O‘zbekiston Mingyillik taraqqiyot maqsadlariga erishishga doir Ikkinchi Milliy ma'ruzani taqdim etdi

30/04/2015 - 17:59 7909

2015 yil 30 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekistonda Mingyillik taraqqiyot maqsadlariga (MTM) erishishga doir Ikkinchi milliy ma'ruzaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirliklar va idoralar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar doiralari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Hukumati va O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) agentliklarining birgalikdagi tashabbusi bo‘lgan ma'ruza 2000-2013 yillar davomida Mingyillik taraqqiyot maqsadlariga erishish bo‘yicha mamlakat taraqqiyoti tahlilini va unga berilgan bahoni o‘zida ifoda etadi. Ma'ruzada MTMga erishishga ko‘maklashuvchi muhim omillar belgilangan hamda bo‘lg‘usi yillarda O‘zbekiston oldida turgan vazifalar ta'riflab berilgan.

Ma'ruza mamlakatda Mingyillik taraqqiyotning quyidagi maqsadlariga erishishda yuz bergan yuksalishga berilgan bahoni o‘zida ifoda etadi.

1-raqamli maqsad. Kam ta'minlanganlikni va to‘laqonli ovqatlanmaslikni kamaytirish

2-raqamli maqsad. Boshlang‘ich va o‘rta maktablarda ta'lim sifatini oshirish

3-raqamli maqsad. Erkaklar va ayollar tengligini rag‘batlantirish hamda ayollarning huquq va erkinliklarini kengaytirish

4-raqamli maqsad. Bolalar o‘limini kamaytirish

5-raqamli maqsad. Onalar salomatligini yaxshilash

6-raqamli maqsad. OIV/OITSga, silga va bezgakka qarshi kurashish

7-raqamli maqsad. Ekologik barqarorlikni ta'minlash

8-raqamli maqsad. Taraqqiyot maqsadlarida O‘zbekiston va global hamkorlik

Islohotlar jarayonlarining jadallashtirilishi muvozanatning yangi nuqtalarini doimiy ravishda izlashni hamda insonning barqaror kamol topishini ta'minlash strategiyalarini tegishli ravishda moslashtirishni talab qiladi. Shuni inobatga olgan holda ma'ruza mualliflari erishilgan maqsadlarni tahlil qilish bilan bir qatorda mamlakatni 2015 yildan keyin ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini belgilab olishga urindilar. Shunday qilib, ma'ruza 2015 yildan keyin O‘zbekiston uchun rivojlanishning global dasturini va barqaror rivojlanish maqsadlarini ishlab chiqish hamda moslashtirish masalalari yuzasidan maslahatlashish uchun poydevorga aylanishi mumkin.

Ikkinchi milliy ma'ruzani tayyorlash chog‘ida barcha jalb etilgan tomonlar o‘rtasida samarali muloqot bo‘lib o‘tdi: 15 ta vazirliklar va idoralarning milliy ekspertlari hamda BMTning sakkizta agentligining vakillari ishtirokida 8 ta ish bo’yicha guruh tuzildi, hujjatning mantig‘i va muhim g‘oyalarini muhokama etish uchun 4 ta uchrashuv va davra suhbati tashkil etildi, xalqaro maslahatchilar taklif etildi.