Iqtisodiyot vazirligida farmatsevtika korxonalari uchun Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi

11/06/2015 - 19:22 14240

Iqtisodiyot vazirligi tomonidan joriy yilning 11 iyun kuni Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zfarmsanoat” kompaniyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Farmqo‘mitasi ishtirokida farmatsevtika korxonalari uchun mahalliylashtirish loyihalari pasportini ishlab chiqish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy seminar o‘tkazildi.

Mazkur seminarda respublikamizning 60 dan ortiq farmatsevtika korxonalari vakillari qatnashdilar. Samimiy va xayrixohlik ruhida o‘tgan seminarda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil tushuntirishlar berib o‘tildi.

Amaliy seminar mobaynida Iqtisodiyot vazirligining soha bo‘yicha mutaxassislari tomonidan seminar ishtirokchilariga Mahalliylashtirish dasturi doirasida taqdim etiladigan imtiyozlar va qulayliklar, loyihalarni dasturga kiritishning mezon va talablari, hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartiblari hamda “Mahalliylashtirish loyihalari pasportlarini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish avtomatlashtirilgan tizimi” imkoniyatlari to‘g‘risida atroflicha tushuncha va amaliy ko‘nikmalar berdilar.