Respublikamizdagi demografik jarayonlar va aholi bandligini ta'minlash holati
22/05/2015 - 20:00 9191
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisining soni 1,5 barobarga yoki 10,4 mln. kishiga ko‘payib, 2015 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, 1990 yildagi 20,6 mln. kishidan 31,1 mln. kishiga yetdi.
Respublikamiz aholisini hududlar kesimida tahlil qilinganida, ularning asosiy qismi Samarqand viloyati - 3,5 mln. kishi, Farg‘ona viloyati - 3,5 mln., Qashqadaryo viloyati - 2,9 mln. va Andijon viloyati - 2,8 mln. kishi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizda mehnatga layoqatli yoshdagi aholining jami aholi sonidagi ulushi 1990 yildagi 49,2 foizdan 61,4 foizga o‘sdi, mehnatga layoqatli yoshdagi aholidan kichik yoshdagilar ulushi esa 42,9 foizdan 29,9 foizga kamaydi.
Bu esa o‘z-o‘zidan respublikamiz hududlarida yangi qo‘shimcha ish o‘rinlariga bo‘lgan talabning ko‘payotganini, bugungi kunda aholini ish bilan ta'minlash masalasi yanada dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turganligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 16 iyuldagi PF-4453-sonli farmoniga muvofiq, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining taqdim etgan ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida respublikamiz hududlarida jami 141,1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari barpo etilgan bo‘lib, ularning 62,6 foizi qishloq joylarida tashkil etilgan yangi ish o‘rinlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, yuqorida yaratilgan jami ish o‘rinlarining asosiy qismi yurtimizda aholisi soni jihatidan yetakchi o‘rinlarni egallagan Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, 2015 yilda 2014/2015 o‘quv yilini tamomlab, mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelayotgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 10 martdagi 52-sonli qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 1 403 ta kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan 482,6 mingdan ziyod bitiruvchilar 232 mingdan ortiq korxonalar va tashkilotlarga biriktirildi.