻlgan pul mablagʻlari, moddiy yoki nomoddiy qiymatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar koʻrinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa manfaatlari);

shafelik – Vazirlik xodimining lavozimi yuqoriroq boʻlgan boshqa xodim tomonidan qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklidagi himoyasi, uni yoqlab yonini olishi;

yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar, ya'ni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari.

                  

                      2-bob. Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarishning tamoyillari

  1. Vazirlik xodimlari manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish masalalarida quyidagi asosiy tamoyillarga rioya qilishlari shart:

          fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

          davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatlaridan ustun qoʻyish;

          oshkoralik, vijdonlilik, xolislik asosida qarorlar qabul qilish;

          potensial yoki Real manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilishning shartligi;

          manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha profilaktik choralarning ustuvorligi;

          manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini koʻrib chiqish va manfaatlar toʻqnashuvini hal qilishda jamoaviylikka amal qilishi;

          manfaatlar toʻqnashuvi alomatlari bilan tavsiflangan vaziyatlarni koʻrib chiqish, baholash va hal qilishga xolis yondashuv;

          belgilangan tartibda manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash;

          agar xodim biron-bir qaror qabul qilishdan avval yoki oʻziga yuklatilgan funksiyalarni bajarishdan oldin manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabar bergan hamda vazirlik manfaatlari foydasiga oʻz shaxsiy manfaatlaridan voz kechishga tayyor boʻlsa, uni     real yoki potensial manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi sababli ishdan boʻshatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;

          shaffoflik va hisobdorlik;

          shaxsiy javobgarlik va jazoning muqarrarligi.

3-bob. Masul departament, mustaqil boshqarma va boʻlim (xizmat) xodimlarining majburiyatlari va vakolatlari

  1. Vazirlik xodimlari oʻzlarining xizmat majburiyatlarini bajarishida va (yoki) Vazirlikning manfaatlarini ifodalashda ushbu Nizomda belgilangan tamoyillarga amal qilishlari, shuningdek, manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan vaziyatlardan oʻzlarini saqlashlari shart.
  2. Xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish uchun Vazirlik xodimlari:

ushbu Nizom talablariga rioya qilishi;

faqat Vazirlik manfaatlarini koʻzlashi;

oʻz mansab va xizmat mavqeidan faqat Vazirlik manfaatlari yoʻlida foydalanishi;

Vazirlik manfaatlariga zid keladigan yoki zid kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatlar toʻgʻrisida Vazirlikning korrupsiyaga karshi ichki nazorat boʻlimi (keyingi oʻrinlarda – ichki nazorat boʻlimi)ni xabardor qilishi;

nepotizm (qarindoshlik), shafelik, favoritizm, kronizm, mahalliychilik va urugʻ-aymoqchilikning namoyon boʻlishiga qat’iy chek qoʻyishi;

potensial yoki real manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi ma’lumotlarni oʻz vaqtida va toʻliq oshkor qilishi;

oʻzining yaqin qarindoshlari va aloqador shaxslar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning toʻliq roʻyxatini, oʻzining va ularning nodavlat notijorat vazirliklaridagi ishtiroki haqidagi ma'lumotlarni halol, toʻliq va vijdonan oshkor qilishi;

agarda vazirlikning boshqa xodimlarida manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligiga oid ma'lumotga ega boʻlgan taqdirda ichki hujjatlarda belgilangan tartibda xabar berishi shart.

  1. Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish maqsadida Vazirlik xodimi quyidagi hollarda manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berishi kerak, agar:

xodimning bevosita boʻysunuvida yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslar boʻlsa;

belgilangan tartibda faoliyati oʻrganilayotgan tashkilotda xodimning yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslar faoliyat yuritsa yoki belgilangan tartibda faoliyati oʻrganilayotgan mansabdor shaxs xodimning yaqin qarindoshi va (yoki) aloqador shaxs boʻlsa;

xodim yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslarga nisbatan xodimlarga (jumladan, ish haqini hisoblash va toʻlash, mukofotlar, ustamalarga taqdim etish va ularning miqdorini belgilashga) oid qarorlar qabul qilishda ishtirok etsa.

Mazkur roʻyxat yakuniy hisoblanmaydi. Vazirlik xodimi yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslarga nisbatan (ular faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga) har qanday qarorlar qabul qilish (imtiyozlar berish, litsenziyalar taqdim etish, mahsulotlar sotib olish va shu kabilar) holati potensial manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday hollarda, Vazirlik xodimi manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berishi lozim boʻladi.

  1. Mazkur Nizomning 10-bandida qayd etilgan manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq vaziyatlarni aniqlash uchun xodim qaror qabul qilish yoki xizmat majburiyatlarini bajarishdan avval oʻziga quyidagi savollarni berishi lozim: “men qarorni vijdonan va xolis qabul qilishim, harakatni amalga oshirishim mumkinmi?” va “Agar bu qarorni boshqa xodim qabul qilganda, xuddi men qabul qilgan qarorni qabul qilgan boʻlarmidi?”. Agar xodim bu savollardan bittasiga boʻlsa ham “yoʻq” deb javob bersa, manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi xatari yuzaga keladi.
  2. Vazirlikda manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash borasida quyidagilar amalga oshiriladi:

xodimlarni ishga qabul qilish yoki lavozimga tayinlashda, shuningdek boshqa holatlarda manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqaruvchi axborot jamlanadi;

har bir xodim mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarishida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi holatini aniqlaydi hamda oʻzining rahbariga va xodimlar bilan ishlash boʻlimiga xabar beradi;

manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan har bir ma’lumot yoki xabar kollegial tartibda oʻrganilib, uning ta’siri aniqlanadi. Qonunchilik hujjatlari talablari doirasida manfaatlar toʻqnashuvini aniqlashning boshqa usullari ham qoʻllanilishi mumkin.

  1. Manfaatlar toʻqnashuvi quyidagicha boshqariladi:

xodimlarni ishga qabul qilishda ularga mazkur Nizom talablari imzo qoʻydirilgan holda tanishtiriladi;

Nizom talablari boʻyicha xodimlarga tushuntirish va maslahatlar berish ishlari olib boriladi;

aniqlangan manfaatlar toʻqnashuvi holatlari roʻyxatga olib boriladi;

manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini oʻrganish, ularga baho berish hamda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratilgan choralarni belgilash xodimlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi;

manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish jarayonining samaradorligini ta'minlash maqsadida kuzatish hamda monitoring amalga oshiriladi.

Manfaatlar toʻqnashuvi boshqarilishida Qonunchilik hujjatlari talablari asosida boshqarishning boshqa usullari ham qoʻllanilishi mumkin.

  1. Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hollarda quyidagi choralar koʻrilishi mumkin:

xodimning tegishli faoliyatni amalga oshirishda yoki qaror qabul qilishda ixtiyoriy ravishda ishtirok etmasligi yoki chetlashishiga ruxsat berish;

xodimning lavozim vazifalarini koʻrib chiqish yoki unga oʻzgartirish kiritish;

xodimning shaxsiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan ma’lumotlarga cheklovlar oʻrnatish;

xodimning shaxsiy manfaatlari uning lavozim majburiyatlariga zid boʻlsa, uni manfaatlar toʻqnashuvi ta’sir etmaydigan boshqa lavozimga oʻtkazish;

xodimning vazirlik faoliyatiga yoki manfaatlariga salbiy ta’sir etuvchi oʻzining shaxsiy manfaatlaridan voz kechishi;

xodimning shaxsiy manfaatlari Vazirlik faoliyatiga yoki manfaatlariga zid boʻlsa hamda uni boshqarishning boshqa choralarini qoʻllash imkoni boʻlmasa xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish.

4-bob. Manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi malumotlarni oshkor qilish va koʻrib chiqish tartibi

1-§ Manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilishning umumiy qoidalari

  1. Vazirlikda manfaatlar toʻqnashuvi holatlari kelib chiqishini oldini olish manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilishning quyidagi shakllaridan foydalangan holda amalga oshiriladi:

Vazirlik tizimida vakant boʻlgan boʻsh ish joylariga nomzodlarni lavozimga tayinlash va rotatsiya qilishda manfaatlar toʻqnashuvini dastlabki tarzda oshkor qilish;

manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni har yil oshkor qilish (yillik deklaratsiya);

real yoki potentsial manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelish fakti boʻyicha ma’lumotlarni oshkor qilish.

2-§ Boʻsh ish joylariga nomzodlarni lavozimga tayinlash va rotatsiya qilishda manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish

  1. Vazirlik tizimida boʻsh ish joylariga nomzodlarni, xodimlarni lavozimga tayinlash va ularni rotatsiya qilishda manfaatlar toʻqnashuvini dastlabki tarzda deklarasiya qilish Vazirlikning xodimlar bilan ishlash boʻlimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etish yoʻli bilan amalga oshiriladi:

mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha toʻldirilgan ma’lumotnoma;

ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va rotatsiya qilish jarayonida manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi/mavjud emasligi toʻgʻrisida mazkur Nizomning 2 va 3-ilovalariga muvofiq shakldagi ariza toʻldiriladi.

Xodim tomonidan taqdim etilgan hujjatlar xodimlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan ularda manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi boʻyicha tekshiriladi. Manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanganida xodimlar bilan ishlash boʻlimi nomzod ishga qabul qilinishi boʻyicha vazirlik rahbariyatini, rotatsiya qilinishi nazarda tutilgan tarkibiy boʻlinmaning rahbar oʻrinbosarini xabardor qiladi.

Vazirlik rahbariyati koʻrsatmasiga asosan Xodimlar bilan ishlash boʻlimi Vazirlikdagi tegishli tuzilmalar bilan hamkorlikda manfaatlar toʻqnashuvini hal qilish choralarini koʻradi.

3-§ Manfaatlar toʻqnashuvini har yillik deklaratsiya qilish

  1. Manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi ma’lumotlarni har yili deklaratsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Vazirlik xodimlari har yili 15-fevralgacha mazkur Nizomning

3-ilovasiga muvofiq shaklda har yili ariza topshirishda manfaatlar toʻqnashuvining mavjudligi/mavjud emasligi haqidagi arizani toʻliq va toʻgʻri toʻldirishlari va toʻldirilgan arizani xodimlar bilan ishlash boʻlimiga taqdim qilishlari lozim;

Xodimlar bilan ishlash boʻlimi 10-martgacha manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligini koʻrsatgan xodimlarni aniqlash uchun manfaatlar toʻqnashuvining mavjudligi/mavjud emasligi haqida olingan arizalarni tahlil kiladi;

tahlil natijasida faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xodimlar aniqlansa, bunday xodimlar haqidagi ma’lumot Vazirlik Odob-axloq komissiyasiga taqdim qilinadi;

Vazirlik Odob-axloq komissiyasi xodimning bevosita rahbari va (zarurat boʻlganda) xodim ishtirokida 20-martgacha manfaatlar toʻqnashuvi holatini koʻrib chiqadi va manfaatlar toʻqnashuvi bilan tavsiflanadigan vaziyatlarni hal qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha yoki manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi haqida qaror chiqaradi. Mazkur qaror komissiya bayonnomasiga kiritiladi. Bayonnomada chora-tadbirlarni ishlab chiqishga mas’ul tuzilma (mansabdor shaxs) belgilab qoʻyiladi;

Xodimlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan 25-martgacha mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda manfaatlar toʻqnashuvi holatlari reestriga kiritiladigan manfaatlar toʻqnashuvi holatlari haqidagi elektron ma’lumotlarni jamlaydi va saqlaydi;

har yili I chorakda Vazirlikning Xodimlar bilan ishlash boʻlimi manfaatlar toʻqnashuvini deklarasiya qilish, aniqlash va hal qilish boʻyicha statistika tahlilini Ichki nazorat boʻlimi va Vazirlik rahbariyatiga kiritadi.

4-§ Real yoki potensial manfaatlar toʻqnashuvining kelib chiqish fakti boʻyicha deklaratsiya toʻldirish

  1. Real yoki potensial manfaatlar toʻqnashuvining kelib chiqishi fakti boʻyicha ma’lumotlarni deklaratsiya qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Vazirlik xodimida manfaatlar toʻqnashuvi kelib chiqqanda, u mazkur holat unga ma'lum boʻlgan paytdan boshlab bir ish kuni ichida bu haqda bevosita rahbariga real yoki potentsial manfaatlar toʻqnashuvi sifatida tavsiflanadigan holatni batafsil bayon etgan holda, mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shaklda xabar berishi lozim;

xodimning bevosita rahbari xodimdan yozma xabarni olgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi ma’lumotni koʻrib chiqishi va manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf qilish boʻyicha taklif bilan xabarnomani Xodimlar bilan ishlash boʻlimiga roʻyxatdan oʻtkazish hamda tegishli choralarni koʻrish uchun taqdim etishi shart;

Xodimlar bilan ishlash boʻlimi xodimning bevosita rahbari bilan hamkorlikda manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish choralarini koʻradi yoki manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi haqida xulosa qilinib, Ichki nazorat boʻlimi va Vazirlik rahbariyatiga yozma shaklda tegishli ma’lumot kiritiladi.

5-bob. Manfaatlar toʻqnashuvini hal qilish choralari

  1. Vazirlik manfaatlarining buzilishini oldini olish maqsadida real manfaatlar toʻqnashuvini hal qilish choralari imkon qadar tezroq amalga oshirilishi lozim.
  2. Vazirlikda manfaatlar toʻqnashuvlarini boshqarishda quyidagi choralar belgilanishi kerak:

bevosita boʻysunadigan xodimni yaqin qarindoshi boʻlmagan boshqa shaxs boʻysunuviga oʻtkazish;

manfaatlar toʻqnashuvi predmeti boʻlgan masalalarni muhokama qilishda va ular boʻyicha qaror chiqarish jarayonida qatnashishdan xodimning oʻz ixtiyoriga koʻra chetlashish, oʻzini oʻzi rad etishi yoki uni majburan (doimiy yoki vaqtincha) chetlashtirilishi;

manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun xodimning lavozim majburiyatlari doirasini qayta koʻrib chiqish;

xodim tomonidan uning shaxsiy manfaatdorligi boʻlgan va manfaatlar toʻqnashuvi predmeti boʻlgan Vazirlikning ma’lumotlari va hujjatlaridan foydalanilishini cheklash;

yuqoriroq lavozimni egallab turgan yaqin qarindosh va (yoki) aloqador shaxsga nisbatan lavozimni koʻtarish, faoliyatini baholash, mukofot pullarini toʻlash va ish haqiga ustamalarni hisoblash, oʻqishga va treninglarga hamda turli masalalar boʻyicha xorijga yuborish, mehnat ta’tiliga chiqishga rozilik berish va ish haqini nazorat qilish haqida jamoaviy tarzda qaror qabul qilinishini ta’minlash;

xodimni manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq boʻlmagan mehnatga oid funksiyalarni bajarishini nazarda tutadigan lavozimga oʻtkazish va boshqa holatlar.

  1. Istisno holatlarda, ushbu Nizomning 20-bandida sanab oʻtilgan choralar manfaatlar toʻqnashuvini toʻliq tartibga solmagan taqdirda, quyidagi tartibga solish choralari koʻrilishi mumkin:

xodim tomonidan Vazirlikning manfaatlariga toʻqnash keladigan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;

xodim tomonidan Vazirlik manfaatlariga toʻqnash keladigan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechmaganda uning mehnat shartnomasini bekor qilish.

  1. Har bir vaziyatda, manfaatlar toʻqnashuvi predmetini belgilab beradigan faktdan kelib chiqib, xodim bilan Vazirlikning kelishuviga koʻra uni hal qilishning boshqa choralari qoʻllanilishi mumkin. Koʻriladigan barcha choralar Qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi va mazkur Nizomda belgilangan tamoyillarni amalga oshirishni ta’minlashi lozim.
  2. Vazirlikda Xodimlar bilan ishlash boʻlimi va xodimning bevosita rahbari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish choralari va qabul qilingan qarorlar Odob-axloq komissiyasining eng yaqindagi yigʻilishida koʻrib chiqilib, bu haqda Majlis bayonnomasida aks ettiriladi.
  3. Ichki nazorat boʻlimi xodim e’tiroziga yoki Vazirlik rahbariyati topshirigʻi, shuningdek oʻz tashabbusi bilan Xodimlar bilan ishlash boʻlimi va xodimning bevosita rahbari, shuningdek odob-axloq komissiyalari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha qabul qilingan qarorlarning xolisligi va maqbulligini tekshirish huquqiga ega.

6-bob. Axborotning konfedentsialligi

  1. Manfaatlar toʻqnashuvini hal qilishda qatnashadigan xodimlar olingan ma’lumotlarning maxfiyligini ta'minlashi va ushbu ma’lumotlardan faqat koʻrib chiqish, hisobga olish va hal etish choralarini koʻrish hamda ushbu jarayonni nazorat qilish uchun mas'ul boʻlgan shaxslar tomonidan foydalanilishini ta’minlashi lozim.
  2. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Vazirlikning xodimlarida manfaatlar toʻqnashuvi fakti yoki gumoni haqidagi xabar bilan Vazirlikga murojaat qilinganida uni koʻrib chiqish ichki nazorat boʻlimi tomonidan Xodimlar bilan ishlash boʻlimi bilan hamkorlikda mazkur Nizom va boshqa ichki hujjatlarga asosan amalga oshiriladi.

7-bob. Reestrni yuritish va saqlashga qoʻyiladigan talablar

  1. Vazirlikning Xodimlar bilan ishlash boʻlimi manfaatlar toʻqnashuvi holatlarining hisobini mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda Reestrga kiritish yoʻli bilan oʻz vaqtida va toʻliq yuritishlari shart. Bunda, hududiy va tarkibiy boʻlinmalarning Reestridagi ma’lumotlar Markaziy apparat Xodimlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan vazirlikning umumiy reestiriga birlashtirib boriladi. Umumiy Reestr Ichki nazorat boʻlimiga har chorakda taqdim etib boriladi.
  2. Ma’lumot Reestrga quyidagi hollarda kiritilishi kerak:

Vazirlikga ishga qabul qilishda – nomzod manfaatlar toʻqnashuvining mavjudligi/mavjud emasligi haqida arizada manfaatlar toʻqnashuvining mavjudligini koʻrsatgan boʻlsa va Vazirlik rahbariyati manfaatlar toʻqnashuvi kelib chiqishi mumkinligi faktini tasdiqlasa;

lavozimga tayinlash/rotasiya qilish vaqtida manfaatlar toʻqnashuvini oshkor qilishda – Vazirlik rahbariyati tomonidan buyruq imzolangan paytdan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan;

manfaatlar toʻqnashuvi kelib chiqishiga koʻra – Xodimlar bilan ishlash boʻlimi va xodimning bevosita rahbari tomonidan chora koʻrilgan taqdirda;

Vazirlik xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi ma’lumotlar har yili deklarasiya qilinganda – mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq;

manfaatlar toʻqnashuvining mavjudligi haqida aloqa kanallaridan olingan ma'lumot tasdiqlanganda;

ichki xizmat tekshiruvlari oʻtkazilganda va Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va talablariga rioya qilinishi monitoring qilinganda hamda Vazirlik rahbariyati tomonidan Reestrga ma’lumot kiritish haqida bevosita koʻrsatma boʻlganida.

  1. Xodimlarning manfaatlar toʻqnashuviga tegishli boʻlgan ariza va xabarnomalari hamda boshqa ma'lumotlar Xodimlar bilan ishlash boʻlimida saqlanadi.

8-bob. Yakuniy qoidalar

  1. Egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, barcha xodimlar, ushbu Nizomning talablariga rioya qilish, shuningdek, oʻz manfaatlarining toʻqnashuvi toʻgʻrisida Vazirlikning mas'ul xodimlariga oʻz vaqtida va toʻliq ma'lumot berish boʻyicha shaxsan javobgar hisoblanadi.
  2. 30. Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.