​Boysun tumanida yangi gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi

01/05/2019 - 10:14 28229

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga tashrifi asnosida rossiyalik investorlar bilan Boysun tumanidagi Mustaqillikning 25 yilligi gaz konida dastlabki qidiruv, uni ishlatish va gaz-kimyo majmuasi qurish bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolangan edi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,2 milliard AQSH dollari bo‘lib, ikki bosqichda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 

2018-2022 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod quriladi. Jumladan, “Erta gaz” dasturi doirasida 2020 yildan boshlab 2 ming 800 metr chuqurlikdagi gaz qatlamidan yiliga 1 milliard kub metrgacha tabiiy gaz qazib olinadi. 2023 yilda yana 15 ta quduq foydalanishga topshirilib, gazni qayta ishlash zavodining ikkinchi liniyasi ishga tushiriladi, natijada gaz qazib olish yiliga 5 milliard kub metrga yetkaziladi. 

2023-2025 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobiga yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng jami 2 ming 200 yuqori malakali ish o‘rni yaratiladi.

Gaz konining 160 kvadrat kilometr maydonida Xitoyning “BJP” kompaniyasi tomonidan 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazildi, “Eriyell” kompaniyasi tomonidan 7 ta baholash qudug‘i burg‘ulanmoqda. Ob'yektda jami 1 ming 125 ishchi, jumladan, “Beyker Xyuz”, “Xalibyorton” va “Shlyumberje” xorijiy kompaniyalari mutaxassislari mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu bitim doirasidagi ishlarning borishi bilan tanishdi. Loyiha hamkori, “Altmax Holding LTD” kompaniyasi ta'sischisi rossiyalik investor Andrey Filatov bilan dastlabki geologiya-qidiruv ishlari natijalari, gazni qayta ishlash majmuasini loyihalashtirish va qurish haqida suhbatlashdi. Ushbu investor Boysun tumanidagi 10-maktabgacha ta'lim muassasasini rekonstruksiya qilishda ham qatnashgan. 

Keyingi yillarda yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilgan yirik loyihalar natijasida Ustyurt gaz-kimyo, Qandim gazni qayta ishlash majmualari barpo etilib, raqobatbardosh mahsulotlar nomenklaturasi va ishlab chiqarish hajmi kengaydi. Boysun tumanida boshlangan navbatdagi loyiha mamlakatimizning janubiy hududini kompleks rivojlantirish, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qurilish sanoati va transport infratuzilmasi korxonalari quvvatlarini oshirish imkonini beradi. 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda gaz-kimyo majmualari qurish bo‘yicha katta tajriba to‘plangani, ushbu loyiha Surxondaryo zaminidagi uglevodorod zaxiralarini o‘zlashtirish va qayta ishlashda katta imkoniyat yaratishini ta'kidladi. Loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Termiz tumanida 900 megavatli issiqlik elektr stansiyasi barpo etish, viloyatda sanoatni rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, Boysun tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, Sariosiyo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar taqdimotlari o‘tkazildi.

Prezidentimiz Sariosiyo va Boysun tumanlarida meva-sabzavot ekishni ko‘paytirish, xonadonlarda chorva boqishni tashkil etib, oilalarning o‘zini o‘zi ta'minlashga o‘tish lozimligini ta'kidladi.

– Tuman hokimlari kichik-kichik investitsiya loyihalarini jalb qilib, eksport va soliq tushumini ko‘paytirishni o‘ylashi kerak. Shunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha marralarimiz va erishadigan natijalarimiz bugungidan o‘n karra baland bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyat oqsoqollari bilan suhbatlashdi. Mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari, xalqimiz manfaatini himoya qilish, yoshlarni bilimli qilib tarbiyalash masalalari haqida so‘z bordi. Yangi gazni qayta ishlash majmuasi va issiqlik elektr stansiyasi qurilishi sifatli mahsulot ishlab chiqarish, odamlarni boy qilishga yo‘l ochishi qayd etildi. Odamlar ham bunga javoban belni mahkam bog‘lab, yaxshi yashash uchun o‘zlari harakat qilishi lozimligi ta'kidlandi.

dde1e744-c053-dde3-5c40-0641f43963ca.jpg

087b4604-bf23-7c42-cca0-c91aba3c973a.jpg

4d59e8b1-bcfb-f395-6f97-37f5c23b9408.jpg

d40fad46-2e23-1d9f-a4b6-39625f2ce662.jpg

Manba: O‘zA