Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi
15/05/2018 - 14:54 12162
Vazirlikda yosh xodimlarning malakasini, ma'naviyatini, dunyo qarashini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir ulug‘ ajdodimiz, mutafakkir inson - Ishoqxon Ibrat hayoti va ijodiga bag‘ishlandi. Tadbirni ustozimiz Abbos Nabixo‘jayev ochdi va asosiy ma'ruzani qilish uchun vazirlik mas'ul xodimi Dilshodbek Isroilovga so‘z berdi.
Ma'ruzachi Ishoqxon to‘ra Junaydulloxo‘ja o‘g‘li (taxallusi - Ibrat) 1862-yil Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida ziyoli oilada tug‘ilib, ota-onasi Junaydullaxo‘ja va Hurbibi aya o‘z davrining o‘qimishli kishilari ekani haqida dastlabki ma'lumotlarni berib, ishtirokchilar e'tiboriga “Ishoqxon Ibrat hayoti va ijodi”ga bag‘ishlangan taqdimotni taqdim etdi.
Taqdimotning to‘liq matni va unga kiritligan axborotlarni to‘liqligicha yuklab olishingiz mumkin. (.rar 2,80 MB)
Qiziqarli ma'lumot:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-noyabrda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvida, Prezidentimiz tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida Ishoqxon Ibrat uchun zamonaviy bog‘ yaratib, yodgorlik majmuasini qurib va bu yerda yoshlarimiz uchun til o‘rganish bo‘yicha “Ibrat maktabi”ni tashkil etish bo‘yicha takliflarini bergan edilar.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan yaqinda “Ishoqxon Ibrat Majmuasi” qurildi. Majmuada bog‘, muzeyi va xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati joylashgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-sentabrdagi “To‘raqo‘rg‘on tumanida Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida”gi 698-sonli qarori qabul qilingan.
Bugungi kunda “Ibrat maktabi”da uchta (Ingliz, nemis va rus tillari) til bo‘yicha o‘quvchilar o‘qitilmoqda. Keyingi yillarda fransuz, arab, xitoy va koreys tillari o‘rgatiladi. Har bitta guruhda 20 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
Vazirlik Axborot xizmati