NAVOIY VA BOBUR IJODI – BEBAHO MA’NAVIY XAZINA
12/02/2022 - 20:05 3736
Shu kunlarda yurtimizda o‘zgacha bir shukuh kezib yuribdi. Boisi fevral oyida xalqimizning buyuk siymolari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondalari – Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan “O‘zbek ma’naviyatining ikki yulduzi” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva, navoiyshunos va boburshunos olimlar Muhammadjon Imomnazarov hamda Adham Alimbekov ishtirok etishdi.
Tadbirni vazirning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahobiddin Ortiqov kirish so‘zi bilan boshladi.
– Alisher Navoiy va Mirzo Bobur merosi mana oradan necha asrlar o‘tsa hamki o‘z ahamiyatini yo‘qotmay, bardavom yashab kelmoqda. Ularning asarlarida davlat boshqaruvi, mamlakat xo‘jaligini tashkil etish, aholi farovonligini ta’minlash singari bir qator masalalar bayon etilgan bo‘lib, hozirgi kunda ham bu jihatlar dolzarb ahamiyatga ega, – deya ta’kidladi Sh. Ortiqov.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Navoiy va Bobur ijodini o‘rganish, ularning boqiy merosini mamlakatimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu oliy ta’lim muassasasi yurtimizda navoiyshunoslik va boburshunoslik bo‘yicha yirik ilmiy markazlardan biri hamdir. Tadbir doirasida TDSHUda yaratilgan o‘n jildlik “G‘aroyib us-sig‘ar” va yetti jildlik “Alisher Navoiy merosi: tadqiqotlar va tahlillar” kitoblarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Vazirlik kutubxonasiga ushbu adabiyotlar sovg‘a sifatida taqdim etildi.
TDSHU rektori G. Rixsiyeva o‘z ma’ruzasida Navoiy va Bobur ijodi bebaho ma’naviy xazina ekanligi, bu merosni mamlakatimizda yanada kengroq o‘rganish, ularning asarlari asosida yangi loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, adabiyotshunos olimlar M. Imomnazarov va A. Alimbekov yig‘ilganlar e’tiboriga Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodidan eng yangi, qiziqarli ma’lumotlarni havola etishdi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligidagi tadbir barchada o‘zgacha taassurot qoldirdi. Kelgusida ushbu oliy ta’lim muassasasi bilan Navoiy va Boburning iqtisodiy qarashlari, temuriylar va boburiylar davrida iqtisodiy boshqarish tizimi yo‘nalishida birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Ma’naviyat va ma’rifat kengashi,
Axborot xizmati