Joriy yilning 1-8-avgust kunlari davomida “Qo‘yliq dehqon bozori” va Eski juva (Chorsu) bozorlarida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot 

10/08/2021 - 17:57 3680

Joriy yilning 1-8 avgust kuniga qadar Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tomonidan “Toshkent qishloq ho‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (Qo‘yliq) va Eski jo‘va (Chorsu) dehqon bozorlarida asosiy iste'mol tovarlarining ulgurji narxlari bo‘yicha kuzatuv natijalari e'lon qilib borildi.

Hafta davomida qishloq ho‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlarida barqarorlik saqlanib qoldi, mahsulotlar narxida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Shu bilan birga, Davlat bojxona qo‘mitasining tezkor ma'lumotiga ko‘ra 1-8 avgust kunlari davomida tashqi bozorlarga jami 25 ming tonna, 17,4 mln.dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Xususan, 8,7 ming tonna uzum, 3,0 ming tonna loviya, 2,1 ming tonna qovun,                    1,4 ming tonna shaftoli, 1,5 ming tonna olxo‘ri, 1,3 ming tonna piyoz, 249 tonna karam, 137 tonna pomidor va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, 1-8 avgust kunlari davomida 0,9 mln.dollar qiymatdagi jami 2,7 ming tonna, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi amalga oshirilgan.

Xususan, 1,9 ming tonna kartoshka, 297 tonna banan, 49,4 tonna limon, 78,6 tonna olma, 27,6 tonna nok, 79 tonna sabzi, 13 tonna ananas, 24 tonna sarimsoq piyoz importi amalga oshirilgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importining asosiy ulushi respublikada ichki resurslar hisobidan ta'minlash imkoniyati cheklangan mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining qo‘shni davlatlar Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning yirik savdo majmualarida shakllangan narxlari bilan taqqoslanganda, kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor va bodring mahsulotlarining narxlari nisbatan arzonroq bo‘lsa, qovun, tarvuz, olma va shaftoli mahsulotlari birmuncha balandroq ko‘rsatkichni qayd etmoqda.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati