Kichik sanoat zonalaridagi muammolar qachon bartaraf etiladi?
22/02/2018 - 14:58 10569
Hududning boy tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo, ilmiy-texnikaviy va mehnat salohiyatidan samarali foydalanish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida Toshkent viloyatida umumiy maydoni 140,1 gektar bo‘lgan 17 kichik sanoat zonaci tashkil etildi.
Prezidentimizning 2017-yil 10-avgustdagi “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu sanoat zonalarida rejaga ko‘ra, 2017-2018 yillarda to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari, meva-sabzavotni qayta ishlash, oyna, eshik va romlar, polietilen quvurlar, mebel va shu kabi boshqa eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 1 trillion 417 milliard 903 million so‘mlik 113 loyiha tenderda g‘olib bo‘ldi. Loyihalarni amalga oshirish natijasida kichik sanoat zonalari hududida 5 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Otabek Sultonov yoshligidan ota kasbi bo‘lgan eshik va rom yasash bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda u Olmaliq shahrida tayyorlayotgan MDF eshiklari mijozlarga ma’qul bo‘lmoqda.
– Tadbirkorlik faoliyatini 2014-yilda boshlagan edim, – deydi O.Sultonov. – Mahsulotlar sifatiga alohida e’tibor qarataman. Bu eshiklarning afzalligi shundaki, namda shishib, qiyshayib ketmaydi va uzoq muddat xizmat qiladi. Hududda tashkil etilgan kichik sanoat zonasida faoliyatimni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga mo‘ljallangan biznes loyihani tanlov komissiyasi ma’qullab, yer ajratdi. Nasib qilsa, joriy yil avgust oyigacha qurilishni tamomlab, ish boshlaymiz va 30 ish o‘rni yaratiladi. Xitoydan komputerlashtirilgan tizimda ishlaydigan “3G Rover” rusumli uskuna keltirishni rejalashtirganmiz. Eshikka tushiriladigan gullar ham komputer dasturi orqali amalga oshiriladi. Bu mahsulot sifatini yanada oshirish va uning turini ko‘paytirish imkonini beradi. Mahsulotlar asosan eksportga chiqariladi.
Bo‘sh turgan bino va inshootlar, yer maydonlarida barpo etilayotgan kichik sanoat zonalari yangi ish o‘rni yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi kichik sanoat zonalarining 87,2 gektar yer maydonida tadbirkorlar tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, yana 12,8 gektar hududda belgilangan loyiha tashabbuskorlarini joylashtirish ishlari davom etmoqda. Jumladan, Bo‘ka tumanidagi “Alter fuel from” mas’uliyati cheklangan jamiyatida briket tayyorlash va eksportga chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Yangiyo‘l tumanidagi “Alyukabel payrav” korxonasi joriy yilning mart-aprel oylarida foydalanishga topshiriladi. Bekobod shahri va Bo‘stonliq tumanidagi kichik sanoat zonalarida joylashgan “Falakdan najot 2017”, “Triger group”, “G’azalkent building” va “Mineral plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatilari ham o‘z faoliyatini aprel-may oylarida boshlaydi.
– Biroq, sohada hali muammolar ham yetarli, – deydi viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari O.Rustamov. – Prezidentimiz qaroriga asosan, viloyat hokimligi mas’ullari va xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan joriy yil boshida tashkil etilgan kichik sanoat zonalari joylashgan barcha hududlarning topografik xaritasi ishlab chiqildi. Tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoit va mavjud kamchiliklar o‘rganildi. Qarorga asosan, Bo‘ka, Bekobod, Parkent, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlari hamda Bekobod shahridagi kichik sanoat zonalari uchun 54,1 gektar yer maydoni belgilangan. Lekin hozirgi paytga qadar 27,6 gektar yer maydoni ajratilgan, xolos. Ushbu masalaga O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, tuman-shaharlar hokimliklari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda aniqlik kiritiladigan bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida kichik sanoat zonalarida faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish maksadida ichki va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini shakllantirish loyihalari to‘liq ishlab chiqilmagani aniqlandi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha hech qanday ish qilinmagan. Qibray va Ohangaron tumanlarida kichik sanoat zonalarini tashkil etishda ishlab chiqarish korxonalarining bir-biriga va aholi yashash joylariga nisbatan belgilangan sanitariya holatlariga javob bermasligi ham qayd etildi.
Ma’lumki, tadbirkor ishlab chiqarishni boshlagunga qadar qancha ko‘p vaqt va mablag‘ sarflasa, mahsulot eksport qilishi shunchalik uzoq cho‘ziladi. Shu kabi kator kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida viloyat hokimligida o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlik guruhi yig‘ilishida kichik sanoat zonalari uchun mo‘ljallangan yoki zaruratga qarab qo‘shimcha yer maydonlari ajratish, endi faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tuman va shaharlar hokimliklariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zA