Farg‘ona viloyatida mahallabay ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etildi
01/07/2022 - 15:47 2751
Joriy yilning 28–29-iyun kunlari davomida Farg‘ona viloyatida mahallabay ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, o‘tgan 5 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etildi.
Press-turning 1-kunida ishtirokchilar Farg‘ona va Marg‘ilon shahri, Toshloq va Quva tumanlarida hokim yordamchilarining tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari, aholini ish bilan band qilish va doimiy daromadga ega bo‘lishidagi yordami bilan tanishdilar.
Dastlab, tadbir ishtirokchilari Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati, hokim yordamchisining hamkorligi, markazdagi kasb-hunarga o‘rgatish yo‘nalishlari, ushbu davrga qadar amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.


Press-tur qatnashchilarining keying manzili “Yangisoy” mahallasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan tashkil etilgan avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, elektr va elektronika, sartaroshlik, tikuvchilik yo‘nalishlarida kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan “Zamonaviy kasbga tayyorlash o‘quv markazi” bo‘ldi hamda bu yerdagi o‘quv jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, hokim yordamchisining aholini kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlashdagi o‘rni bilan tanishdilar. Markaz rahbari Nurmatjon Komilovning ta’kidlashicha, ushbu maskanda 260 nafar aholi 8 oy davomida turli xil kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Aholini o‘qitishga jalb etishda esa hokim yordamchilari bilan hamkorlik yaxshi samara bermoqda.


Shundan so‘ng ishtirokchilar Marg‘ilon shahrining “Navro‘z” mahallasi hududidagi 7 gektar yer maydonida tashkil etilgan umumiy ish o‘rni 887 tani tashkil etishi ko‘zda tutilgan “Yoshlar” kichik sanoat zonasiga tashrif buyurdilar va bu yerdagi tadbirkorlik yo‘nalishlari, sanoat zonasining aholini ish bilan taminlashdagi ahamiyati, ishchilarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar hamda hokim yordamchisi ko‘magi bilan ishga joylashtirilgan aholi bilan suhbatda bo‘ldilar. Xususan, kompleksda jami 22 ta loyiha, shundan charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ta, tekstil va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 3 ta, mebel ishlab chiqarish bo‘yicha 3 ta, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlar bo‘yicha 11 ta loyiha joylashtirilgan.



Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari shahardagi Hunarmandlar markaziga tashrif buyurib, ip yigirish, mato to‘qish va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar, shu bilan birga, hokim yordamchisi va bu yerda faoliyat yuritayotgan ishchilar bilan suhbatlashdilar.


Shu bilan birga, “Orolbo‘yi Hunarmandlari” MCHJ tomonidan “Orolbo‘yi” MFY hududida barpo etilayotgan kosibchilikka ixtisoslashgan amaliy o‘quv markazi, poyabzal mahsulotlari va poyabzal tagligi ishlab chiqarish loyihasi faoliyati, bu yerda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari bilan tanishildi.



Keyingi manzil Toshloq tumanidagi “EGG BOX GROUP” MCHJ tomonidan “Qanjirg‘a” MFY hududida barpo etilgan inkubator ishlab chiqarish faoliyati va yo‘nalishlari bilan tanishildi. Xususan, ishtirokchilar 250, 500, 1000 tagacha tuxumlar saqlanadigan inkubatorlar, tovuq jo‘jalari saqlanadigan kataklar, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar hamda yaratilgan ish o‘rinlari yuzasidan hokim yordamchisi bilan suhbat olib bordilar.
Hokim yordamchisining ta’kidlashicha:
“Hozirda yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali chet davlatlarda ishlash istagi bor aholini shu yerning o‘zida ish bilan ta’minlash chorasini ko‘rmoqdamiz, shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga harakat qilmoqdamiz, xususan, 9 ta oilaga kreditlar ajratish orqali xonadonlarda issiqxonalar tashkil etildi va parrandachilik bilan shug‘ullanish imkoniyati vujudga keldi. Shuningdek, 13 nafar “Yoshlar daftari”da bo‘lgan fuqarolarga 15 sotixdan 10 yil muddatga yerlar ajratib berildi. Bundan tashqari, 3-chorakda baliqchilik, uzumchilik, chorvachilik, tikuvchilik bo‘yicha loyihalar orqali 35 ta yangi ish o‘rinlarini yaratishni reja qilmoqdamiz.

Bundan tashqari, ushbu hududdagi 1,3 gektar maydonda joylashgan 400 ta ish o‘rniga ega bo‘ladigan “AGRO IMPEX MARKETING” MCHJ tomonidan barpo etilgan yiliga qiymati 20,0 mlrd so‘mlik to‘qimachilik, trikotaj hamda poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kompleks loyihasi va faoliyati, hokim yordamchisi bilan hamkorligi o‘rganildi.


Press-tur 1-kunining oxirgi manzili Quva tumanidagi “Qoraqum” MFY hududida “Gullar vodiysi” MCHJ tomonidan 20 gektar yer maydonida barpo etilgan “Gulchilik” klasteri bo‘ldi. Ushbu maskanning tashkil topishida hokim yordamchisining o‘rni, yetishtiriladigan gullarning turlari, yetkazib berish ko‘lami bilan tanishildi hamda mahalla raisi bilan suhbat olib borildi. Xususan, klaster orqali 200 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.



Tadbirning 2-kuni Oltiariq, Rishton, Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida davom ettirildi.


Xususan, press-tur ishtirokchilari Oltiariq tumanida “Qo‘rg‘oncha” va “Jarqo‘rg‘on” MFYlarda yangi o‘zlashtirilgan 1000 gektar yer maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilgan holda tashkil etilgan uzumzorlar bilan tanishdilar. Ushbu hududda o‘zlashtirilgan yer maydonlarining 432 gektarida uzum ko‘chatlari, 400 gektarida intensiv bog‘lar barpo etilmolqda. Hokim yordamchilarining ishtirokida bu yerda umumiy 4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.


Shuningdek, “Rishton” tumani “Alisher Navoiy” MFY hududida barpo etilgan kichik sanoat hududidagi amalga oshirilgan loyihalar hamda “Markaz” MFYda joylashgan “Koron R plus” kulolchilik yo‘nalishidagi tashkilot faoliyati, bu yerda faoliyat olib borayotgan ishchilar, ularga yaratilgan sharoitlar, kulolchilik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar.




Shu bilan birga, press-tur ishtirokchilari “Cho‘nbog‘ish” MFY hududida hokim yordamchisi tashabbusi bilan “Mebelchilik markazi” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan mebelchilik markazida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Qurilish olib borilayotgan 3,2 gektar maydonda loyiha ishga tushgandan so‘ng 108 ta tadbirkorlar tomonidan 168 ming dona MDF eshik va mebellar ishlab chiqarilib, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlariga mahsulotlarning 500 ming dollarlik qismi eksport qilinadi. Yaratiladigan ish o‘rni 3 ming 700 dan ziyodni tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.



Press-tur so‘ngida qatnashchilar Uchko‘prik tumani “Boboshbek” mahallasidagi yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan, 7 ming 660 ta yangi ish o‘rniga ega bo‘lgan “Boboshbek savdo kompleksi” hamda “Toshkentliguzar” mahallasidagi “Mehrigiyo” salomatlik kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati