O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va respublika avtomobil transportining 2017-yil ish yakunlari to‘g‘risida ma'lumotnoma
09/02/2018 - 18:06 44845
Davlat statistika qo‘mitasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2017-yil yakuni bilan respublikaning barcha avtomobil transporti vositalari bilan jami 1 mlrd. 41 mln. tonna yuk va 5 mlrd. 565 mln. yo‘lovchi tashilib, ushbu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan tegishli ravishda 103.7 va 102.3 foizni tashkil etdi.
Yuk aylanmasi 13 mlrd. 629 mln. tonna km.ni (2016-yilga nisbatan 102.5 foiz), yo‘lovchilar aylanmasi esa 117 mlrd. 157 mln. yo‘lovchi km.ni (2016-yilga nisbatan 102.6 foiz) tashkil qildi.
Oxirgi 17 yil davomida respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari soni qariyib 2343 taga oshib, xozirgi kunda 4375 taga yetdi. Ularning 996 tasi shahar, 3122 tasi shahar atrofi va 257 tasi shaharlararo yo‘nalishlarni tashkil etadi.
2017-yil yakuni bilan jami 109 ta ochiq tender o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 1072 ta yo‘lovchi tashish bo‘yicha yo‘nalishlar joylashtirilgan. Shundan 179 ta shahar ichidagi yo‘nalishlarini joylashtirish bo‘yicha 25 ta tender, 747 ta shahar atrofi va 82 ta shaharlararo-viloyatlar ichidagi yo‘nalishlarni joylashtirish bo‘yicha 82 ta tender, 64 ta shaharlararo-viloyatlararo yo‘nalishlarni joylashtirish bo‘yicha 7 ta tender o‘tkazildi.
Yil davomida 9 ta (Surxondaryoda - 3 ta, Navoiy va Xorazmda - 2 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida - 1 tadan) avtostansiya foydalanishga topshirildi hamda 9 ta (Andijon viloyatida - 4 ta, Jizzax va Samarqand viloyatlarida - 2 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 1 ta) avtovokzal va avtostansiyada rekonstruksiya ishlari yakunlandi.
2017-yilda respublika bo‘yicha 86 ta tashuvchi tomonidan 493 ta “Isuzu” rusumli avtobuslar xarid qilindi. Jumladan: Jizzaxda - 78 ta, Farg‘onada - 70 ta, Namanganda - 62 ta, Buxoroda - 58 ta, Samarqandda - 46 ta, Surxondaryoda - 43 ta, Xorazmda - 40 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida - 38 ta, Qashqadaryoda - 23 ta, Sirdaryoda - 15 ta, Andijonda - 10 ta, Toshkent viloyatida - 7 ta va Navoiyda - 3 ta. Shuningdek, Navoiy viloyatida 1 dona yumshoq o‘rinli “Youtong” rusumli avtobus sotib olindi va ular yo‘nalishlarda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, hisobot davrida tashuvchilar tomonidan tijorat asosida foydalanish maqsadida 760 ta yuk avtomobili, 26 ta mikroavtobus va 476 ta (shundan 257 tasi “Damas” rusumli) yengil avtomobillari sotib olindi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan yil davomida avtovokzal va avtostansiyalarni rekonstruksiya qilish, qurish va jixozlash uchun kiritilgan investitsiyalar miqdori 15.2 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
2017-yil davomida avtotransport sohasiga tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan kiritilgan jami investitsiya miqdori qariyib 300.0 mlrd. so‘mni tashkil qilib, 2016-yilga nisbatan 100.0 mlrd. so‘mga ortdi.
Respublikadagi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan yonilg‘i mahsulotlarini tejashga qaratilgan tashkiliy-texnikaviy tadbirlarni bajarish maqsadida, hisobot davrida 100 ta tashuvchi tomonidan jami 673 ta avtobus siqilgan (316 ta) va suyultirilgan (357 ta) gazda ishlashga qayta jihozlandi.
Avtoransport xizmatlari va servisni rivojlantirishning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish, aholiga, xususan qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan avtotransport xizmatlari va servis darajasi va sifatini oshirish doirasida yo‘nalishli transport tarmog‘i rivojlanmoqda.
Hisobot davrida rejadagi 48 ta o‘rniga 125 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tashkil etilib, ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish uchun jami 652 ta, shu jumladan 326 ta avtobus, 46 ta mikroavtobus va 270 ta “Damas” rusumli avtotransport vositalari biriktirildi.
2017-yil davomida Agentlik va uning hududiy bo‘limlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga 4119 ta litsenziya va 231518 ta litsenziya varaqalari berildi.
2018-yilning 1-yanvar holatiga litsenziyalangan avtomobillar soni 119048 tani tashkil etdi.
Agar, avtotransport sohasida litsenziyalashdan 2016 yil yakuni bilan 43 mlrd. 331 mln. so‘mlik davlat boji undirilgan bo‘lsa, 2017-yil mobaynida 63 mlrd. 813 mln. so‘mlik davlat boji undirildi, o‘sish qariyib 47.3 foizni tashkil etdi.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining 2017-yilgi reja-jadvaliga Agentlik tomonidan xo‘jalik sub'yektlarida o‘tkaziladigan rejali tekshirishlar kiritilmagan.
2017-yilning avgust-dekabr oylari mobaynida Agentlik tarkibida yangi tashkil etilgan boshqarma va Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati xodimlari hamkorligida yo‘llarda 4270 ta reydlar o‘tkazildi va buning natijasida avtotransport egalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining bir qator moddalari bilan nazarda tutilgan 13904 ta huquqbuzilish holatlari aniqlandi. Reydlar natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan 11250 ta bayonnomalar choralar ko‘rish uchun tegishli Sud organlariga yuborildi. Shuningdek, noqonuniy faoliyat ko‘rsatgan shaxslarning 8379 ta avtomobili jarima maydonlariga qo‘yildi.
Sud organlariga topshirilgan 9942 ta bayonnomalarga asosan, avtotransport egalariga nisbatan jami 6 mlrd. 250 mln. so‘m miqdorida moliyaviy jarimalar qo‘llanildi hamda Agentlik maxsus hisob-raqamiga 1 mlrd. 88 mln. so‘m mablag‘ tushdi.
Hisobot davrida Markaziy apparat va hududiy boshqarmalar tomonidan litsenziya talab va shartlarini buzganligi uchun 322 ta korxonalarga tegishli 329 ta litsenziyaning amal qilish muddati 10 ish kuniga to‘xtatilgan.
Shu bilan birga, sud qarorlariga asosan 95 ta tashkilotning 116 ta litsenziyasi 10 ish kundan ortiq muddatga to‘xtatilgan va 13 ta korxonaning 19 ta litsenziyasi tugatilgan.
Me'yoriy-huquqiy bazani shakllantirish va institutsional o‘zgarishlar bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan 2017-yil davomida 11 ta normativ - huquqiy hujjat ishlab chiqilib, amalga joriy etildi.
Shuningdek, 10 ta normativ - huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, shundan 4 tasi o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilib, 6 tasi tegishli vazirlik va idoralarga kelishish uchun taqdim etilgan.
17 ta davlat sandarti ishlab chiqilib, “O‘zstandart” agentligida ro‘yxatdan o‘tkazildi va amaliyotga joriy qilindi.
Bundan tashqari, vazirlik va davlat idoralari tomonidan ishlab chiqilgan 36 ta me'yoriy-huquqiy hujjatlar ekspertiza qilinib, tegishli xulosalar berildi.
Yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish yuzasidan doimiy ravishda markazlashtirilgan monitoring, ya'ni GRS “onlayn” rejimida masofadan kuzatish tizimi Andijon, Guliston va Farg‘ona shaharlaridagi 302 ta avtobus va 8 ta mikroavtobusda joriy etish ishlari yakunlandi.
2017-yil 1-maydan Andijon shahar yo‘nalishlaridagi 150 ta avtobuslarda yo‘l haqi to‘lovini elektron tarzda amalga oshirish tizimi rasman ishga tushirildi. Ushbu ishlar bugungi kunda Guliston shahrida ham davom ettirilib, 10 ta avtobusga sinov tariqasida validatorlar o‘rnatildi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda “INDEX GROUP” MCHJ loyiha ishlab chiqish tashkiloti bilan birgalikda, yengil konstruksiyalardan hamda narxlari va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha qulay bo‘lgan, asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan materiallardan (metall konstruksiyalar, sendvich-panellar va shu kabilardan) foydalangan holda avtostansiyalar va yo‘nalishlardagi to‘xtash punktlarining “namunaviy loyiha”lari ishlab chiqildi. Ishlab chiqilgan “namunaviy loyiha”lar smeta hujjatlarining nushalari amalda qo‘llash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat xokimliklariga yuborildi.
Haydovchilar tomonidan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish maqsadida, yo‘lovchilar tashish transporti yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatish namunaviy kontraktlari ishlab chiqilib, amalda qo‘llash uchun joriy qilindi.
Kontrakda yo‘lovchilar huquq va manfaatlarini ximoya qilish, haydovchilar mas'uliyatini yanada oshirish, tender shartlarini ta'minlamaganligining har bir holati uchun tashuvchiga nisbatan ogohlantirish va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish, haydovchilarni ishdan ozod etishdan boshlab, tender shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishgacha bo‘lgan choralar nazarda tutilgan.
Avtotransport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub'yektlarga qulaylik va yengilliklar yaratish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi 238-sonli qarorining 4-ilovasi 5-bandi bilan avtomobil transporida litsenziyalash tartibi soddalashtirildi. Jumladan, tadbirkorlik sub'yektlariga shaharlararo yuk va yo‘lovchi tashish uchun litsenziya berishga qaror qabul qilish va litsenziya(litsenziya varaqalari)ni berish joylardagi Agentlikning hududiy boshqarmalari vakolatiga berildi, hamda avtotransport faoliyat turining litsenziyalanadigan 3 ta qismlari qisqartirildi va litsenziya(litsenziya varaqasi)ni qayta rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentyabrdagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 739-sonli qaroriga asosan, avtotransport faoliyat turining litsenziyalanadigan qismlari yana 2 taga qisqartirildi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori Markaziy bankning amaldagi dollar kursidan eng kam oylik ish haqining tegishli barobar qiymatiga o‘tkazildi.
Tadbirkorlarga xalqaro yuk tashish huquqini beruvchi litsenziya (litsenziya varaqasi) bilan shaharlararo yo‘nalishlarda yuk tashish huquqi berildi.
Hisobot davrida Agentlik tizimidagi “O‘zavtodaryotrans-ILM” Davlat ilmiy-metodik markazida jami 3052 nafar, shu jumladan avtotransport korxonalarining 1159 nafar rahbari, 109 nafar yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mas'ul xodimlari va 248 nafar haydovchi harakat xavfsizligi (30 soatlik) dasturi bo‘yicha, 1376 nafar xalqaro tashishlarni amalga oshiradigan va 160 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z malakalarini oshirdilar.
Xalqaro faoliyat bo‘yicha
Hisobot davrida tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida muayyan ishlar amalga oshirildi, jumladan:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risida 2006-yil 20-martda imzolangan Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnoma loyihasi ishlab chiqildi, manfaatdor vazirlik, idoralar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olindi.
Shuningdek, Bayonnoma loyihasining matni 2017-yilning 22-23-fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikkitomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Qo‘shma komissiyaning o‘n oltinchi yig‘ilishida qozog‘iston tomoni bilan ekspertlar darajasida kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-martdagi 05/30-64 sonli topshirig‘iga asosan, mazkur hujjat loyihasi davlat tiliga o‘girildi va oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv doirasida imzolashga tayyorlandi.
2017-yilning 22-23-martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan Davlat tashrifi mobaynida mazkur Bayonnoma imzolandi.
Mazkur Bayonnomani kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqildi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi (Agentlikning 2017-yil 1-maydagi 1/181 sonli xati).
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risida 2006-yil 20-martda imzolangan Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 5-iyundagi PQ-3034 sonli qarori bilan tasdiqlandi.
2. Fransiya tomonidan qayta ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida avtomobilda yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashuvlari to‘g‘risidagi Bitim loyihasi tegishli vazirlik, idoralar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-martdagi 1-117-sonli topshirig‘iga asosan, mazkur hujjat loyihasi ingliz tiliga o‘girildi va diplomatik kanallar orqali Fransiya tomoniga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
Ushbu Bitim loyihasining matni 2017-yilning 13-sentabr kuni Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tgan ikkitomonlama ekspertlar uchrashuvida fransuz tomoni bilan kelishib olindi.
3. 2017-yilning 24-25-yanvar kunlari Ashxobod shahrida (Turkmaniston) bo‘lib o‘tgan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbek-Turkman Qo‘shma komissiyasining o‘n uchinchi yig‘ilishi ishida ishtirok etildi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risida 2003-yil 10-iyulda imzolangan Bitimning 11-moddasiga asosan, 2017-yilning 14-15-fevral kunlari Varshava shahrida (Polsha) xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-polsha Qo‘shma Komissiyaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
5. 2017-yilning 22-23-fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikkitomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Qo‘shma komissiyaning o‘n oltinchi yig‘ilishi ishida ishtirok etildi.
6. Eron Islom Respublikasi, Ummon Sultonligi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi 2011-yil 25-aprelda Ashxobod shahrida imzolangan Bitimga asosan, 2017-yilning 1-2-mart kunlari Toshkent shahrida Ishchi qo‘mitaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi Bitim loyihasi 2017-yilning 6-7-aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan transport sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kichik Qo‘mitasining 5-yig‘ilishi doirasida xitoy tomoni bilan ekspertlar darajasida batamom kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-apreldagi 05/1-651-sonli topshirig‘iga asosan, mazkur hujjat loyihasi davlat tiliga o‘girildi va oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv doirasida imzolashga tayyorlandi.
2017-yilning 11-13-mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan Davlat tashrifi mobaynida mazkur Bitim imzolandi.
Mazkur Bitimni kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqildi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi (Agentlikning 2017-yil 27-iyundagi 1/298-sonli xati).
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 20-iyuldagi PQ-3143-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-maydagi 557-f sonli farmoyishiga asosan, 2017-yilning 23-24-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo-davlatlar hukumatlari o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etildi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 1994-yil 22-dekabrda imzolangan Bitimning 19-moddasiga asosan, 2017 yilning 14-15 iyun kunlari Toshkent shahrida xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-belarus Qo‘shma Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 1994-yil 22-dekabrda imzolangan Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Protokol loyihasining matni belarus tomoni bilan batamom kelishib (parafirovaniye) olindi.
10. 2017-yilning 15-16-avgust kunlari Bishkek shahrida (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida ikkitomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Qo‘shma komissiyasining sakkizinchi yig‘ilishi ishida ishtirok etildi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 2006-yil 20-martda imzolangan Bitimning 14-moddasiga asosan, 2017-yilning 24-25-avgust kunlari Ostona shahrida (Qozog‘iston) xalqaro avtomobil tashuvlari masalalariga oid o‘zbek-qozoq Qo‘shma Komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 1996-yil 23-maydagi Bitimning 17-moddasiga asosan, 2017-yilning 28-29-avgust kunlari Riga shahrida (Latviya) xalqaro avtomobil tashuvlari masalalariga oid o‘zbek-latviya Qo‘shma Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
13. 2017-yilning 30-avgust kuni Riga (Latviya) shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Qo‘shma komissiyasining yettinchi yig‘ilishi ishida ishtirok etildi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 2000-yil 19-maydagi Bitimning 16-moddasiga asosan, 2017-yilning 7-8-sentabr kunlari Toshkent shahrida avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-rossiya Qo‘shma Komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi 1995-yil 4-sentabrda imzolangan Bitimning 21-moddasiga asosan, 2017-yilning 26-27-sentabr kunlari Tbilisi shahrida (Gruziya) xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha o‘zbek-gruziya Qo‘shma Komissiyaning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
16. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi “II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkillashtirish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 384-son qaroriga asosan, 2017-yilning 6-8-sentyabr kunlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma kompaniyasi AJning ko‘rgazma maydonlarida o‘tkazilgan II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ishida zamonaviy reklama bannerlari va stendlar bilan ishtirok etildi.
17. 2017-yilning 28-29-sentyabr kunlari Pekin shahrida “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” yo‘nalishi bo‘ylab xalqaro avtokarvonning tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchtomonlama ekspertlar yig‘ilishi o‘tkazildi.
18. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-oktyabrdagi 1211-f-sonli farmoyishiga asosan va “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” avtomobil yo‘lagini shakllantirish doirasida, 2017-yilning 30-oktabridan 3-noyabrigacha bo‘lgan davr mobaynida xitoy va qirg‘iz tomoni bilan “Toshkent - Andijon - O‘sh - Irkeshtom - Qashg‘ar” yo‘nalishi bo‘yicha namunaviy xalqaro avtokarvon o‘tkazildi.
2017-yil 30-oktyabr kuni Toshkent shahrida xalqaro avtokarvonning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etishdi.
Avtokarvonda uch davlatdan (har tomondan 3 tadan) umumiy hisobda 9 ta avtotransport vositalari ishtirok etdi. Avtokarvonning harakat yo‘nalishi bo‘yicha umumiy masofa 915 km.ni tashkil etib, shundan O‘zbekiston hududi bo‘ylab - 393 km., Qirg‘iziston (O‘sh - Irkeshtom) - 280 km. va Xitoy Xalq Respublikasi bo‘ylab (Irkeshtom - Qashg‘ar) - 242 km. Avtokarvonning o‘rtacha harakat tezligi soatiga 50-60 km.ni tashkil etgan holda, butun yo‘nalish bo‘yicha yo‘ldagi tranzit vaqti ikki kundan oshmadi.
19. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risida 1996-yil 4-sentabrda imzolangan Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnoma loyihasi ishlab chiqildi va imzolashga tayyorlandi.
Mazkur Bayonnoma 2017-yilning 5-6-oktabrida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti A.Sh.Atambayevning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan Davlat tashrifi mobaynida imzolandi.
Mazkur Bayonnomani kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqildi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi (Agentlikning 2017-yil 15-noyabrdagi 3/4183-796-sonli xati).
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risida 1996-yil 4-sentyabrda imzolangan Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 11-dekabrdagi PQ-3428-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
19. Turkiya tomoni bilan ekspertlar darajasida kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida yo‘lovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro tashish to‘g‘risidagi Bitim loyihasi imzolashga tayyorlandi.
Mazkur Bitim 2017-yilning 25-26-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan Davlat tashrifi mobaynida imzolandi.
20. Ispaniya tomoni bilan ekspertlar darajasida kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ispaniya Qirolligi Hukumati o‘rtasida avtomobilda xalqaro tashish to‘g‘risidagi Bitim loyihasi imzolashga tayyorlandi.
Mazkur Bitim 2017-yilning 12-15-noyabrida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi Hukumat delegatsiyasining Ispaniyaga amalga oshirgan tashrifi mobaynida imzolandi.
Ushbu Bitimni kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqildi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib olindi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
21. Tojikiston tomonidan qayta ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi Bitim loyihasi tegishli vazirlik, idoralar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-dekabrdagi 05/1-110-sonli topshirig‘iga asosan, mazkur hujjat loyihasi diplomatik kanallar orqali Tojikiston tomoniga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
22. Milliy tashuvchilarimizning eksport-import yuklarini tashilishidagi ulushini oshirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda mazkur sohani yanada rivojlantirish va respublika byudjetiga tushadigan valyuta tushumlarini ko‘paytirish maqsadida, 2017-yilning 26-aprel kuni O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari va respublikaning yirik milliy xalqaro tashuvchilari ishtirokida “Davra suhbati” o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasida avtomobilda xalqaro tashuvlarni yanada rivojlantirish, ushbu sohadagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
23. 2017-yilda avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun xalqaro bitimlar doirasida 24 ta xorijiy davlatlarning transport bo‘yicha vakolatli organlari bilan 31810 dona ruxsatnoma blankalari teng xuquqlilik asosida almashtirildi. 2017-yilda soha tadbirkorlariga 13116 dona ruxsatnoma blankalari tarqatildi.
Daryo transporti bo‘yicha
Agentlikning Kemachilik registri bo‘limi tomonidan respublika suv yo‘llari va suv havzalarida foydalanishda bo‘lgan 216 ta daryo transporti kema reyestriga kiritilgan.
Daryo transportlarini hisobga olish, klassifikatsiya qilish, texnik holatini nazorat qilish va belgilangan muddatlarda tegishli texnik ko‘riklardan o‘tkazish maqsadida 26 ta korxona bilan o‘zaro shartnomalar tuzildi.
Hisobot davrida 58 ta daryo transporti vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. 8 ta daryo transporti vositasi ruyxatga olindi. Texnik ko‘rik davrida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kema egalariga ko‘rsatmalar berildi.
Qipchoq ponton ko‘prigi tarkibidagi 1 dona suzuvchan ponton, 1 dona platforma va Termiz daryo portining 2 ta daryo transporti vositasining kapital ta'mirlash davrida texnik nazorat o‘rnatildi. Ta'mirlash yakuni bo‘yicha tegishli sinovlar o‘tkazildi va ulardan foydalanishga ruxsat berildi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi uchun olishga mo‘ljallangan kemalarni loyihalashtirish va qurish davrida Registr tomonidan texnik nazoratni olib borish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Tyumen shahridagi “Sudoservis” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzildi va 2 ta o‘zi yurar kemaning texnik loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkazildi va ekspert xulosasi berildi. “Tyumensudokomplekt” yopiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan kemalarning qobiq qismini qurish ishlari boshlab yuborildi.
Termiz daryo porti mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 400 tonna yuk tashishga mo‘ljallangan barjaning texnik hujjatlari kelishib olindi va qurish ishlari boshlanib barjaning mustahkamlovchi ichki konstruktiv qismlarini va tag qism, bort va sahna qobiqlarini stapelda yig‘ish ishlari yakunlanmoqda.
Amudaryo daryosida kemalarning xavfsiz suzishini ta'minlash maqsadida kema qatnaydigan suv yo‘llarining holati, gabarit o‘lchamlarining ta'minlanganligi va navigatsiya belgilari bilan jihozlanganligi belgilangan vaqtlarda nazorat qilib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Transport kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish boshqarmasi