Narxlar darajasini jilovlash bo‘yicha mavjud muammolar

31/01/2018 - 16:25 17003

2017-yilning yanvar-dekabr oylarida respublikamizda inflyatsiya darajasi 14,4%ni tashkil qildi. Inflyatsiya darajasining omilli tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 2017-yilda inflyatsiyani shakllantiruvchi asosiy omillar oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi (umumiy inflyatsiya darajasisning 48,0%), nooziq-ovqat tovarlari narxining ortishi (39,6%) hamda xizmatlar tariflarining ortishi (12,4%) bo‘lganligini ko‘rsatkmoqda. 

Tahlillar narxlar darajasining yuqori o‘sishiga ta'sir ko‘rsatuvchi bir qator muammo va kamchiliklarning mavjudligini ko‘rsatmoqda, jumladan:

Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha:

mavsumiy xususiyatga ega tovar va xizmatlar (meva-sabzavotlar, guruch, tuxum va b.) narxining ortishi. Bunga asosiy sabab sifatida narxlarning mavsumiy tebranishlarini bartaraf qilish uchun mavjud infratuzilmaning, ya'ni qish-bahor mavsumida zaruriy miqdordagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan obmorxonalar, muzlatkichlarning yetarli darajada mavjud emasligi, viloyatlar va tumanlarda faoliyat ko‘rsatuvchi issiqxonalarning talab doirasida elekt-energiya, issiqlik va boshqa zaruriy manbalar bilan ta'minlanmaganligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zarakunandalardan himoya qilish tizimining yetrali darajada tashkil qilinmaganligini keltirish mumkin.
 
Ma'lumot uchun: meva va sabzavotlar tarkibida 2017-yilda olma va nok narxi - 71,4%, uzum - 79,6%, piyoz - 44,2%, sabzi - 23,6%, bodring - 187,3%, pomidor - 63,2% va kartoshka - 64,2%ga oshgan hamda ularning  umumiy inflyatsiya darajasiga ta'siri 22,7%ni tashkil qilgan.

go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxi oshishining asosiy sabalari sifatida viloyatlar va tumanlarda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash komplekslarining yetarli darajada rivojlanmaganligi, fermer va dexqon xo‘jaliklarining mahsuldor chorva mollari bilan ta'minlanmaganligi hamda mahsuldor chorva mollarini yetishtirish sohasidagi ilmiy izlanishlarning yetishmasligini keltirish mumkin. 

Shu bilan birga, chorvachilik xo‘jaliklarini zaruriy miqdorda va sifatli yem va ozuqa mahsulotlari bilan ta'minlash tizimidagi muammolar (ozuqa-yem mahsulotlarini yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi, yerlarning sho‘rlanishi, ozuqa- yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi, realizatsiya qilishdagi “vositachilar”ning ko‘pligi) ham go‘sht mahsulotlari narxi oshishining asosiy omillari hisoblanadi.
  
Ma'lumot uchun: 2017-yilda mol go‘shti 35,9%ga, qo‘y go‘shti - 31,4%, parranda go‘shti - 33,1% ga oshgan.

shakar va qandolat mahsulotlari  narxlari o‘sishining asosiy sababi - ichki ishlab chiqarish quvvatlarining aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish imkoniyatiga ega emasligi, shakar mahsulotiga bo‘lgan mavsumiy tebranishlarni bartaraf etish maqsadida yetarli miqdorda shakar xom-ashyosi importining amalga oshirilmaganligidir.

Ma'lumot uchun: 2017-yilda shakar narxi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisabatan 28.8%ga oshgan. 

Shuningdek, iste'mol tovarlari narxining oshishiga qo‘shimcha sabablar sifatida respublikamizning turli hududlari va ularning markazlarida yirik savdo markazlarining (supermarket, gipermarketlar) mavjud emasligi hamda tovarlar davlat haridi tizimining yetralicha rivojlanmaganligini keltirishi mumkin. 

Yirik savdo markazlarining mavjudligi narxlarning barqaror saqlab turishda, iqtisodiyotda naqd pul muomalasini tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 
Samarali davlat haridi tizimining joriy qilinishi iste'mol tovarlari bo‘yicha mavsumiy tebranishlarning oldini olish va shu orqali inflyatsiyani jilovlash imkonini beradi. 

Nooziq-ovqat tovarlari bo‘yicha:

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishining asosiy omili - bu valyuta bozorini liberallashtirish munosabati bilan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ushbu mahsulotlar bo‘yicha milliy valyutada to‘lanadigan QQS va bojxona to‘lovlari miqdorining ortishi hisoblanadi.

Ushbu holat respublikamizda nooziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarish miqdor va sifat jihatdan aholining ushbu tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirmasligi hamda ishlab chiqarishda eskirgan texnika va texnologiyalardan foydalanish tufayli mahsulot tannarxining yuqoriligi saqlanib qolayotganligi bilan bog‘liqligini qayd etish lozim. 

Ayrim turdagi tovar va xizmatlar narxining (benzin, elektroenergiya, tabiiy gaz va b.) markazlashtirilgan tarzda oshirilishi ham o‘tgan 2017-yilda infyalsiya darajasining shakllanishida sezilarli ta'sir ko‘rsatgan.

Xizmatlar bo‘yicha:

Milliy valyutaning erkin konvertatsiyasiga bo‘lgan davrda almashuv kursiga bog‘liq ravishda ayrim xizmat turlari (mobil aloqa va internet, temir yo‘l va xavo transporti tariflari) bo‘yicha tariflarning oshirilishi xizmatlar bo‘yicha inflyatsiya darajasida asosiy omil bo‘ldi. 

Shu bilan birga, qiymati eng kam oylik ish haqiga bog‘liq xizmat turlari tariflarining ortishi ham inflyatsiya darajasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan.  

Ma'lumot uchun: 2017-yilda almashuv kursi va minimal ish haqiga bog‘liq xizmatlar hamda markazlashtirilgan tarzda belgilanadigan xizmatlar tariflarining o‘sishi kuzatildi, jumladan: havo transporti xizmatlari - 48,2%, temir yo‘l transporti - 17,7%, uyali aloqa va internet xizmatlari - 31,4%, maktabgacha ta'lim muassasalari tariflari - 8,3%, huquqiy va bank xizmatlari - 15,0%ga oshgan bo‘lib,  ularning umumiy inflyatsiya darajasiga ta'siri 7,6%ni tashkil qilgan.

2017-yilda inflyatsiya darajasini jilovlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar

2017-yilda narxlar darajasining barqarorligini ta'minlash, aholi turmush farovonligi tushib ketishining oldini olish maqsadida, hukumat tomonidan bir qator choralar amalga oshirildi, jumladan:

  • Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish Jamg‘armasi tashkil qilindi. Ushbu Jamg‘armaning mablag‘lari go‘sht, o‘simlik va hayvon yog‘i, un, kartoshka va boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini ichki bozordagi talab va takliflarning mavsumiy va keskin tebranishlarini silliqlashtirishga yo‘naltirilmoqda; 
  • Xizmatlar bo‘yicha tariflarni faqat milliy valyutaga belgilash tartibi joriy qilildi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.09.2017-yildagi PQ-3303-sonli "O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq, 6 200 ta tovar turlari bo‘yicha “0” stavkali bojxona to‘lovlari o‘rnatildi hamda 8 000 dan ortiq tovar turlari bo‘yicha bojxona to‘lovlari va aksiz solig‘i stavkalari 2 marta pasaytirildi.

2018-yilda infyalsiya darajasi bo‘yicha kutilayotgan xavflar

1.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil  1-iyundagi PQ- "2017-yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirish, ekish uchun talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini o‘z muddatida yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq, boshoqli ekinlardan bo‘shaydigan jami 37,3 ming ga maydonga takroriy ekinlarni ekish ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, haqiqatda ushbu ko‘rsatkich 25,5 ming gektarni yoki 68,4% foizni tashkil qilgan. Ushbu holat 2018 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yetishmovchiligiga va o‘z navbatida narxlar darajasining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

2.    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1025-sonli qaroriga muvofiq, iste'molchilarning ayrim toifalari (qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, umumiy ovqatlanish korxonalari) uchun tabiiy gaz va elektr energiyasining tariflari oshirildi. Ushbu holat qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi hamda umumiy ovqatlanish korxonalari harajatlarining ortishi hisobiga, ushbu tovar va xizmamatlar narxining o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

3.    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 913-sonli “YOqilg‘i-energetika resurslari bilan o‘z vaqtida ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2018-yilning 1-aprelidan boshlab, tabiiy gaz tariflarining 10%ga, elektr-energiya narxlarining 12%ga oshirilishi, inflyatsiya darajasining oshishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.   

4.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2017-yildagi PQ-3454-sonli "O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lov miqdorining 2750 so‘mdan 4000 so‘mgacha oshirilishi mobil aloqa xizmatlari tariflarining oshirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

5.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14.11.2017-yildagi PQ-3386-sonli "YOqilg‘i-energetika resurslari hamda boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta'minlash borasida raqobat muhitini takomillashtirish, suiiste'molchiliklar va talon-tarojliklar sharoitini tugatish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab monopolist korxonalar tomonidan neft mahsulotlari, sement, qora metallar prokati, mis, paxta tolasi va boshqa yuqori likvidli mahsulot turlari, xom ashyo va materiallarining ichki bozorda faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotish tartibini bosqichma-bosqich tatbiq etish, mazkur tovarlar narxining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

2018-yilning 1-choragida inflyatsiya darajasini jilovlash bo‘yicha takliflar

1.    Aholi orasida inflyatsion kutilmalar xavfini kamaytirish maqsadida Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish Jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Moliya vazirligining rasmiy saytlarida joylashtirib borish.

2.     O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1025-sonli qaroriga muvofiq, iste'molchilarning ayrim toifalari uchun tabiiy gaz va elektr energiyasining tariflari oshirilishi munosabati bilan, “O‘zqurilishmateriallari” AJga  qurilish materiallari narxining oshib ketishining oldini olish maqsadida ushbu korxonalarda energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3.    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga qish-bahor mavsumida aholini asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘laqonli ta'minlash maqsadida, viloyatlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan obmorxonalar, muzlatkichlar bilan yetarli darajada ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish vazifasini yuklash.

4.    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga “O‘zbekneftegaz” AJ hamda “O‘zbekenergo” AJ bilan birgalikda  hududlarda issiqxonalarni tashkil qilish, ularni zaruriy miqdorda isssiqlik va yoqilg‘i - energetika resurslari bilan ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasini yuklash. Tijorat banklariga esa hududlarda issiqxonalarni tashkil qilish uchun imtiyozli shartlarda kreditlar ajratish tavsiya qilinadi.

5.    Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyihalarni boshqarish agentligi bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2017-yildagi PQ-3454-sonli "O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida"gi qarorining 30-bandida belgilangan topshiriqning ijrosini ta'minlash maqsadida, mavjud soliq imtiyozlarini bekor qilish va soliq to‘lovchilar sonini kengaytirish orqali qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash jarayonini tezlashtirish.

6.    O‘tgan yillar tajribasini hisobga olgan holda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zagrokimyohimoya”AJ bilan birgalikda 2018-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zarakunandalardan himoya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.

7.    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tuman va shahar markazlarida yirik savdo markazlarini qurish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasini topshirish.

8.    Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda aholini go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida hududlarda yirik agrokomplekslarni va qayta ishlash korxonalarni tashkil qilish masalasini hududiy investitsiya dasturlariga kiritish.  

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Axborot xizmati